Ahmad bin Said al-Kasiriy: “O'zbekistonning yangi parlamentini mas'uliyatli vazifalar kutmoqda”

O'mon Sultonligi O'zbekistonning arab olamidagi muhim hamkorlaridan biri sanaladi. 2019 yil yurtimizda saylov yili ekani ma'lum. O'monda ham joriy yil 27 oktyabr kuni mamlakat parlamentining quyi palatasi – Maslahat kengashiga (Majlis al-Sho'ro) saylov bo'lib o'tdi. Sultonlikning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad bin Said al-Kasiriyga saylovlar hamda o'zaro hamkorlikka doir savollar bilan murojaat qildik.

— Elchi janoblari, O'mon Sultonligi siyosiy hayotida muhim hodisa — Maslahat kengashiga (Majlis al-Sho'ro) saylov yakunlari haqida ma'lumot bersangiz.

— Maslahat kengashi saylovi tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o'tdi. Muhim siyosiy tadbirda elektorat – saylovchilar faol ishtirok etdi. Ijtimoiy kelib chiqishi, mavqeidan qat'i nazar barcha nomzodlar iqtidori va salohiyatiga ko'ra, munosib ovoz oldi va shu tariqa 2020-2023 yillarda faoliyat olib boruvchi quyi palata tarkibi shakllantirildi.

Saylov yakuniga ko'ra, Maslahat kengashidagi 86 ta o'rindan ikkitasini ayol nomzodlar egalladi. 2015 yilda  611 907 saylovchi ro'yxatga olingan bo'lsa, bu gal elektorat 713 335 kishiga yetdi.

Men saylovoldi kampaniyasi uyushqoqlik bilan o'tkazilganini ta'kidlashni istardim. Bu gal olis hududlar va qishloqlar aholisi ham alohida faollik ko'rsatdi. O'mon xalqi parlamentdagi vakillari orqali o'z xohish-istagini namoyon etishga jiddiy e'tibor qaratmoqda.  Aholi, shuningdek, erkin matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali o'z fikrini emin-erkin bildirmoqda. Bu esa xalq va boshqaruv idoralarini yanada yaqinlashtirmoqda.

– Xabaringiz bor, joriy yil 22 dekabr kuni O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylov bo'lib o'tadi. Yurtimizda kechayotgan saylovoldi jarayoni haqida qanday fikrdasiz?

— Albatta, mamlakatingiz hayotidagi muhim siyosiy jarayonni ommaviy axborot vositalar orqali kuzatib bormoqdamiz. Saylovoldi kampaniyasi o'zgacha kechyapti. Bu borada  “Yangi saylovlar — yangi O'zbekiston” shiori tanlangani ham bejiz emas.

Menimcha, yangidan shakllanadigan parlament avvalgisiga qaraganda mukammalroq bo'ladi. Deputatlar mamlakatda va dunyoda kechayotgan o'zgarishlar bilan qadam-baqadam yuradi. Sir emas, demokratik tartiblarga ko'ra, siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga doir muhim chora-tadbirlar qonun yo'li bilan amalga tatbiq etiladi. Masalan, ayni paytda O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zoligi borasida qizg'in muhokamalar ketmoqda. Bu kabi xalqaro tashkilotlar va ins­titutlar bilan robitalarni rivojlantirish borasidagi so'nggi so'zni baribir parlament aytadi. Demak, yangi tarkibdagi Oliy Majlisni mas'uliyatli vazifalar kutmoqda.

— O'zbekiston va O'mon hamkorligining hozirgi holatini qanday baholaysiz?

— Tarixan Buyuk ipak yo'lida umrguzaronlik qilgan xalqlarimiz o'rtasida azaldan savdo-tijorat aloqalari nash'u namo topgan. Bugun esa bu borada yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Yaqindan boshlab O'mon bozorida O'zbekistonda yetishtirilgan ho'l meva va sabzavotlar sotilmoqda. Bu — tijoratni yanada kengaytirish yo'lidagi dastlabki va muhim qadamdir.

2010 yilda O'zbekiston hamda O'mon tomonidan qo'shma investitsiyaviy fond ta'sis etilgan edi. O'tgan yillar davomida fond tomonidan mahsulotlarni qayta ishlash, xizmat ko'rsatish, bank sohalaridagi ko'plab loyihalar moliyaviy qo'llab-quvvatlandi. Yaqin istiqbolda sog'liqni saqlash, ta'lim va boshqa sohalarga investitsiya kiritish ko'zda tutilmoqda.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga tatbiq etilayotgan ochiqlik siyosati va islohotlar mamlakatga xorijlik, jumladan, o'monlik investorlarning qiziqishini oshirmoqda. Masalan, bir guruh o'monlik sarmoyadorlar ayni paytda Farg'ona vodiysi viloyatlari — Namangan va Andijonda investitsiya kiritish imkoniyatini o'rganmoqda.

Yaqinda O'zbekiston savdo-sanoat palatasi rahbari bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish uchun “yo'l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib oldik. “Yo'l xaritasi” ishlab chiqilishi munosabatlar rivojiga yangidan turtki beradi.

Xabaringiz bor, O'mon Sultonligi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq­shunoslik instituti binosi qurilishida ishtirok etdi. Shu maqsadda Sulton a'lohazratlari tomonidan grant ajratildi. Ushbu bunyodkorlik loyihasi biz uchun alohida qadrli ekanini ta'kidlashni istardim. Zero, kutubxonada saqlanayotgan nodir qo'lyozmalar nafaqat O'zbekiston, balki butun insoniyatning ma'naviy boyligidir.

Buxoro shahri 2020 yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e'lon qilingani bizni mamnun etdi. Kelgusi yil ushbu muhim voqea doirasida tashkil etiladigan anjumanlarda albatta qatnashamiz.

Umuman, madaniy-gumanitar soha, ilm-fan, turizm — barcha yo'nalishlarda robitalarimiz mus­tahkamlanib bormoqda.

– Joriy yil 12 aprel kuni O'monning yangi elchisi sifatida O'zbekiston Prezidentiga ishonch yorlig'i topshirgan edingiz. O'tgan muddat ichida yurtimizda o'zingiz uchun nimalarni kashf etdingiz?

— Men maktabda o'qib yurgan kezlarimdayoq Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlaringiz haqida ilk ma'lumotlarni olganman. Oliy o'quv yurtidagi tahsil davrida esa ushbu zamindan yetishib chiqqan Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Buxoriy, Termiziy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy kabi diniy va dunyoviy ilmlarning peshqadam vakillari, ulug' allomalar merosi bilan tanishganman.

O'zbekistondagi diplomatlik faoliyatim davomida qadimiy shaharlarni ziyorat qilib, tasavvurlarimni hayotiy taassurotlar ila boyitdim. O'zbek xal­qi o'monliklar kabi mehmondo'st, ochiqko'ngil va yuksak madaniyat sohibi ekan. Sirasini aytganda, xalqlarimizni bog'lab turuvchi mushtarak rishtalar bisyor ekaniga amin bo'lmoqdaman.

Sobir Salim

suhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + one =