Yangiliklar. Xabarlar. Voqealar

Millatlararo munosabatlar yanada yaxshilanadi

Toshkent. “Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko'ra, mamlakatimizning ushbu sohadagi siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilandi. Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.

18 ta hamkorlik bitimi

Qoraqalpog'iston. Nukus shahrida “International Investment Forum Karakalpakstan” xalqaro investitsiya forumi bo'lib o'tdi.

Ikki kun davom etgan forumda Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Sau­diya Arabistoni, Pokiston, Afg'oniston, Qozog'iston, Ozarbayjon kabi o'ndan ortiq davlatdan xal­qaro tashkilotlar vakillari hamda ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Forum yakunlari bo'yicha 313 million dollar miqdoridagi 18 ta hamkorlikdagi savdo-iqtisodiy bitimlarga erishildi.

Yo'l xavfsizligi — barcha uchun!

Surxondaryo. Termizda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida matbuot anjumani o'tkazildi.

Tadbirda piyodalar yo'lakchalarida tartib buzarliklarning, yo'llardagi tirbandliklarning oldini olish, aholi gavjum hududlarda transport vositalari noqonuniy to'xtash holatlariga chek qo'yish, xodimning axloq-odob qoidalari va haydovchilar bilan o'zaro munosabatlarida xushmuomalalikni ta'minlash kabi masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Harbiylar taktik mashg'ulotlarga tayyormi?

Jizzax. Mudofaa vazirligiga qarashli “Forish” tog' poligonida O'zbekiston va Qozog'is­ton harbiy xizmatchilari hamkorligida amaliy va taktik mashg'ulotlar o'tkazildi.

Besh kun davom etgan mashg'ulotda harbiy xizmatchilar qozog'istonlik hamkasblari bilan birgalikda tog' sharoitida qutqaruv ishlari, jangovar qurollar bilan qoyaga ko'tarilish va tushish, tungi sharoitda nishonlarga aniq o'q otish, shartli dushman guruhini qurshovga olish va yo'q qilish kabi turli vazifalarni bajarishdi.

O'z muxbirlarimiz.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − nine =