“Mahsi – jonning rohati” – deydi farg'onalik kosib Ma'murjon Nurmatov

Har bir sohaning o'z fidoyilari bo'ladi. Yurtimizda hech qanday manfaatni ko'zlamay, kasbi uchun jonini berishga tayyor fidoyi insonlar borki, ular sabab sohalar rivojlanadi.

Tarixi necha asrlarga borib taqaladigan mahsido'zlik ham shulardan biri. Keyingi vaqt­larda ota-bobolarimiz kiygan va bizga meros bo'lib kelayotgan mahsi-kavushlarga e'tibor biroz susaygandek edi. Ayni paytda yana urfga kira boshladi. Mahsining inson salomatligiga foydasi katta. Uning qadr-qimmatini, ayniqsa, keksalarimiz yaxshi bilishadi. Ulardan so'rasangiz, bunday oyoq kiyimi shamollash, revmatizm, varikoz singari kasalliklarning oldini olishda yordam beradi, deydilar. Qand­li diabet bilan og'rigan bemorlarning ham mahsi ki­yishi maqsadga muvofiq bo'lar ekan.

Mahsi ishlab chiqarishning ham o'ziga xos uslublari bor. Ushbu mahsulot qadimda asosan kiyik terisidan tikilgan. Hozirgi kunda esa uni tikish uchun mol, qo'y va echki terilaridan foydalanilmoqda.

— Ko'nchilar, avvalo, terini ohakka solib, yaxshilab oshlaydilar, — deydi katta tajribaga ega «Yorqin hayot» MChJ rahbari Ma'murjon Nurmatov. — Dorilab, cho'ng (hayvon junini to'kib olish) solib, terini obdon pishiradilar. Tayyor bo'lgan teridan endi mahsi tikiladi. Avvalo, kerakli o'lchamlar kesib olinib, yarim tayyor holga keltirish uchun choklari qo'lda tikib chiqiladi. So'ngra taglik qismi tabiiy sranchda (sranch asosan Qirg'iziston tog'larida o'sadigan giyoh. Ildizini quritib, tegirmonda un holiga keltirib oladilar) yopishtirib chiqadilar. Qoliplangach, quritishga qo'yadilar. Keyin qo'shqalamda bezak ishlari amalga oshiriladi. Terining tarang­lashib olishi uchun mahsi ichiga shon solib, (shon — yong'oq daraxtidan tayyorlangan maxsus yog'och) taxlab qo'yiladi.

Ayni vaqtda Farg'ona vi­loyatining Marg'ilon shahrida joylashgan «Yorqin hayot» MChJga qarashli kasanachi kosiblar korxonasi orqali xaridorga turli xildagi mahsilar yetkazib berilyapti. 1989 yildan buyon Ma'murjon Nurmatov boshchilik qilib kelayotgan ushbu korxonada hozir 15 nafardan ziyod kosib faoliyat yuritmoqda. Bugun Muhammadtursun Hoshimov, Yunusali Umarov, Xolmuhammad Abdurahmonov, Karimjon Hamdamov, Abduqahhor Yoqubov va Shukurillo Nurmatov singari kasanachi kosiblar tayyorlagan mahsi va kavush mahsulotlarining bozori chaqqon.

— Bu kasb menga ota-bobolarimdan meros bo'lib kelyapti, — deya suhbatimizni davom ettiradi 76 yoshli otaxon. — Farzandlarimning hammasi mening izimdan borib, shu hunar bilan shug'ullanyapti. Mahsi tayyorlashga ham mahorat kerak, o'ziga yarasha mashaqqatlari bor, albatta. Uni ki­yishning esa afzalligi juda ko'p. Ayniqsa, namozxon keksalarga foydali. Mahsi ki­yib yuradigan kishi hozirgi sal­qin kunlarda tahorat vaqtida oyoqlarini dam-badam yuvavermaydi. Ochig'i, odamlar yana asta-sekin mahsining qulayligini tushunib yetyaptilar. Biz esa qo'limizdan kelgancha, o'z mahsulotlarimiz bilan bozorlarni to'ldirib, xal­qimiz koriga yarashni maqsad qilganmiz…

Ha, otaxonning gaplarida jon bor. Ishlab chiqargan mahsuloting ham foydali, ham xaridorgir bo'lishi kerak. Balki shuning uchun ushbu korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ayni vaqtda Tojikiston, Qir­g'iziston va Qozog'iston Respublikalariga eksport qilinayotgandir. Bu esa ham korxona, ham mahalliy iqtisodiyot hamyonini to'ldirishga hissa bo'lib qo'shiladi.

Marufa Soliyeva

Farg'ona viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 11 =