Tabiat — ulug' ijodkor

Gul va chechaklarga burkangan bog'ni, ayniqsa, navbahorniyu o'rik gulini yaxshi ko'rardi Hamid Olimjon. Shu bois suyukli yori Zulfiyaxonim muhabbat va uyg'onish fasli kelishi bilan qo'liga qalam olar, yuragida bir sog'inch bilan bahor manzaralarini chizar edi.

Hirotdagi xushmanzara Unsiya ijod ahlining bog'i bo'lgan. Hazrat Navoiy Unsiyaga o'z qo'li bilan mevali daraxt va gullar ekkani haqida ma'lumotlar mavjud. Jomiy va Navoiy adabiy maktablari ham Unsiyada joylashgandi. Bu maktabda qanchadan-qancha iste'dodlar tarbiya topgandi.

Mirzo Boburning Kobulda o'nta bog' barpo etganligi manbalarda qayd etilgan. “Shahroro bog'” shular jumlasidandir. U “Boburnoma”da o'zi bunyod etgan bog'larning manzarasini tasvirlaydi. Dashti Shayx qirlari etagida o'sadigan lolaning 33 xilini qalamga oladi. Hindistondagi Jamna daryosi sohilida “Ram bog'”ini barpo etdi. Mevali daraxtlar bilan birga, oq yosuman, sambitgul, josun kabi gullar, manzarali daraxtlar ektiradi. Hindistondagi “Bog'i Boburiy” hanuz barqaror. Mahalliy xalq xushbo'y atirgulni Hindistonga birinchi bo'lib Bobur keltirganini hali-hali ta'kidlaydi.

Qalam ahli bog'i

Zamondoshlari akademik shoir G'afur G'ulomning “bog'bonnamo” siymosini bot-bot eslaydilar. Toshkentning Arpapoya mahallasidagi hovlisi chamanzor go'shasini eslatardi.

Abdulla Qahhor ham nabotot dunyosining yaqin do'sti edi. Uy-muzeyini ziyorat qilib, bir zamonlar u ekkan mevali daraxtga ko'zimiz tushgan. Azamat daraxt soyasida nafas rostladim. Yaxshidan bog', degan naql xayolimdan kechgandi.

Ulug' shoir Hamid Olimjon 1944 yilning 3 iyulida avtohalokat sabab olamdan o'tdi. Fojia sodir bo'lgan kuni qorong'u tushgunga qadar Do'rmondagi bog' hovlisida jismoniy mehnat bilan mashg'ul bo'lgani adabiy davralarda aytiladi.

Gul va chechaklarga burkangan bog'ni, ayniqsa, navbahorniyu o'rik gulini yaxshi ko'rardi Hamid Olimjon. Shu bois suyukli yori Zulfiyaxonim muhabbat va uyg'onish fasli kelishi bilan qo'liga qalam olar, yuragida bir sog'inch bilan bahor manzaralarini chizar edi. “Hammayoq yangilana boshladi. Zilol, oq, pushti ranglar Toshkentning ichkari hovlilariga ham kirib, gul sochib yuribdi. Birinchi bahor… Har novda, har maysa o'zicha uyg'onib, bahor keldi — mening dardu armonim oshgandan oshib ketdi. Yana qog'ozga muk tushdim…

Ha, Zulfiyaning “Bahor keldi seni so'roqlab” she'ri shu tarzda dunyoga kelgandi.

Bir paytlar buyuk adib Oybek domla Taxtapul va Yunusobod mavzelari o'rtasidagi Oqtepa mahallasidan bog'-hovli sotib olgan. Rafiqasi Zarifaxonim bilan yozni shu bog'da o'tkazardi. Shu yerda yozilgan “Qutlug' qon” romanida aynan o'sha jannatmonand bog'ning ajoyib manzarasini — go'zal tasvirini ko'ramiz.

Abdulla Qodiriyning ham katta bog'i bo'lgan, to'g'rirog'i, u padari buzrukvori Qodir bobo barpo etgan bog' ichida o'sib-ulg'aydi. Bir kuni bog' darchasini kimdir taqillatdi. Julqunboy borib darchani ochgach, salom-alikdan so'ng, Abdulla Qodiriyni ziyorat qilmoqchiydim, dedi kelgan odam. U ulug' yozuvchini bog'bon yo uy xizmatchisi deb o'ylagan ekan-da.

1933 yilning bahor oylari rus yozuvchisi Aleksey Tolstoy rafiqasi bilan Abdulla Qodiriy uyida mehmon bo'ladi. Sershahd uzumlardan tatib ko'rgach, “qaniydi, bizning ham bog'imiz bo'lsa”, deydi Tolstoy rafiqasiga yuzlanib. Endi bog'imiz, uzumzorimiz bo'ladi, deydi turmush o'rtog'i tabassum bilan va Habibulla Qodiriy (A.Qodiriyning o'g'li)dan bir necha tok novdalaridan olib berishini so'raydi. Xohishi bajarilgach, novdalarni zontik o'rnida boshiga tutib, minnatdor holda, jo'nab ketishadi.

Tabiat, o'z navbatida, ulug' ijodkor. Uning nimaga qodirligi faqat uyg'onish faslidamas, yilning to'rt faslida yaqqol namoyon bo'ladi. Tabiat va qo'li gul inson harakatining birlashuvi haqiqiy mo''jiza yarata oladi. Bugun shunday mo''jizani Milliy bog' hududidagi muhtasham Adiblar xiyo­bonida ham ko'rishimiz mumkin.

Sevimli adiblarimizdan birining: “Bog' haqida muhtaram Prezidentimizning so'zlarini eshitarkanman, xayolimda Alisher Navoiy tavallud topgan Hirot, u yerdagi Unsiya bog'i jonlandi”, deb ta'kidlashida jon bor, albatta.

2017 yili ijod ahli uchun ham unutilmas voqealarga boy bo'ldi. Aprel oyining 18 sanasida Prezidentimizning “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi. 2017 yil 23 dekabr­da muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Adiblar xiyoboni bilan tanishish maqsadida Milliy bog'ga tashrif buyurdi. Biz doi­mo ziyolilarni, ijodkorlarni qo'llab-quvvatlashimiz kerak, dedi mamlakatimiz rahbari bir guruh yozuvchilar bilan uchrashuvda.

Bog' ichidagi Mir Alisher Navoiyning muhtasham haykali — barhayot she'riyatning muazzam mujassamasi edi. Adiblar xiyoboniga qo'yilgan Said Ahmad va Saida Zunnunova, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Oybek, G'afur G'ulom, Ozod Sharafutdinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuflarning jonajon xalqi va Vataniga bo'lgan mehr va sadoqat timsoli haykallari ham bamisoli asarlari singari o'zbek adabiyoti bo'stonini bezab turibdi.

Xiyobondan yoshlar qadami uzilmaydi — bu yerda navnihol bog'bon mehrini tuyib va tafakkur dunyosidan bahra topib, o'zi uchun bir umrga unutilmas saboq oladi. Chamanzorning beg'ubor havosi hislarning ko'ngildan qog'ozga to'kilishiga sabab bo'ladi. Bu maskan yosh ijodkor uchun mahorat, mehnat, yaratuvchanlik olamidir. Adabiyot bog'ida yangi dunyolar ochilib, she'riyat va ijodga mehri oshadi, sehrli olamga intilish ishtiyoqi ortib boraveradi…

Muhammad Shodiy,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =