Dunyoda nima gap?

Turkiyaning yangi tahdidi

Agar Moskva va Vashington Suriya bo'yicha majburiyatlarini bajarmasa, Turkiya kurd otryadlariga qarshi harbiy amaliyotini qayta boshlashi mumkin. Bunday tahdid bilan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho'g'lu chiqdi, deb xabar berdi “Yeni Safak” nashri.

Chovusho'g'luning ta'kidlashicha, Turkiya AQSh va Rossiya bilan erishilgan kelishuvlarning o'ziga tegishli qismini bajargan. Biroq Moskva va Vashington o'z majburiyatlarini bajarmayapti. “Agar biz natija ko'rmasak, unda AQSh bilan kelishishga urinishdan keyin boshlaganimizdek, amaliyotni qayta boshlaymiz”, deb aytgan Turkiya tashqi ishlar vaziri.

Politsiya boshlig'i o'zgardi

Xitoy hukumati Hongkong ma'muriyati rahbari Kerri Lamning taklifiga ko'ra, Hongkong politsiyasi boshlig'ini o'zgartirdi. Ushbu lavozimga Kris Tan tayinlandi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi.

Politsiyaning avvalgi boshlig'i Stiven Lo ushbu lavozimda 2015 yildan beri ishlab kelayotgandi.

Ushbu qaror Hongkongda bir necha oydan beri to'xtamayotgan norozilik namoyishlari bilan bog'liq bo'lishi mumkin.

Jangarilar hujumi

Mali sharqida jangarilarning mamlakat qurolli kuchlari patruliga hujum qilishi oqibatida 24 harbiy halok bo'ldi, 29 nafari yaralandi.

Ma'lum qilinishicha, voqea Mali va Niger “chegarada terrorchilarni” topish bo'yicha “Tongo Tongo” deb nomlangan amaliyot o'tkazishi vaqtida yuz bergan.

Otishmada uch kishi vafot etdi

AQShning Oklaxoma shtatidagi Dunkan shahrida joylashgan “Walmart” do'konida sodir bo'lgan otishma oqibatida uch kishi halok bo'ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, jinoyatchining o'zi ham otishma chog'ida o'ldirilgan. Shuningdek, yaralanganlar borligi aytilmoqda.

“Barcha muassasalar va o'quvchilarni himoya qilish uchun ehtiyot choralarini ko'rmoqdamiz. Hozirda barcha maktablar yopilgan”, — dedi shahar politsiyasi vakili.

17 noyabr kuni Kaliforniya shtatidagi Fresno shahrida oilaviy bayram chog'ida sodir etilgan otishma natijasida to'rt kishi halok bo'lgani va olti kishi jarohatlangani xabar qilingandi.

“Uchar odam” rekordni yangiladi

Britaniyalik ixtirochi Richard Brauning reaktiv kostyumda parvoz qilishda o'rnatgan tezlik rekordini yangiladi.

“Uchar odam” ushbu qurilmada 136 km/soat tezlikka erisha oldi.

Brauning maxsus kostyumda suv ustidan 500 metr masofagacha uchib o'tgan. Uning 2017 yildagi tezligi ancha pastroq — 53 km/soat bo'lgan.

Britaniyalik ixtirochining qurilmasi ming ot kuchiga ega 5 ta turbinadan iborat bo'lib, u shlemda joylashgan displey yordamida boshqariladi.

Internet xabarlari asosida A.Sodiqov tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =