Xususiy tibbiyot muassasalarida ham tug'uruq amalga oshiriladi

Davlatimiz tomonidan tug'ish yoshidagi ayollarning sog'ligiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko'rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko'lamini yanada kengaytirish to'g'risida”gi qarorida soha rivojiga oid muhim vazifalar belgilandi.

O'z navbatida ona va bola salomatligini asrashda, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirishda ushbu qaror muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, yurtimizda ilk bor ushbu sohaga xususiy sektorning kirib kelishiga keng yo'l ochildi.

— Endilikda xususiy tibbiyot muassasalari tug'uruqni qabul qilish, tibbiy faoliyat turi bilan shug'ullanishi mumkin, – deydi Sog'liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig'i Farhod Rahimqulov. — Tug'uruqni qabul qilish bilan shug'ullanish faqat Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining “Xavfsiz onalik” strategiyasi talablariga rioya etilishini ta'minlay oladigan tug'uruq, jonlantirish, chaqaloqlarni jonlantirish, muddatiga yetmay tug'ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish, endovizual ginekologiya bo'limlari, poliklinika, bakteriologik va klinik-biokimyo laboratoriyalari hamda yuqori malakali tibbiyot xodimlari mavjud bo'lgan muassasalarga ruxsat etiladi.

Hujjatda, 2020 yil 1 martga qadar sog'liqni saqlash va FHDYo organlari o'rtasida tug'ilish va o'lim to'g'risida elektron ma'lumotlar almashinuvi dasturini Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida tavsiya qilingan hisobot shakllarini real vaqt rejimida yuritish, shuningdek, ushbu dasturga xususiy tibbiyot muassasalarining ulanishi hamda uni sog'liqni saqlash komp­leks axborot tizimiga integratsiya qilish uchun zarur sharoitlar yaratish inobatga olingan.

Hozirda tibbiy faoliyatga belgilangan litsenziya talab va shartlariga akusherlik faoliyati bilan shug'ullanish uchun Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining “Xavf­siz onalik” strategiyasi talablariga muvofiq, tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish masalalari vazirlik tomonidan ko'rib chiqilmoqda.

Feruza Berdiyeva.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 11 =