Qarz qiyomatga qolmasin… Yoki intizor ko'zlarni yig'latmang!

Ro'zigul opa oddiygina o'qituvchi edi. Boshlang'ich sinfga dars berar, ertadan kechgacha maktabda kuymalanardi. To'ladan kelgan, boqibeg'am ayol, umrida birovga ozor bermagan, har bir gapni hazilga olib, yo'q yerdan xursandchilik yaratar edi.

Yolg'iz o'g'lining farmatsevt bo'lishini istar, uning kelajagini porloq ko'rardi. Farzandi ham tirishqoq ekanmi, byudjetga o'qishga kirdi. «Toshkentu azimni ko'rib kelamiz endi», deb opa rosa sevindi, bolasi qishloqqa qaytganida yog'li patirlar yopdi, unga atab totli taomlar tayyorladi. Ro'zg'ordan orttirgan bir, ikki so'mini ham talaba o'g'liga ilinar edi. Lekin farzand ota-onam topganini yeyman, deydigan xilidan chiqmadi. Iloji boricha oilasidan pul olmas, tushlikkacha o'qib, undan so'ng ustalarga qo'shilib odamlarning uyini ta'mirlab daromad topardi. O'zini o'qqa­-cho'qqa urib yurgan shunday kunlarda boshini shamollatib qo'ydi. Yosh-da, kasallikni jiddiy qabul qilmagan. Biroq bee'tiborlik yigitchaga qimmatga tushdi. Boshida hech kimga bildirmay, o'zicha davolanib yurdi, lekin bora-bora dard asorati kuchaygach, uydagilarga xabar berildi. Ro'zigul opaning o'sha paytlardagi iztiroblari, u kasalxonadan bu kasalxonaga o'g'lini olib yugurganlari, salkam jinniga aylanib qolgani esimda. Afsuski, ba'zida hayot shu qadar beshafqat bo'ladiki, uning «ko'ngli»ni yumshatish uchun joningdan kechsang ham foydasi yo'q. Bechora ayol tanasi sovub qolgan farzandini qo'liga olganda ko'nglidan qanday azoblarni kechirgani yolg'iz Xudoga ma'lum. Bosh­qalarga ayon ham bo'lmasin…

Shundan keyin u betoqat bo'lib qoldi. Qiziltepadan tez-tez Navoiy shahriga kelar, biznikida mehmon bo'lar, yana tezlik bilan ortiga qaytib ketar, boshqa gaplarni gapirib chalg'itsak ham mavzu borib o'g'liga taqalar edi.

— Gapirmang, bo'ldi, eslamang, — deya sho'rlikning yozg'irishiga yo'l qo'ymas edik. Bu ovutishning eng yalqov usuli ekan…

Qish kunlari, sovuq, izg'irin… Yurak yetishmovchiligi… shunaqa edi unga qo'yilgan tashxis… 50 ga kirdimi, kirmadimi… Hayot buncha tez tusini o'zgartirmasa, axir, kechagina hammasi o'z o'rnida edi-ku, endi esa bu o'rinlar bo'sh…

Inson qadr-qimmati haqida ko'p gapiramiz… Aslida, buning bir qonun-qoidasi yo'q, shunchaki, yonimizdagi biz mehr berishni unutganlarni eslamoqdan boshlanadi odamiylik…

Mayli, qayg'ularingizni gapiring, uzoq-uzoq hikoya qiling, nima qiynayapti sizni, azizim inson? Mening ishlarim kutib turadi, hammasi chala qolishga arziydi, siz axir har qanday ishimdan yuksaksiz, qadrlisiz, deydigan odam bo'lsa qanday yaxshi… Afsuski, ba'zida, to'lib ketgan yuraklar qaerga to'kilishni bilmay yolg'izlikdan yoriladi, ne-ne azim chinorlar qarovsizlikdan qulaydi… Ularni asrab qolish mumkin edi-ku… Birgina so'z ham tirgak bo'lishga, suyashga qodir edi-ku…

Qo'llarimiz har kuni o'nlab jihozlarni ushlaydi, kosa-tovoqlar, ruchka, mebellar, supurgi, mashina ruli, eshik tut­qichi va hokazolar. Lekin iztirob chekayotgan odamning boshini silashga yetmaydi, befarqlikdan kaltalik qiladi… Har kuni qanchalar so'zlarni so'zlaymiz, rostu yolg'on, kerak, keraksiz. Biroq daldaga zor kimsalardan bir og'iz shirin so'zni qizg'anamiz. Ishdan charchab qaytganda telefondan tanishlarimizning raqami chiqadi, oilaviy tashvishlar boshdan oshib yotibdi, xullas, ularning intizorligiga javob bermaymiz, keyinroq bir bahona topilar… Shu tariqa umr shiddat bilan o'tayotgani, g'animat diydorning qarzi bo'ynimizda qolib ketayotganini unutamiz.

Ana shunday biz mayda sanagan, aslida katta gunohlarimiz, e'tiborsizliklarimiz, toshbag'irliklarimiz, erinchoqliklarimizning javobi, yaqinlarimizdan mehr qarzimiz bizni unutarmikan?… Qarz qiyomatga qolmasin, deydilar. Bu faqat pulga yo mol-dunyoga berilgan nisbat emas. Insonning bo'ynidagi ma'naviy qarzlari moddiyidan ko'p. Ota-ona, qarindosh-urug', do'stu tanish uchun lozim bo'lgan mehru oqibat, sadoqat, yaxshilikning ham so'roqlari bor, unutmaylik!

Hilola Ismatova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − four =