Ayol — jamiyat mezonini belgilovchi kuch

Dunyoda davlat va jamiyatning nufuzi, ongu tafakkuri, madaniy darajasini ko'rsatadigan mezonlar ko'p. Lekin har qaysi millat va xalqning ma'naviy kamolotini belgilovchi, ta'lim-tarbiyasini takomillashtiruvchi bu — ayoldir. Xotin-qizlarga bo'lgan munosabat, hurmat-ehtiromni davlatning ularga bo'ladigan munosabatida belgilash mumkin. Shu nuqtai nazardan qaralsa, ayollarni ulug'lab, ardoqlab, boshiga ko'tarib yashaydigan xalq o'zining yuksak madaniyati va olijanob qadriyatlarini amalda namoyon qiladigan millat sifatida hurmat qozonadi.

Nigora Turdiyeva,

“Oila” ilmiy-amaliy markazi Ishtixon tuman bo'limi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov shunday deydi: “Nomus, or, sadoqat, vafo, muhabbat kabi muqaddas tuyg'ularning timsoli Ayoldir”.

A.Oripov bu timsolning yana bir buyuk xizmatini e'tirof etadi: “Jamiyatning, millatning beqiyos rivoji, yurtning gullab-yashnashi Ayolning e'tiqodi, diyonati, axloq-odobi, halolligiga juda-juda bog'liq”.

Shu sabab, Sharqda, xususan, yurtimizda ayollar azaldan ulug'lab kelingan. Uning tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik, fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning farishtasi ekani to'g'risida buyuk mutafakkirlar, shoir hamda allomalar manbalarda yozib qoldirgan, madh etgan.

Hadisi sharifda: “Jannat onalarning oyog'i ostidadir” degan Payg'ambarimiz. Zero, mehribon, muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib, ta'zim qilamiz.

Ayol — ana shunday ulug' zot, muqaddas siymo.

Ayolga nisbatan ongu shuurimizda, qalbimizda paydo bo'lgan cheksiz mehr-muhabbat, ehtirom tuyg'ulari, qadriyatga aylangan qarashlar oilamizda, jamiyatimizda va o'z-o'zidan davlatimizda ham mustahkam namoyon bo'lib, qaror topmoqda.

Shu bois, O'zbekistonda ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta'minlash borasida hamma choralar ko'rilgan, sha­roitlar yaratilgan. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o'z qobiliyat hamda imkoniyatlarini ro'yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoit yaratish, qonuniy manfaatlariga so'zsiz rioya qilinishiga erishish, onalik va bolalikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, shuningdek, oila ins­titutini mustahkamlash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Nasiba Abrayeva,

Chiroqchi tumani xalq ta'limi bo'limi mudiri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— Bugun xotin-qizlarimizning qadami tegmagan joy, ular egallamagan soha qolmadi hisob. Ular o'qituvchilik, xususiy tadbirkorlik, fermerlik, harbiylik, umuman, ijtimoiy sohadan tortib, iqtisodiyot, sanoat, davlat va jamiyat qurilishi sohasida faollik ko'rsatyapti. Qanchadan-qancha soha va tarmoqlarda rahbarlik lavozimlarini egallayotgan xotin-qizlar soni muntazam ravishda ortib boryapti.

Esimda bor, o'tgan yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag'ishlangan uchrashuvdagi nutqida bir ajoyib raqamni keltirib o'tgan edilar. Davlatimiz rahbari hozirgi vaqtda mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etishini ta'kidlagan edilar. Jumladan, davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin opa-singillarimiz rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari tarkibida ham yuzlab xotin-qiz faoliyat yuritmoqda.

Ko'plab opa-singillarimiz «O'zbekiston Qahramoni», «O'zbekiston fan arbobi», «O'zbekiston xalq o'qituvchisi», «O'zbekiston xalq shoiri», «O'zbekiston xalq artisti» singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor bo'lgan. Ularning orasida 500 nafardan ziyod fan doktori va akademiklar, minglab fan nomzodlari o'z bilimi hamda iste'dodi bilan Vatanimiz ravnaqi yo'lida sidqidildan xizmat qilayapti.

Zulayxo Rahimova,

Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tumani tibbiyot birlashmasi shifokori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— Xotin-qizlar o'zining bilim va tajribasi, professional malakasi va mahorati bilan ko'pgina jabhalarda ilg'or, hatto yetakchi mavqelarni egallayapti. Hayotimizda tobora katta o'rin olayotgan fermerlik harakati, biznes, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilm-fan, tibbiyot, ta'lim-tarbiya, madaniyat va san'at kabi soha hamda tarmoqlar taraqqiyotini ayollarning ishtirokisiz, aql-zakovatisiz tasavvur etib bo'lmay qoldi.

Shular haqida, umuman, jamiyatimizda ayollarga munosabat, uning qadr-qimmati, yurt hayotida tutgan o'rni borasida o'ylar ekanman, bir haqiqatni anglayman: O'zbek ayolining shonu shavkati ham, qadr-qimmati ham xuddi xalqimizning qaddi singari mustaqillik yillaridagina tiklandi!

Mustaqillik sharofati bilan ayollari qo'llaridagi qadoqdan xalos bo'ldi, yelkasiga oftob nuri tushdi, ehtiromga burkandi, e'zoz topdi, jamiyatda mavqega erishib, o'zligini namoyon etish imkonini qo'lga kiritdi.

Gulchehra Turlibekova,

Arnasoy tumani 5-maktab direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— Darhaqiqat, yurtimiz mustaqillikka erishganidan so'ng ayollar uchun nimaiki zarur bo'lsa, barchasini muhayyo qilishga, nozik yelkasidagi og'ir yuklardan xalos etishga, umuman, barcha islohotlarning markazida ayollar va bolalar turishi, ularga har tomonlama g'amxo'rlik ko'rsatishni ta'minlashga katta e'tibor qaratildi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keyingi uch yil ichida xotin-qizlarga qaratilayotgan ulkan e'tibor, ko'rsatilayotgan ehtirom va g'amxo'rliklar jamiyatimizda ayollarning mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 fevralda qabul qilgan «Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmoni bu borada, ayniqsa, ulkan o'zgarishlarga poydevor bo'ladigan katta voqelik bo'ldi.

Ozoda Xayrullayeva,

Pop tumani maktabgacha ta'lim bo'limi mudiri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— O'tgan qisqa davrda yuqoridagi Farmon doirasida Prezidentimizning yana 1 ta Farmoni, 2 ta Qarori, shuningdek, hukumatimizning 6 ta qarori va 4 ta farmoyishi qabul qilindi.

Yurtboshimizning mazkur Farmonida ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qobiliyat va salohiyatini ro'yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni ishonchli muhofazalashga qaratilgan ko'plab muhim chora-tadbirlar belgilanib, amaliyotga joriy etildi.

Belgilangan vazifalarning ijrosi sabab, O'zbekiston Xotin-qizlari qo'mitasi va uning hududiy bo'linmalarining yangilangan tuzilmalari tasdiqlanib, shtat birliklari hamda xodimlarining oylik ish haqi oshirildi. Xotin-qizlar qo'mitasining hududiy bo'limlari qoshida “Huquqshunos ayollar”, “Ilm-fan va ayol”, “Ijodkor ayollar”, “Tashabbuskor ayollar”, “Ayol va salomatlik”, “Faxriy ayollar” jamoatchilik uyushmalari tashkil etildi. Qo'shimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani Xotin-qizlar qo'mitasining sezilarli darajada jonlanishiga, shu orqali, uning jamiyatda ayollar manfaatlarini himoya qilishdagi roli va ishtirokining kengayishga xizmat qilmoqda.

Farmon bilan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha mutaxassis lavozimi joriy etilgani ham muhim yangiliklardan biri bo'ldi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzurida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo'linmalari tashkil qilindi.

Mamlakatimiz rahbarining yuqoridagi Farmoniga asosan Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tuzilib, faoliyatini samarali tashkil etish uchun dastlabki 300 milliard so'm mablag' ajratildi.

Ushbu mablag'lar hisobidan xotin-qizlar bandligini ta'minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandlikka keng jalb etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mazkur sohadagi sa'y-harakatlar faol tadbirkorlikni rivojlantirish, ayollarning oiladan, farzand tarbiyasidan ajralmagan holda kasanachilik, tomorqachilik bilan shug'ullanishi uchun qulay sharoit, zarur imkoniyat yaratayapti. Kam ta'minlangan, shaxsiy uy-joyga muhtoj oilalarga uy-joy olish uchun ajratiladigan kreditlarning boshlang'ich badallarini to'lab berishda ham mazkur fond mablag'laridan foydalanish belgilangani ro'zg'ori nochor, qo'li kalta ayollarimizni qo'llab-quvvatlash, ularga g'amxo'rlik ko'rsatishda muhim omil bo'lmoqda.

Nodira Djanibekova,

Sirdaryo viloyati qirg'iz milliy madaniyat markazi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— O'zbekiston — iste'dodlar yurti. Beshikdan qabrgacha ilm izla, degan hikmatga asoslanib ulg'ayadigan yoshlarimiz orasida har sohada yuqori natijalarga erishayotgan qizlar ham juda ko'p.

Ana shunday yosh qizlarimizni rag'batlantirish, yuksak yutuqlar sari il­homlantirishda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti katta o'rin tutadi. Yaxshi bilasiz, ilgari ushbu mukofotni qo'lga kiritish uchun yosh chegarasi ancha kichik, g'oliblar soni ham cheklangan edi.

Diqqatga molik jihati, endilikda mazkur mukofot ta'lim, fan, adabiyot, madaniyat, san'at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o'n to'rt yoshga to'lgan va o'ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga har yili Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorlarga beriladigan bo'ldi. Bu ham o'z sohasi va yo'nalishida ulkan yutuqlarga erishayotgan qizlarimizga katta imkoniyat yaratmoqda, iqtidorli qizlarimiz safini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Ta'kidlash joizki, mamlakat va jamiyat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik ko'rsatgan, o'zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi, farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo'shgan oddiy xotin-qizlarimiz ham hech qachon e'tibordan chetda qolayotgani yo'q. Bunday xotin-qizlarimiz uchun «Mo''tabar ayol» ko'krak nishoni ta'sis etilgani, “Yil ayoli”, “Ibratli oila” tanlovlari o'tkazilayotgani yurtimizda ayolga naqadar katta hurmat va ehtirom ko'rsatilayotganining yana bir tasdig'idir. Eng asosiysi, amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlar bugun o'z samarasini bermoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori, shubhasiz, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlash, mehnat huquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirib yubordi.

Mazkur qarorda ayollarning mehnat va pensiya sohasidagi huquqlari, gender tengligini ta'minlash bo'yicha mutlaqo yangi kafolatlar belgilab berildi. Ayollarga o'z biznesini tashkil etish, biznes g'oyalarini tayyorlashda yordam berish, uzoq vaqt davomida bola tarbiyasi bilan band bo'lgan, og'ir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan ayollarni talab katta bo'lgan kasbga tayyorlash va ishga joylashish uchun ularga ko'maklashish maqsadida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etildiki, bu o'z samarasini bermoqda.

Mavludaxon Adhamjonova,

Andijon tumani ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudirasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— Ayollarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarning sanab adog'iga yetish qiyin. Ammo yana bir jihat borki, u haqda to'xtalib o'tmaslik mumkin emas. Bu — millatimiz kelajagi, naslimiz tozaligining muhim omili bo'lgan salomatlik bilan bog'liqdir.

“Faqat sog'lom onadan sog'lom farzand tug'iladi”. Aslida ham to'g'ri aytilgan gap. Boisi, ruhiyati sog'lom, aql-zakovatli, ma'rifatli onalargina komil farzandlarni tarbiyalashga qodir bo'ladi. Ana shu haqiqatni chuqur anglagan holda, yurtimizda xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismoniy va ma'naviy jihatdan yetuk yosh avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan, uzoqni o'ylab, puxta ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi hayotga izchil joriy etilayotir.

Hozirgi paytda barcha hududlarimizda perinatal, skrining, reproduktiv salomatlik va diagnostika markazlari faoliyat ko'rsatmoqda. Tug'uruq bo'limlari, ko'p tarmoqli poliklinikalar va qishloq oilaviy poliklinikalari soni ortib bormoqda. Ushbu tibbiyot maskanlarida ayollar va qiz bolalar yil davomida chuqurlashtirilgan ko'rikdan o'tkazilib, ularga doimiy patronaj xizmati ko'rsatilmoqda. Bu esa onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash uchun zamin yaratayotir. Xotin-qizlarda uchraydigan kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash ishlari samarali tashkil etilayotgani tufayli ayollar o'rtasida kasalliklar qariyb 2 barobar, onalar o'limi 3 barobar, go'daklar o'limi salkam 4 barobar kamaygani buning yaqqol dalilidir.

Gauxar Zaripova,

Qoraqalpog'iston Respublikasi ijtimoiy sudi sudyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— “Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi”, degan hikmatli gapda katta ma'no-mazmun bor. Yurtimizda ayollarga qaratilayotgan ana shunday ulkan e'tibor va g'amxo'rlik jamiyatimizning madaniy darajasi naqadar yuqori ekanidan dalolatdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 21 iyundagi Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida xalqimiz azaldan xotin-qizlarga doimo yuksak ehtirom ko'rsatib kelishi, ayolga bo'lgan hurmat-e'tibor — bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga bo'lgan hurmat-e'tibor ifodasi ekanini alohida ta'kidlab o'tgan edilar.

Darhaqiqat, hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarni nafaqat e'zozlash, balki ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Yaqinda parlamentimizda ikkita muhim hujjat — “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi.

O'zbekiston tarixida birinchi marta qabul qilingan ushbu qonunlar jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun erkaklar bilan teng huquq hamda imkoniyat yaratishni ta'minlashga, xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta'lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo'ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Dilrabo Xalbayeva,

“Inson huquqlarini himoya qilish” NNT raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— O'zim a'zo bo'lgan — O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida hamda partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarda «Adolat — hayotimizning bosh mezoni, adolat — har bir inson uchun» degan tamoyil ustuvor qilib belgilangan. Xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularning ijtimoiy hayotdagi rolini, siyosiy, ijtimoiy maqomini yanada oshirish, ayollarga teng huquq va imkoniyatlar, adolatli mehnat sha­roitlari yaratish, yuqori malakali xotin-qizlarni davlat boshqaruvi hamda siyosatga faol jalb etish ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Oldimizda juda katta tadbir, muhim siyosiy voqea — O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov jarayonlari turibdi. Parlament sayloviga O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham munosib tayyorgarlik ko'ryapti, pishiq-puxta tayyorlangan saylovoldi dasturi bilan chiqyapti. Unda ayol baxt­li bo'lsa — oila baxtli bo'ladi, oilalar baxtli bo'lsa — butun jamiyat va davlat mustahkam va barqarordir tamoyili asosida jamiyatimizda xotin-qizlarning rolini yanada oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ishonchli ta'minlashga qaratilgan ulug'vor g'oya hamda maqsadlar mujassam ekanligi bilan ahamiyatlidir.

“Hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi, — deydi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston xotin-qizlariga yo'llagan bayram tabrigida. — Lekin sizlarning barcha sohalardagi samarali mehnatingiz, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlaringizni hisobga olib aytadigan bo'lsak, jamiyatdagi o'rningiz, O'zbekistonimiz erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissangizni hech narsa bilan o'lchab, baholab bo'lmaydi”.

Ayolning jamiyatimizda tutgan o'rni — bebaho! Doim shunday bo'lib qolsin. Zero, Ayolga munosabatda millat, ertangi kun va kelajak avlodga bo'lgan hurmat yaqqol namoyon bo'ladi.

O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi matbuot xizmati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 7 =