Sayyoh sarguzasht sabog'i

O'zbek adabiyoti boy, serqirra. Uning rivojiga Respublikamiz yozuvchi va shoirlaridan tashqari, qo'shni mamlakatlardagi o'zbek adiblari ham baholiqudrat hissa qo'shib kelishyapti.

Tojikiston va Qirg'izistonda, Qozog'iston va Turkmanistonda ham qalami o'tkir, mahalliy miqyosdagina emas, balki umum­o'z­bek adabiyotida ham o'z o'rniga ega ijodkorlar bir talay.

O'shlik ijodkor — o'nga yaqin badiiy va ilmiy-ma'rifiy kitoblari bilan tanilgan Begijon Ahmedov ana shulardan biri. Begijon tasavvuf adabiyoti vakillari, xususan, Huvaydo eshon va uning ijodkor avlodlari haqidagi bir necha risola-yu hajviy hangomalaridan so'ng yaqinda “Sayyoh” deb nomlangan qissasini Bishkekdagi “Uluu toolor” nashriyotida juda bejirim, poligrafik jihatdan mukammal qilib nashr ettirdi.

Muallif bu asari janrini “voqeiy qissa” deb belgilabdi. Bunda uning hajmi ixchamroqligidan kelib chiqilgan, albatta. Biroq bosh qahramon xarakterining shakllanish tadriji ko'rsatilgan yirik nasriy asar qissa emas, roman bo'lishidan kelib chiqilsa, “Sayyoh”ni bemalol roman deb aytsak ham bo'ladi.

Yozuvchining avvalgi asarlaridan farqli o'laroq, bunisi o'tmish emas, aynan bugungi kun veqeliklari haqida. Syujeti ham uncha murakkab emas: oq-qorani tanigan, jamiyatda o'z o'rni va mavqeiga ega Anvar Aliyev degan yigit “ajoyib kunlarning birida” bu dunyoning g'ishavalariga qo'l silkib, olis va kimsasiz tog'lar bag'riga jo'nab ketadi. Maqsadi, qanchadir bir muddat shunday ovloq joyda — sivilizatsiyadan uzoqda yakka-yolg'iz yashash, o'zi bilan o'zi qolish, shu damgacha o'tkazgan hayotini birma-bir idrok etib, o'z botiniga nazar tashlash va… o'zini topish.

Kitobning buyog'i — ramziy.

Anvar o'zi bilan o'zi yashagan “Ayiqdara” aynan qaysi vohada, bu joylarda u qanaqa odamlarga duch keldi, vaxshiy darrandalardan qanday qilib omon qoldi, bularni surishtirish o'rinsiz. Chunki bu “zamonaviy so'fiy” ularning hammasini zohiran aniq, botinan tiniq ko'rib-kechiradi. Real tasvirlar, masalan, bu maskanlarga ayiq otaman deya “sheryurak” bo'lib kelganlar bilan bo'lgan mojarolar, yoinki “G'ullar makoni” deb atalmish sirli go'shaga qorong'u tunda adashib borib qolishi, undagi chaqmoq va momaqaldiroqlar sarosimasi, eng vahimalisi — ana shu lahzalarda o'zining orqa tomonidan unga tikilib turgan sirli ko'zlardan dahshatli xavotirga tushishi… Ana shu kabi ezoterik tasvirlar vaqti-vaqti bilan bo'y ko'rsatadi.

Aslida, boshqalardan xoli qolib, o'zini izlash eskidan bor narsa, buning uchun qadimda chilla o'tirilgan. Solik ovloq bir joydagi xonadan chiqmay qirq kun o'tirishi, u joyga piridan boshqa hech kim kirmasligi, solik piridan boshqa hech kim bilan muloqot qilmasligi, pir ko'rsatmalarini to'liq bajarib, muddat o'tgachgina yana “foniy dunyo”ga qaytishi shart bo'lgan. Biroq hozirgi davrda odamlardan xoli bir maskanni topib chilla o'tirish, piri murshidga bay'at qilish amri mahol bo'lganidan, Anvar ana shunday yo'l tutib, tabiat qo'yniga singib ketadi.

Har bir odam — bu tiriklik dunyosining bir sayyohi. Shuning uchun ham asardagi turli odamlar muallifning badiiy niyatiga ko'ra, o'zlarining turfa qiyofatlarida namoyon bo'ladi. Kishilarning bu tiriklik dunyosidagi sayohati qanday natija beradi, qanday yakun topadi — bu uning o'ziga bog'liq avvalo. Anvar kabi nafsini jilovlab, olamda yuz berayotgan evrilishlarga teran nigoh tashlab, ularni idrok eta biladimi yoki asardagi munofiq Hoji aka singari sirtdan avliyoyu ichdan shaytonning sherigi darajasiga tushadimi, bu uning imoniga, ma'naviy dunyosiga bog'liq.

Bir payt Abdulla Qahhor asardagi qahramonlar aqlli bo'lishi uchun yozuvchining o'zi aqlli bo'lishi kerak, degan gapni aytgan edi. Anvar Aliyev siymosida biz din arkonlarini yaxshi bilgan va to'g'ri talqin qilgan, ayni paytda biz yashab turgan XXI asr avvalidagi dunyoning global muammolarini butunicha, bor fazilatu dahshatlari bilan his qilgan adibni ko'ramiz.

Albatta, “Sayyoh” — Begijonning dastlabki yirik asari. Katta janrning erkinliklari bilan bir qatorda mushkulotlari ham bir talay. Shu sababli bo'lsamikin, ayrim sahifalarda kitobxonga taqdim etilayotgan ilmiy ma'lumotlar qissaning o'rish-arqog'iga u qadar chirmalmay qolganday tuyuladi.

Biroq “Sayyoh” faqat belletristika maqsadida yozilmaganini, syujeti ham o'quvchini maroqlantirish uchun to'qilmaganini yodga olsak, bu yangi asarni adabiyotimizning bir yutug'i, deb bemalol aytsak bo'ladi.

Zuhriddin Isomiddinov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =