Davlat tili masalasi mavsumiy ish emas

O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi media markazida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda «Notiqlik san'ati akademiyasi» nodavlat ta'lim muassasasi bilan hamkorlikda  “Teleradio boshlovchilik mahorati mezonlari, bu borada yuzaga kelgan muammolar va ularning yechimlari”  mavzuida o'tkazilgan seminar-trening Davlat tili masalasiga bag'ishlandi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 21 oktyabrdagi «O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmonida belgilangan vazifalarni mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, xususan, teleradiokanallarda ta'minlash xususida o'zaro fikr almashildi.

Unda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi  Alisher Xadjayev, “Notiqlik san'ati akademiyasi” nodavlat ta'lim muassasasi  bosh direktori Rahimboy Jumaniyozov va bosh­qalar so'zga chiqishdi.

Ma'lumki, joriy yilda o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi keng nishonlandi. Unda tarixda ilk marotaba davlat rahbari ishtirok etdi va nutq so'zladi. Davlatimiz rahbari o'z nutqida tilimiz sofligini asrash va uni kelajak avlodga bus-butun yetkazishga alohida e'tibor qaratdi. Shuningdek, mazkur farmonni qabul qilishga bo'lgan ehtiyoj haqida so'z yuritdi. Ushbu farmon bilan Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Departamentning asosiy vazifalari davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish hisoblanadi.

Seminar-treningda davlatimiz rahbarining ma'ruzasi va Farmonda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda teleradiokanallarning o'rni muhim ekanligi alohida ta'kidlandi. Teleradio ijodkorlari notiqlik san'atidan o'ta noziklik bilan foydalanishlari va adabiy til me'yorlariga  qat'iy rioya etishlari shart. Ayrim tele va radiokanallarda boshlovchilarning shevada gapirishlari va adabiy til qoidalarini buzish holatlari uchrayotgani xususida tan­qidiy fikr-mulohazalar bildirildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda teleradiokanallar orqali efirga uzatilayotgan  ko'rsatuv va radioeshittirishlarda boshlovchilar, suxandonlar va jurnalistlar tomonidan qo'llanilayotgan har bir so'z va ibora aholi o'rtasida tez  «iste'mol»ga kiradi.

— O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil o'ttiz yil to'ldi. Lekin o'tgan o'ttiz yil mobaynida  mazkur sana katta bayram qilinmagan. Bu yil ushbu sana o'zgacha kayfiyatda o'tkazildi, — dedi Rahimboy Jumaniyozov. —  Aslida til masalali mavsumiy  ish emas. O'zbek tili bilan har kuni nafas olishimiz, yashashimiz kerak. Birinchi nav­batda, bu aqida faoliyati til bilan bog'liq jur­nalist­lar va suxandonlarga tegishli. Teleboshlovchilar, suxandonlar va jurnalistlar  ko'proq nutqning aniqligiga e'tibor qaratishlari kerak. Tilning adabiy me'yorlariga amal qilishi shart. Buning uchun ular har kuni kitob va gazeta o'qishi joiz. Notiqliq san'atidan ustozlar mahoratlarini o'rganish ham foydadan xoli bo'lmaydi. Yana bir gap, notiqlik dars emas, bu muolaja. Tildagi nuqsonlarni davolash muolajasi. Notiq bo'lish uchun bir yoki o'n yil kifoya qilmaydi. Butun umr uni o'rganishimiz lozim bo'ladi.

Yig'ilish yakuni bo'yicha, ishtirokchilarning fikr-mulohazalardan kelib chiqib taklif va tavsiyalarni umumlashtirishga kelishib olindi.

Jobir Xo'jaqulov.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + eleven =