“Ko'rshapalak uyasi” ming dardga davomi? yoki firibgarning yangi nayrangi

Bugun atrofimizga qarasak, yoshlarning ilm-hunar o'rganishi, o'z iqtidorini namoyon etishi uchun yetarlicha imkoniyat bor. Shundan foydalanib, o'z tanlagan kasbi, qiziqqan sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishayotganlari ham talaygina. Ming afsuski, ular qatori qayta-qayta jinoyat sodir etish, sharoiti yetarli bo'laturib, og'ir jinoyatlarga qo'l urishni odatga aylantirganlar ham bor. Bu noshukurlik, to'qlikka sho'xlik emasmi?

Qo'qon shahrida yashovchi Sh.Mirzaraximov ham shundaylardan bo'lib chiqdi. Hali 30 yoshga to'lmagan bo'lsa-da, sudning qora kursisiga 7 marta o'tirib ulgurgan “uddaburon” yigitlardan. 2012 yildan buyon shu ahvol davom etib kelyapti. Beshinchi-oltinchi marta sudlanib, 4-5 yil ozodlikdan mahrum bo'lgach, “Endi qilgan ishlarimdan xulosa chiqarib oldim. Xalqqa foydam tegadigan inson bo'laman” deb JIEM xodimlariga va'da berib, qamoqdan chiqqan. O'talmay qolgan 3 yilu 8 oy 13 kunlik ozodlikdan mahrum etish jazosi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilgan. Afsuski, tarki odat amri mahol deganlari rost ekan. Ota-onasi, qarindoshlarining o'gitlariga quloq solmasdan u yana jinoyat sodir etish yo'liga kirdi. Otasi uni uylantirish harakatida ekanini aytib, bir necha bor tanbeh berdi. Bari befoyda bo'lib chiqdi. Sh.M.ning tabiatidagi ishyoqmaslik, halol mehnat bilan ro'zg'or tebratishiga “xalal” berdi. Butun fikru xayoli osongina boyib ketish, jon koyitmasdan topilgan pulga ko'ngilxushlik qilib yurishdan iborat bo'ldi.

Bir kuni Sh.M. “Yutub” va “Telegramm” kanallari orqali kelayotgan ko'rshapalak uyasi haqidagi videoroliklarni ko'rib, jinoiy reja tuzadi. Ya'ni, ko'rshapalak uyasi tayyorlab sotishni mo'ljallaydi. Shu niyat bilan yurgan kunlari (o'tgan yil oktyabr oyi o'rtalarida) Uchko'prik tumani Yoyilma qishlog'i hududida Baxrom Mahkamov bilan uchrashib qoladi. Unga Namangan viloyati, Pop tumanidagi tog'li hududlarda ko'rshapalak uyasi borligini, bu narsa saraton kasalligiga davo bo'lishini aytadi. B.Mahkamov bu gaplarga ishonadi. Sh.M. esa “ko'rshapalak uyasi”ni 23.300 AQSh dollariga sotmoqchiligini aytib, qarmoqdagi odamni uni olishga ko'ndiradi.

Bu ustamon sement, ohak, alebaster va tuproq qo'shib oldindan yasab qo'yilgan noksimon shakl­dagi qorishmani mana shu “ko'rshapalak uyasi” deb ko'rsatadi. Yana, ko'rshapalak uyasiga tilla buyumlar xuddi magnit singari yopishishi, faqat sarimsoqdan qochishi haqida avvaldan tayyorlangan soxta videorolikni ham ko'rsatadi. Nihoyat xaridor topilgach, “ishbilarmon” B. Mahkamovning yashash manzili – Uchko'prik tumani, Yoyilma qishlog'i 269-uy tomon yo'l oladi. Har ehtimolga qarshi “ko'rshapalak uyasi”ni 5 litrlik baklajkaga joylashtirib, atrofini yaltiroq qog'oz, paxta bilan o'ralgan holatda olib kelib beradi va hozircha ochmasligini tayinlaydi. Bu gapga laqqa tushgan xaridor “uya”ni 15.300 AQSh dollari (125.583.012 so'm)ga sotib oladi. Afsuski, u o'zining aldanganini bilganida kech bo'lgan edi. Tezda tegishli organlarga murojaat qiladi. Tergovga qadar tekshiruv davrida fuqaro B.Mahkamovdan o'sha soxta ko'rshapalak uyasi daliliy ashyo tariqasida olinib, ekspertizaga topshirildi. X.S.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 13110/20-sonli xulosasiga ko'ra, ushbu jismning ustki qavati sement, o'rta qavati ohak va ostki qavati tuproq ekani isbotini topdi.

Buni qarangki, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bir vaqtda, 2018 yilning 10 dekabr kuni “ishbilarmon” qahramonimiz yana bir ishga qo'l urishga ulguribdi. Uning shiori qalbaki narsalarni pullash ekan, shekilli, bu gal sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini o'tkazmoqchi bo'ldi. Unga bu masalada jinoiy sheriklari Ahror Saidov va Qirg'iziston Respublikasi fuqarosi Akbar Xudoyqulov yordam bergan. 393 ta kasetadagi “Lirika” dori vositasini Qo'qon shahar, Avg'onbog' ko'chasi chorrahasiga o'tkazish uchun tashib kelgan. Shundan 121 kasetada bo'lgan xuddi shu dori vositasini xaridor X. Yuldashevaga 3200 AQSh dollariga sotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish” DUKning 2018 yil, 26 dekabrdagi 29/09-4938-sonli xulosasiga ko'ra, Sh.Mirzaraximov va boshqalardan daliliy ashyo tariqasida olingan “LYRICA 300 mg №14” dori vositasi yorliqlash ko'rsatkichlari bo'yicha talabga javob bermaydi. Buning ustiga Respublika sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagani, sifatsiz va yaroqsizligi, tibbiyot amaliyotida qo'llashga ruxsat etilmasligi aniqlangan.

Bu qilmishlari uchun Sh.M. tegishli jazoga tortildi. Bundan buyon u qanday yo'l tutib, nima xulosaga kelarkin? “Ko'rshapalak uyasi” turfa xastaliklarga, xususan, saratonga da'vo deb eshitgan va tovlamachi aldoviga chuv tushgan yurt­doshimizga, qolaversa, ana shunday kim nima desa ergashib ketaveradigan odamlarga aytmoqchi bo'lganimiz esa shu: o'ylab ko'ring, mabodo chindan ham ko'rshapalak uyasi bebaho malham yoki dori bo'lganida uni hozirgi kunda o'lgan odamga jon bahsh etadigan doridan boshqasi topiladigan dorixonlarda sotishmasmidi?!

Nodirjon Shamsiddinov,

Farg'ona viloyati Uchko'prik tumani IIB huzuridagi tergov bo'limi boshlig'i, mayor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + eleven =