Daryodek uyg'oq shoir

Chindan ham Hamid Olimjon o'zining qisqa umrida daryodek to'lib, hayqirib, to'lqinlanib, Vataniga talpinib yashadi va ijod qildi. U o'z she'rlarining ritmini, ohangini, ifoda usullarini belgilashda ham daryodan ulgu oldi.

XX asr o'zbek adabiyotining atoqli vakili, xassos lirik shoir Hamid Olimjon lirikasining badiiy go'zalligini ta'minlovchi poetik obrazlar g'oyat ko'p va rang-barangdir. Shoirning adabiyotshunosligimizda allaqachonlar tan olingan Baxt, Shodlik, Tole, Vatan, Gul obrazlari qatoriga Olov, Quyosh, Nur, Alanga, Mash'al, Otash, Tong, Tun kabi yangi poetik obrazlarni bemalol qo'shish mumkin.

Shunisi borki, otashnafas shoirning lirik merosi yuqorida sanab o'tilgan poetik obrazlar bilangina cheklanib qolmaydi. Hamid Olimjonning ijod koshonasini barkamol qilgan, uning go'zalligini ta'minlagan muhim obrazlardan yana biri daryodir. “Daryo” o'z mazmun-mohiyati, badiiy estetik vazifasining qamrovi, g'oyaviy yukining salmog'i bilan Vatan, Baxt, Shodlik, Gul obrazlaridan qolishmaydi. Daryo shoirning talay she'rlari, balladalari, dostonlari, dramalari, hatto maqolalarida ham ko'p uchraydi. Ular bir-birini to'ldiradi, boyitadi va maxsus tizimni tashkil etadi. Ayni chog'da “daryo” obraz sifatida har bir asarda o'ziga xos vazifani ado etib, ehtirosli shoirning yoniq, uyg'oq, toshqin qalbi, o'tkir nigohi, umidbaxsh tilaklari, ona yurti go'zalligining ramzi sifatida namoyon bo'ladi.

“Daryo” Hamid Olimjonning ilk she'r­laridanoq ko'zga tashlanadi. U shoirga qudratli kuch, jo'shqin kayfiyat, tizginsiz hayrat, yo'lidagi to'siqlarni qo'porib tashlovchi shiddatli oqim timsoli bo'lib ko'rinadi. Shoir uchun go'yo “Shag'irlardi osmon va havo, Shag'irlardi butun koinot, Shag'irlardi betinim daryo, Shag'irlardi daryoda hayot…” (Shu va bundan keyingi misollar H.Olimjonning 10 jildlik “MAT”ning 1-jildidan olindi). Bu obraz uning yoshligida ko'rganlarini, jamiyatda kechayotgan yangilanish jarayonini obrazli ifodalashning eng qulay vositasi sifatida kirib keldi. Daryo Hamid Olimjon she'rlaridagi lirik qahramonning Vatanga bo'lgan buyuk va o'lmas muhabbatini ifodalovchi timsol sifatida namoyon bo'ladi. Chunki daryo Vatan bag'rida oqib, uni sug'ormoqda, atrofini obod qilyapti, kerak bo'lsa, yurtni «elektrik daryo» bo'lib yoritmoqda, tinim bilmay xizmatini qilib, har doim uyg'oq bo'lib turibdi. Daryoning bu fazilatlariga havas bilan qaragan shoir o'zi ham mudom “Daryodek uyg'oq” o'tishga, “Nahrlarday to'lib” yashash hamda ijod qilishga urindi. Masalan, bu tilagini «O'lka» nomli she'rida qu­yidagicha obrazli bayon qiladi:

Qulog'imga noming kirganda

Qumloq kabi tashna boqurman.

Sening jannat vodiylaringdan

Nahrlarday to'lib oqurman.

Chindan ham Hamid Olimjon o'zining qisqa umrida daryodek to'lib, hayqirib, to'lqinlanib, Vataniga talpinib yashadi va ijod qildi. U o'z she'rlarining ritmini, ohangini, ifoda usullarini belgilashda ham daryodan ulgu oldi. Masalan, shoirning erkin vaznda yaratgan she'rlaridagi misralar, turoqlar va iboralarning joylashuvi, tanlangan so'zlarning ohangi xuddi daryo to'lqinlariga o'xshaydi. Ular go'yo quvalashib, bir-biriga mingashib borayotgandek taassurot qoldiradi. Daryo obrazi shoir «men»ining o'ziga xos qirralarini, poetik tafakkurining kengligi va chuqurligini ko'rsatishga xizmat qiladi. Hamid Olimjonning butun ijodi xuddi shoirning o'zi mehr qo'ygan daryolar suvidan, uning shiddati va to'lqinidan bahramand bo'lgandek tuyuladi. Masalan, shoir «Chirchiq bo'ylarida» sayr qilar ekan (1940), baland qorli tog'lardan uzoq yo'l bosib xalq xizmatiga oshiqayotgan daryoga qarab:

Chirchiq bo'ylarida yonar chiroqlar,

Qarshimda zo'r daryo ochadi chiroy.

Qalbimda oqmoqda bir daryo qo'shiq,

Qor bosgan tog'larning tepasida oy… — deya kuylaydi. Hamid Olimjon nazarida Daryo ham shoir, u o'zining «… ipak ro'moli bilan buralib, erkalab xayoli inja bir she'r bo'lib» oqadi (58-bet). Yoki Neva daryosiga murojaat qilib, «Sen — hayot shoiri, asrlarning Sirlarini she'r ila yaratgansan» desa o'quvchiga erish tuyulmaydi. Shoir fikrini davom ettirib, daryo yuzasida paydo bo'lgan mayda to'lqinlar harakatini «Bu tabiat-da bir chevar shoir» bo'lib, «har nafas yuzlaringga kashta tikar» tarzidagi original metaforik ibora bilan tasvirlaydi (61-bet).

Xullas, o'zining tuganmas muhabbati va ulug' niyatlarini daryo to'lqinlari, jimjimadorligi, latofati, to'laligi, serobligi zimmasiga yuklaydi. Shuning uchun ham o'lmas san'atkor Hamid Olimjon o'zining «Daryodek tiniq, osmondek beg'ubor» she'rlarida uyg'oq ijodkor sifatida mangu yashayveradi.

Yo'ldosh Solijonov,

filologiya fanlari doktori,

professor.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + 2 =