Gazeta — tarix yaratuvchisi

Gazetaning bunday beqiyos imkoniyatlaridan farzandlarimizning unumli foydalanishiga yordam ko'rsatish, birinchi navbatda, o'qituvchining zimmasida. Albatta, o'smir-yoshlar televizorning, internetning jozibadorligiga mahliyo bo'lib, gazetaga chap ko'zi bilan qarasa, keyinchalik pushaymon bo'ladi. Bunday jarayon kucha­yib ketganida esa butun xalq, millat ko'p narsani boy berib qo'yadi.

Gazeta, shubhasiz, insoniyat yaratgan buyuk kashfiyot, ma'naviyat sarchashmasidir. Zamonlar, davrlar osha o'z qadrini yo'qotmay, kerakli bo'lib kelayotgan gazetachilik sohasi, garchi bugungi kunda ma'lum qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan bo'lsa­­-da, baribir, hozirgi paytda ham beqiyos ahamiyatga, o'z o'rniga molikdir. Buni hech kim inkor qila olmaydi.

Avvalo, gazeta ma'naviyat kishisining yaqin hamrohi ekanligini aytsam, iste'dodlar uchun esa ilk eshik va maktab, o'ziga xos ilhom manbai vazifasini o'taydi. Yozuvchi, shoir, olim, jurnalistning katta qismi adabiyotga, ilm-fanga, publitsistikaga gazetalar orqali kirib kelgan. Chunki ularning ilk badiiy mashq­lari, maqolalari gazetalarda chop etilgan.

Ko'pchilik taniqli shaxslar o'z muxlislari bilan davr silsilalari va milliy adabiyotimiz muammolari, kelgusida bajarilishi lozim bo'lgan dolzarb masalalar xususida gazeta orqali mulohaza yuritadi. Qalami matbuotda charxlanib, keyinchalik taniqli yozuvchi, shoir yoki jurnalist sifatida taniladi. Kitoblari sevib o'qilayotgan adabiyot darg'alari ham gazetada ilk ko'rinish qilganlar.

Aksariyat kitobxonlar esa gazetalardagi maqolalar, turli jurnallardagi ijod namunalardan bahramand bo'lib, bora-bora badiiy asarlarning haqiqiy muxlisiga aylanadilar.

O'qituvchining ko'makchisi

O'qituvchi o'z shogirdlari orasida yozish qobiliyati bor o'quvchini pay­qasa nima qiladi? U, albatta, gazeta tahririyatiga yetaklab keladi. Bu yerda yosh iste'dodga ilk maslahatlar beriladi. Mabodo yozganlari gazetada chop etilsa bormi, o'quvchi qanot bog'laydi, ijod sari uchadi. O'qishga, izlanishga bo'lgan rag'bati kuchayadi.

Bunday o'quvchilar katta hayotda tezda o'z o'rnini topib ketishadi. Elda hurmat, obro'-e'tiborga sazovor bo'lishadi. Kitob, gazeta va jurnallarni o'qish hayotining mazmuniga aylanadi.

Xuddi, shuningdek, o'quvchining boshqa sohalarga — masalan, rassomchilikka, musiqaga yoki biron-bir fanga qiziqishi tengqurlarining ilk yutuqlari gazetada e'lon qilinganida ortganini kuzatganmiz.

Gazetaning bunday beqiyos imkoniyatlaridan farzandlarimizning unumli foydalanishiga yordam ko'rsatish, birinchi navbatda, o'qituvchining zimmasida. Albatta, o'smir-yoshlar televizorning, internetning jozibadorligiga mahliyo bo'lib, gazetaga chap ko'zi bilan qarasa, keyinchalik pushaymon bo'ladi. Bunday jarayon kuchayib ketganida esa butun xalq, millat ko'p narsani boy berib qo'yadi.

Tafakkur yalqov bo'lib qolmasin

Televideniening tezkorlik, jozibadorlik borasidagi ustunligini inkor qilmagan holda gazetaning o'ta foydali tomonlaridan voz kechib bo'lmaydi. Agar sinab ko'rmoqchi bo'lsangiz, televizorda bir voqeani tomosha qilingda, uni gazeta orqali o'qib ko'ring, o'zingiz ishonch hosil qilasiz.

Siz voqea tafsiloti bilan tanishar ekansiz, so'zlarning qanday yozilishini, qaerda nuqta, vergul, so'roq, undov singari belgilarning qo'yilishini, xat boshi nima ekanligini, bosh harf, kichik harfning o'rni qaerdaligini o'rganib borasiz.

Mabodo, bu borada bilimingiz yetarli bo'lsa, yanada mustahkamlashga erishasiz. Maqolani o'qib, voqeani fikringizda jonlantirasiz. Bu bilan sizdagi hujayralar harakatga keladi. Harakat esa bilim va tafakkurning yangi ufqlarini ochadi.

Televizorda bu masala tayyor oshday gap. Siz tayyor tasvirni ko'rishga doimiy odatlanar ekansiz, menimcha, xayol ekraningiz dangasa bo'lib qolishi mumkin. Chunki siz tayyor tasvirni qabul qilayapsiz. Voqeani tafakkuringizda o'zingiz to'liq jonlantirmayapsiz.

Gazetada chop etilgan maqolani istagan vaqtingiz qayta-qayta o'qib, mag'zini chaqib, shundan so'nggina kerakli xulosalar chiqarish mumkin. Televizorda bunday imkoniyat yo'q. Televizor va internet xayol ekrani quyoshdek porlagan buyuk shaxslarning ixtirosi ekanligini unutmaylik. Boshqacha aytganda, televizor va internetning ildizi kitob, gazeta va jurnaldir. Endi ildizidan mahrum etilgan narsani o'zingiz tasavvur qilavering. O'z oldiga ulug' maqsadlarni qo'ygan shaxs, albatta, tinmay kitob, gazeta, jurnal o'qishi kerak.

Bahsga chorlaydi

Davrada qaerdadir ro'y bergan voqea, yangilik haqida suhbat bo'lardi. Birov u dedi, birov bu dedi. Suhbat shu darajaga yetdiki, ikki kishi ham o'z fikrining to'g'riligini isbotlashga intilib, avval ovozini balandlatdi. Keyin ko'zlarini chaqchaytirib, bir-biriga xezlana boshladi. O'rtada janjal chiqib ketishi, ko'p dilxiraliklar bo'lishiga sal qoldi.

Shunda davradagilardan biri bosiqlik bilan so'zlab, masalaga oydinlik kiritdi. U fikrlarini gazetada chop etilgan maqola bilan isbotlab berganida hamma jim quloq soldi. Shu bilan ikki o'rtadagi janjalning oldi olindi.

Rahmatli ustoz Aliboy Ergashev gazetaning foydasi bilan bog'liq bir voqea­ni so'zlab bergandi. U kishi aytgandiki, bir odamning boshiga kulfat tushadi. Endi uning taqdiri huquq-tartibot idorasidagi mas'ul shaxsning so'nggi xulosasi bilan bog'liq edi. U kishining himoyachisi hayotda amalga oshirgan turli xayrli ishlarini dalil sifatida keltiradi. Ammo uzil-kesil himoya uchun dalil kamlik qildi.

Shunda birdan xayoliga o'zi haqida gazetada yoritilgan maqola keladi. Shu maqola hal qiluvchi dalil bo'ladi va boshida aylanib turgan “qora bulut”lar tar­qab ketadi.

Ha, hayotda gazetaning shunday foydasi ham bo'lib turadi.

Ona tilimiz himoyachisi

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 21 oktyabrda “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonni imzoladi.

Bu hujjatning qabul qilinganligi barchamizni behad mamnun qilmoqda. Chunki o'zbek tili, ta'bir joiz bo'lsa, milliy istiqlol g'oyasining o'zak qismini, ajratib bo'lmas, o'ta muhim bo'lagini tashkil etadi. Ona tilimizga e'tibor — o'zbek millatiga, O'zbekiston xalqiga, o'zbek davlatchiligining taraqqiyotiga e'tibordir.

Prezidentimiz oldimizga qo'ygan bunday o'ta muhim vazifalarni gazeta o'qimasdan uddalay olmaymiz. Chunki ko'chalar, xiyo­bonlar va maydonlardagi reklamalarda, e'lonlarda, shiorlarda o'zbek tili qoidalari buzilganligini ko'p kuzatmoqdamiz. Oddiy kishilarga tushunarsiz bo'lgan ajnabiy nom va yozuvlarning bolalashi esa o'zini vatanparvar deb hisoblaydigan kishilarning g'ashiga tegmoqda.

Bizningcha, gazeta bilan do'st bo'lgan kishi bunday kamchiliklarga yo'l qo'ymaydi, mabodo muammo paydo bo'lsa, gazetada chiqish qilib osongina hal qilishi mumkin.

Yurak qo'ri

Albatta, gazetalar o'qimishli bo'lishi kerak. Buning uchun tahririyatga salohiyatli jurnalistlar jamlanishi, zarur.

Jurnalist yurak qo'ri bilan yozsagina, maqolasi boshqa yuraklarga yetib boradi, yozganini o'quvchi izlab, sevib o'qiydi. Maqoladan qoniqqan, undagi tafakkur jilolari ruhiyat tashnaligini qondirgan, qalbning qorong'u burchaklarini yoritib yuborgan o'quvchi obuna uchun sarflagan puliga achinmaydi.

Gazetaning o'qimishliligi — eng yaxshi tashviqot. Eng yaxshi reklama ham shundan iboratdir. Bunga mehnat, mehnat va yana mehnat bilangina erishiladi.

Tovboy Xo'jamberdiyev,

faxriy jurnalist.

G'allaorol tumani.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 5 =