Yashirin tahdid

Bugun internet tarmoqlarida 9 mingta sayt odamlarni o'z joniga qasd qilishga targ'ib qilmoqda!

Butun dunyoda globallashuv, madaniyatlar aralashuvi jarayoni kechmoqda. Bu murakkab jarayon nafaqat yoshlarga, balki kattalar dunyoqarashiga ham ta'sir etmoqda. Bir tomondan axborot texnologiyalari kundalik hayotimizga shu qadar shiddat bilan kirib kelyaptiki, buni hech qanday raqamlarsiz ham kuzatishimiz mumkin.

Hozirgi kunda yoshlarning ijtimoiy va mehnat faolligini oshirish, bo'lajak rahbarlarda jamiyatni boshqarishda liderlik, ijodkorlik sifatlaridan foydalanishning ijtimoiy mexanizmlarini ishlab chiqish, shaxs manfaatlarini ifodalash hamda himoya etishda oshkoralikni ta'minlash dolzarb masalalardan biridir. Bu o'ziga xoslik, ya'ni ja­moaga qarab fikrlash, qaror qilish tamoyilidan kelib chiqib, yoshlarda liderlik qobiliyatini shakllantirish va boshqaruv mahoratini rivojlantirish zarurati tug'ilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida  O'zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o'rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamkorligida o'tgan “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida shu masalaga e'tibor qaratildi.

Anjuman 3 ta sho''baga bo'lingan holda olib borildi. Ularda “Yoshlarni tarbiyalash va ularning tafakkurini kengaytirish borasidagi 5 ta muhim tashabbus o'rni”, “Yoshlarda innovatsion potensialni shakllantirish imkoniyatlari”, “Liderlik psixo­logiya­sining zamonaviy muammolari” kabi masalalar muhokama qilindi. Yoshlarda liderlikni shakllantirish hamda ularda qaror qabul qilish, xodimlar bilan ishlash, ularni boshqarish ko'nikmalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan takliflar ko'rib chiqildi.

Butun dunyoda globallashuv, madaniyatlar aralashuvi jarayoni kechmoqda. Bu murakkab jarayon nafaqat yoshlarga, balki kattalar dunyoqarashiga ham ta'sir etmoqda. Bir tomondan axborot texnologiyalari kundalik hayotimizga shu qadar shiddat bilan kirib kelyaptiki, buni hech qanday raqamlarsiz ham kuzatishimiz mumkin.

— Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, hozirgi kunda yoshlarning 90 foizi asosiy axborot manbai sifatida internetga murojaat qilmoqda. Foydalanilayotgan axborot vositalarining katta qismi asosan “Twitter”, “Instagramm”, “Facebook”, “Odnok­lassniki” kabi ijtimoiy tarmoqlar va video, audio portallarga to'g'ri kelsa, ma'lum bir qismigina zararli ta'sir etmaydigan, ilmiy, madaniy va ma'rifiy saytlardan iboratligini kuzatishimiz mumkin.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, ayni vaqtda  dunyo miqyosida bolalar va o'smirlarning 42 foizi pornografiya ta'siriga butunlay tobe bo'lib qolgan. Dunyo bo'yicha 38 foiz bola zo'ravonlik ruhidagi saytlarga, 26 foizi millatchilikni targ'ib qiluvchi veb-sahifalarga muntazam kiradi.

— Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda internet tarmog'ida o'z joniga qasd qilishning oson yo'llarini targ'ib qiluvchi 9 ming, shahvoniy mazmundagi 4 ming­dan ziyod sayt mavjud bo'lsa, 49 foiz kompyuter o'yinlari zo'ravonlik va yovuzlikni targ'ib qiladi. Ayni vaqtda bolalar va o'smirlarning 42 foizi onlayn tarzida tarqatiladigan pornografiya ta'siriga butunlay tobe bo'lib qolgan. Xalqaro ekspertlar dunyo miqyosida 38 foiz bola zo'ravonlik ruhidagi saytlarga, 26 foizi millatchilik xarakteridagi veb-sahifalarga muntazam kirishini tasdiqlamoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev. — Haqiqiy liderlarni yetishtirish va haqqoniy bilimdonlar o'qishga kirishi uchun test tizimidan butunlay voz kechib, abiturientlar o'qishga faqat suhbat, savol-javob asosida qabul qilinishi kerak deb hisoblayman va bu o'zini oqlaydi. Buning uchun abiturient bilan suhbatlasha oladigan halol, adolatli, korrupsiyaga yo'l qo'ymaydigan mutaxassislar kerak, masala mana shu yerda. Test tizimi hech qachon o'zini oqlamaydi deb hisoblayman.

Mazkur masala yuzasidan Prezident maslahatchisining birinchi o'rinbosari, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Sa'dullayev ham o'z munosabatini bildirib o'tdi.

— Xorij tajribasini o'rganadigan bo'lsak, GMAT, CAT, GRE degan alohida test tizimlari bor. Bu test tizimlari davlatdan mustaqil ravishda, asosan, xususiy sektor vakillari tomonidan bosh­qarilishi ko'zda tutilgani uchun ham test jarayonidagi nohaqliklarning, qanaqadir tushunmovchiliklarning oldi olingan. Amerika maktablarida CAT testidan yaxshi baho olgan bola avtomatik ravishda o'qishga kiradi. Yangi narsani kashf qilish kerakmas. Xalqaro tajribani o'rganish kerak. Davlat test markazi tomonidan CEFR testini muvaffaqiyatli topshirganlar ingliz tili imtihonlaridan ozod qilinishi ham bu boradagi ijobiy qadamlardan biri. Fikrimcha, bir yo'nalishga standartlashgan test tizimiga biz ham o'tsak kerak. Chunki bu borada ham xususiylashtirishga o'tilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Faqat bizda test tizimini sifatli amalga oshira oladigan kadrlar yetarmikan, degan savol ochiq qoladi, — deydi Alisher Sa'dullayev.

Qayd etib o'tilgan masalalar bevosita har bir yoshning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida o'z o'rnini egallashi, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish yo'lidagi muammolar qatorida turibdi.

Yoshlarda kuchli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda afsuski amaliyotda quyidagi muammolar ko'zga tashlanmoqda:

Ota-ona tomonidan yo'l qo'yilayotgan mas'uliyatsizlik. Afsuski, bugun ayrim oilalarda ota o'z bolasi uchun ideal shaxs sifatida gavdalanmay qo'ygan.

Maktab ta'lim jarayonidagi muammolar:

9 yillik ta'lim, 12 yillik ta'lim, 11 yillik ta'lim, lotin va kirill alifbosidagi o'zaro moslashmaslik, ta'limda eksperimentlarning muttasil o'tkazilishi uzluksiz ta'limda salbiy asoratlar qoldirmoqda, avlodlar o'rtasidagi tarixiy bilimlarning o'zaro nomuvofiq holda shakllanishiga olib kelmoqda.

Shu bilan birga ta'lim jarayoniga jalb etilganlarning ijtimoiy va moddiy ahvoli yetarli darajada qo'llab-quvvatlanmagani ham bu borada muhim muammolar qatorida turibdi.

Afsuski, shu kunga qadar yoshlarning psixologiya bilan ishlash masalasi birinchi darajali masala sifatida ko'rilmay, ortga surilgani oqibatida turli ruhiy bosim yoki hayotga noto'g'ri qarash bilan jamiyat­ga kirib kelayotgan yoshlarning ko'payib borayotgani ham fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishdagi muhim to'siqlardan biri bo'lib turibdi.

Feruza Berdiyeva,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =