“Elektr tarmoqlari” xohlasa javob bermaydi!

Deputat hududlarda mavjud muammolarni o'rganish maqsadida tashrif buyurar ekan, aholi manfaatlari yo'lida xizmat qilish uning asosiy vazifasi sifatida tilga olinadi. Bugun joylarda tashkil etilayotgan sayyor uchrashuvlardan asosiy maqsad ham aholi murojaatlarini ijobiy jihatdan hal etib berish hisoblanadi.

O'zbekiston “Adolat” SDP Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputatlari hududlarda bo'lib, aholi muammolarini o'rganishar ekan, murojaatlar asosida ularning amaliy yechimlariga e'tibor qaratib keladi. Ammo bir murojaatni joyida hal etish birgina deputatga bog'liq emasligi, masala hamkor tashkilotlar ko'magida amalga oshirilishi barchaga kundek ravshan bo'lsa-da, ba'zi mutasaddilar deputat so'roviga nisbatan noto'g'ri javobni yo'llasa, boshqalari oldi-qochdi mujmal javoblari bilan deputatni aldashga urinadi. Ba'zisi esa umuman javob bermaydi, muammoni hal etishga urinmaydi. Go'yo deputat o'zicha tashkilot xodimlarini bezovta qilayotgandek…

Deputat Orif Egamov Buxoro shahrida joylashgan “Alisher Navoiy” MFY hududidagi “Mextar ambar” ko'chasida istiqomat qiluvchi Nafisa Qodirova, Reyxan Ibragimova va Gulsara Qurbonovalar murojaatlariga asosan shahar Elektr ta'minotiga joriy yilning 3 oktyabr oyida so'rov bilan murojaat qilgandi. Unda yuqorida nomi keltirilgan ko'chada ayrim simyog'ochlarning nosoz holda ekanligi, yoritish chiroqlarining yo'qligi to'g'risidagi kamchiliklar qayd etilgandi.

Ma'lumki, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputati maqomi to'g'risida”gi qonunning 8-moddasida muammolar yuzasidan tashkilotga yo'llangan deputatlik so'roviga tashkilot rahbari o'n kun muddat ichida ma'lumot taqdim etishi lozim. Ammo…

Yoki “O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy Javobgarlik To'g'risidagi Kodeks”ning 26- “Boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik” deb nomlangan bobining 193-moddasida “Davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat'i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan deputatlar hamda senatorlar oldidagi o'z vazifalarini bajarmaslik, ularning ishiga to'sqinlik qilish, ularga ataylab soxta ma'lumot berish, deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish, xuddi shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan parlament so'rovini, deputat, senator so'rovini ko'rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko'rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto'g'ri ma'lumotlarni qasddan taqdim etish mansabdor shaxs­larga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi”, deya qayd etilgan.

Buxoro shahar elektr ta'minoti mutasaddilari ikki huquqiy hujjatning mohiyatidan bexabar qolgan chog'i, o'n kun, yigirma kun… xullas, oradan bir oydan ortiq vaqt o'tibdi hamki, deputatning so'roviga na javob yo'llashgan va na masalani borib o'rganishgan.

O'zimizcha balkim muammoni hal etib bergan-u, ammo deputat so'roviga uzrli sabablarga ko'ra javob yo'llay olmagan deya, taxmin qildik-da, hududda istiqomat qiluvchi fuqaro Gulsari Qurbonova bilan bog'landik:

— Simyog'och masalasini necha marotaba bildirib o'tganmiz, deputatlar ham kelib o'rganishdi, ularning tashkilotga taqdim etgan murojaatlari asosida ham hech kim kelib o'rganmadi. Nahotki, bizning ko'chadan kuniga minglab chet ellik mehmonlar o'tishini bilishmasa, ko'chalarimiz kechasi qorong'i, farzandlarimiz, shahrimiz mehmonlari uchun qiyshayib turgan simyog'och xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirish mumkin, deya qayta va qayta ko'mak so'radik. Hamma jim…

Mana sizga qadim Buxorodek shahri azimda bugungi shahar mutasaddilarining odamlarga, elu xalq saylagan deputatga bo'lgan munosabati va “hurmat”i!

Mohigul Abdullayeva,

O'zbekiston “Adolat” SDP

Buxoro viloyat Kengashi matbuot kotibi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 19 =