Nabiramni nega Xorij tilli maktabga bermadim?

Bir zamon o'tdi-da…

Negadir nabiralarimni bosh­qa tilli maktabga bergim kelmadi. Balki ularga o'zim “O'zbek xalq ertaklari” kitobini har kech yotar oldi o'qib berganimmi yoki xalqimizning qadimdan yashab kelayotgan urf-odatlari, qadriyatlari ruhida tarbiya qilganim bo'ldimi, xullas, ota-onasining oyoq tirab olganiga qaramay, o'zimizning ona tilida o'qitiladigan maktabga olib bordim.

“Obbo, namuncha ona tilidagi, deb urg'u beryapsiz”, deb aytadiganlar ham topiladi. Ular bolasini kelajakda chet elda o'qishini, ishlashini xohlaydiganlar. Chunki bizda oliy ma'lumotli diplomga ega kadrlarning hammasi ham ishli emas, ko'pi tijoratchi, biznesmen, bozorchi bo'lib ketishayapti. Buni men ham tushunaman, ammo nabiram, birinchi navbatda, o'z ona tilini puxta o'rgansin, so'ng, mayli, istagan xorijiy tilini o'rgansa, qo'llab-quvvatlayman.

Axir, biror yumush bilan xorijga borganda o'zbek madaniyatini, ma'naviyatini ko'rsata bilmasa, nabiralarim millatimiz, vatanimiz g'ururlanadigan inson bo'la olishadimi? Meni ko'proq mana shu masala o'ylantiradi.

Buning ustiga, ularga o'lkamiz tabiati, xushmanzara maskanlari, gulu giyohlari, o'tu daraxt­lari haqida o'zim to'lqinlanib hikoya qilganman. Ularning so'z boyligi yoshiga nisbatan ancha baland. Allaqachon mantiqiy fikrlashga, har bir narsaga munosabat bildirishga o'rganishgan. So'zlarning rangini, kuchini his qilishadi. Meni yana bir jihat o'ylantiradi, sovetlar, ya'ni ilmiy ateizm avj olgan davrda ana shunday ko'r-ko'rona ergashish natijasida ba'zi ilm­li, ziyoli olimlar o'zgaga tobe bo'lib qolgandi. Buning ta'siri haligacha seziladi. Ayniqsa, ona tilimizga munosabat aksar ziyolilarda hamin­qadarligi shundandir…

Demak, biz, avvalo, o'zligimizni, millatimiz sha'nini birinchi o'ringa qo'yishimiz ulug' ajdodlarimiz oldidagi ham qarzimiz, millatimiz onalari oldidagi ham farzimizdir.

Tilim-tilim bo'lgan tilim

Hali esimda, o'tgan asrning 70-yillari edi, men 7-, yo 8-sinfda o'qirdim. Kuz kunlarining birida otam ishdan juda xafa bo'lib qayt­dilar. (U kishi kolxozda agronom bo'lib ishlasalar-da, chinakam adabiyot ixlosmandi edi. Uyimizda kattagina kutubxonamiz bo'lib, otam bizdan u yerdagi kitoblarni o'qishni talab qilardilar). Kolxozga qaysidir ilmiy tekshirish institutidan bir guruh tadqiqotchilar hasharga kelishgandi. Ular orasida bir taniqli adibning o'g'li ham bor ekan. Otam unga otasi tomonidan yozilgan, o'sha yillari juda mashhur bo'lgan dramasini rosa maqtabdi. “Bilasizmi, men shu dramani qayta-qayta o'qiyman. Drama qahramonlarining so'zlari yod bo'lib ketgan”, debdilar hayajon bilan.

Shunda bo'lajak olim yigit pinak buzmay:

— Ha, bu haqda menga ko'p aytishgan. Lekin men rus maktabida o'qiganman, oliy ma'lumotni ham rusiy zabon talabalar orasida o'qib olganman, to'g'risini aytsam, dadamning ijodini unchalik tushunmayman, — degan ekan rus tilida…

Otam o'zicha tushuntiribdi: “Bilib qo'ying, agar siz ona tilingizni qadrlamasangiz, otangiz mehnatini hurmat qilmasangiz olim bo'lishingiz mumkin, lekin odam bo'lolmaysiz. Bu hayotda qadringiz ham bo'lmaydi”.  Xafaligi tarqamagan otam men va ukalarimga dona-dona qilib: “Nega olim yigit men ruschada o'qidim, rus shoirlarining she'rlarini yaxshi bilaman, deb maqtanadi-yu shu mahoratini amalda isbotlamaydi. Nega xalqining sevimli ijodkori bo'lgan xatto otasining she'rlarini rus tiliga o'girishga, uni ruschada qanday jaranglashini bilishga harakat qilmaydi?! Chunki u o'z millatini sevmaydi. Millatga muhabbat esa avvalo ona tilidan boshlanadi”, dedilar.

Atiest bo'lishimga bir bahya qolgandi…

Taqdir taqozosi bilan partiya safiga o'tasan deyishdi. Negadir ziyolilarning kommunistlar safiga o'tishi dehqonlar, paxtakor, chorvadorlarga nisbatan birmuncha qiyin kechardi. Bosh muharririmizning tavsiyasi bilan men ana shu “baxtga” sazovor bo'lishimga bir bahya qolgandi. Qabul hay'atining ko'pchiligi o'zbeklar ekan, lekin qabul rus tilida o'tdi. Men ruschani unchalik bilmasdim, axir butun hayotim o'zbek mahallasida o'tgan bo'lsa, so'zlashuv o'zbekcha bo'lsa, o'rganganing ham esdan chiqarkan, ruscha jumlalarni buzib gapirishga esa uyaldim, odob bilan aytganda, har tugul rus millatini, rus tilini ham hurmat qilish kerak. Men savollarga o'zbek tilida javob bermoqchi ekanimni aytdim. Ammo hay'at a'zolari rozi bo'lishmadi. “Siz ziyolisiz. Jamiyatning avangard qatlamiga a'zo bo'lyapsiz. Nega endi o'zbekcha javob bermoqchisiz? Agar rus tilini yaxshi bilmasangiz, sizga muhlat beramiz, o'rganib kelasiz”, deyishdi.

Keyin anglab yetdimki, O'zbe­kistonda o'zbekcha gapirishni qoloqlik deb biladigan “avan­gardlar” safida bo'lishim — go'yo saratonda qalin qorni orzu qilishdek gap ekan…

Gap kelganda eslagim keldi, qishlog'imiz Chirchiq daryosining o'ng sohilida joylashgan bo'lib, sholichilikka juda qulay edi. Kolxozimiz raisi Turob ota qo'shni “Politotdel” kolxozining (xo'jalikning nomini qarang! M.H.) raisi bilan kelishib, bir nech­ta koreys dehqonlari oilasini qishlog'imizga ko'chirib keldi. Ularning ikkitasi dala shiyponiga, qolganlari xonadonlarga joylashtirildi. To'rtta farzandi bor koreys oilasi bizning uyga ko'chib keldi. Oila boshlig'i Igor amaki ham, uning xotini Lyo xola ham juda bolajon, samimiy odamlar ekan. O'zbek onam ruschani, Lyo xola o'zbekchani bilmaydi. Lekin amallashib imo-ishoralar bilan gaplashishadi. Onam unga non yopish, manti pishirishni ham o'rgatdi. Buni qarangki, Lyo xola (oyim uni Lolaxon derdilar) bir yilga qolmay o'zbek tilini o'rganib oldi. Chunki unda o'zbek tilini o'rganishga ishtiyoq baland edi. Bu unga odamlar bilan muo­mala qilishi, shu qishloqqa el bo'lishi uchun juda zarur edi.

Shu o'rinda bir umr shu yerda yashab, ishlab, O'zbekistonning suvini ichib, bor noz-ne'matlari-yu marhamatlaridan bahramand bo'lib yashagan, yashayotgan ayrim o'zga millat vakillari o'zbekcha so'zlashishni go'yo or deb bilishadimi? “Bilmayman”, deyishdan esa aslo uyalishmaydi.

Bunga o'zimiz ham qisman ayb­dormiz. Bir guruh odamning ichida boshqa millat kishisini ko'rsak yo majlislarda ulardan biri bo'lsa, bilsak-bilmasak, o'lib-tirilib uning tilida gapirishga harakat qilamiz. Biz bunday mutelikdan qachon qutulamiz?!

Ha, bizlar shunchalar bag'rikeng odamlarmiz-da.

Ammo… buni ular shunday tushunisharmidi, bag'rikenglik deb bilisharmidi. Yo'qsa, 50 yil shu zaminda yashab bor-yo'g'i “Assalomu alaykum”ni o'rganishmasmidi?!

El netib topgay menikim…

Hayriyat, yigirmanchi asrning so'nggi yillarida “El netib topgay menikim, men o'zimni topmasam” baytining mag'zini chuqur ang­lab yetgan millatimiz ziyolilari uy­g'ondi. O'zbekistonda o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi uchun astoydil kirishildi. Yurt birlashib puf desa shamol turadi, deganiday, 1989 yil 21 oktyabrda o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.

Ha, maqom berildi, ammo… O'zbekiston fuqarolarining hammasi birday o'zbek tilini o'rganib oldi, desak yana xato qilgan bo'lamiz. Buning uchun biz kutgandan ko'ra ko'p vaqt kerak  bo'lyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev masalaning tub mohiya­tini hisobga olgan holda 2019 yil 21 oktyabr kuni “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonga imzo chekdilar. Farmonga binoan davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. 2020-2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat das­turi loyihasini ishlab chiqishga ko'rsatma berdilar.

Ba'zi rasmiy idoralar xizmat xatlarini endi faqat o'zbek tilida yuboradigan bo'lishadi.

Tarixdan ma'lumki, nafaqat til bilgan el biladi, balki dunyo shohsupasini zabt etishda ham xorijiy tillarni bilish muhim ahamiyatga ega. Alisher Navoiy hazratlari, Sadriddin Ayniy, Chingiz Aytmatov singari adiblar ikki tilda ijod qilib, yuksak natijalarga erishganini bilamiz. Yana shuni ham aytish kerakki, ularning bundanda yuksak yutug'i, avvalo, o'z ona tilini yaxshi bilganida, milliy urf-odatlar, qadriyatlarni cheksiz hurmat qilganida bilindi.

* * *

Meni hayratlantirgani, kecha televizorda ingliz tiliga ixtisoslashgan bog'cha tarbiyalanuvchilarini ko'rsatishdi. Endi tili chiqa boshlagan, hali ona tili nima, chet tili nimaligini anglab yetmagan bolakaylar inglizcha so'z va iboralarni, she'rlarni inglizona xatti-harakatlar bilan aytishayapti. Ammo muxbirning savollariga inglizchalab biyron-biyron javob bergan bolalar o'zbekcha ikkitagina so'zni ham, ba'zi bir estrada yulduzlarimizga o'xshab, qiynalib talaffuz qilishdi. Muxbirning: “Nega bolangizni xorijiy bog'chaga berdingiz?”, degan savoliga yoshgina ota go'yo faxr bilan: “Bolam kelajakda baxtli yashashini, xorijda o'qib-ishlashini istayman”, deydi.

Endi aytingchi, ham o'zga tilda gapirib, ham fikrlaydigan, begona millat tabriyasini olayotgan bolani to'laqonli o'zbek farzandi, deya olasizmi? Axir, bolaligidan uning ongida in­g­liz ta'lim va tarbiyasi beriladi. Uyda ham tilni yaxshi o'rganadi deb imkon qadar hamma bilsa-bilmasa ajnabiy tilda gapirishga harakat qiladi. Maktabda ham uni tushunadigan, u bilan “chug'urlashadiganlar” o'zga “tilchilar”.

Balki siz eshitgandirsiz, chet elga ketib, u yerdan “jannat topgan” biror odam bormikin?! Yoki xorijning mehri qalbiga o'rnashib, O'zbekistonga qaytib kelmayotgan yoshlar bugun kammi?! Afsuski, ular millatning qadriga yeta olmaganlar, chunki go'daklikda qalbiga millat qadri singdirilmagan. Aslida ham millat qadri qalbga ona tili orqali singadi-da…

* * *

Rostini aytsam, men ham nabiralarimning xorijiy tillarni o'rganishi tarafdoriman. Bu bugungi davr, taraqqiyot talabi. Biroq, u avval o'z ona tilisini yaxshi o'zlashtirsin, so'ng millat qadriyatlarini o'rgansin, keyin o'zi xohlagan xorijiy tilni bilib olsa, bu millatning yutug'i bo'ladi.

Hozirgi kunda til o'rganish o'ta qiyin ish emas, har qadamda o'quv kurslari, til markazlari, e'lonlar ham antiqa: “Uch oyda chet tilini ona tilingizdan ham a'lo o'rgatamiz, bo'lmasa pulingizni qaytarib beramiz!” Demak, yoshlarning til o'rganishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Bugun siz o'z ona tilingizda o'qiyotgan Dostoyevskiyni o'zbekchada so'ylatgan Ibrohim G'afurov, Anton Chexovni ko'zoynagini olib o'zbekka aylantirgan Abdulla Qahhor, Tolstoydek rus adabiyoti ko'zgusini o'zbek oyinasida o'zidanda tiniqroq aks ettirgan Xolida Ahrorovalar ham hech qanday xorijiy maktabni tugatmagandi. Ular bu tilni, keyinchalik qiziqish, adabiyotga hurmat tufayli chuqur o'rganishgandi.

Ha, xohish bo'lsa har qanday yoshda til o'rganish mumkin.

Muhabbat Hamidova,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × three =