Men ne deyman-u, qo'bizim ne deydi?

Til – xuddi hayotning o'zidek o'zgaruvchan, u zamon va makonga moslasha boradi. Shevalar ham, qolaversa, uning rasmiy, adabiy, so'zlashuv kabi turlari ham buning yaqqol isbotidir.

Qadimda turkiy til sifatida barcha turkiyzabon elu elatlarga birdek tushunarli bo'lgan aloqa vositasi ke­yinchalik milliy tillar shaklida bir-biridan keskin farqlana bordi. Masalan, Zahiriddin Muhammad Boburning bir g'azalidagi «Bahor ayyomidur, dag'i yigitlikning ovonidur…» satrini hozirgi o'zbek adabiy tili doirasida mag'zini chaqish, u qadar mushkul bo'lmasa-da, lekin tushunib olish oson emas. Holbuki, ayrim qardosh turkiyzabon millatlarda «dag'i» («yana», «buning ustiga» kabi ma'nolarda), «ovon» («havas», «mayil» ma'nolarida) kabi so'zlar qo'llaniladi.

Zamon va makon bilan bog'liq bunday o'zgarishlar adabiy tilimizning yaqin o'tmishida ham yaqqol ko'rinadi. Aytaylik, Abdulla Qodiriy bilan Oybek asarlari yoki Cho'lpon bilan Abdulla Oripov asarlari tillarida katta farq kuzatiladi. Bu zamon va makon bilan bog'liq hayotiy jarayonlardir.

Til o'zgaruvchan ekan, demak, uni qolipga solib turadigan me'yor, bu imlo qoidalaridir.

Hozir amalda bo'lgan adabiy tilimiz, adashmasam, 1995 yil 24 avgustda qabul qilingan «O'zbek tilining asosiy imlo qoidalari»ga asoslanadi. Ushbu imlo qoidalarida harflar imlosidan tortib, unlilar, undoshlar, asos va qo'shimchalar imlosiyu qo'shib yozish, ajratib yozish, chiziqcha bilan yozish, bosh harf imlosi, shuningdek, ko'chirib yozish qoidalarigacha ko'rsatilgan.

«O'zbek tilining asosiy imlo qoidalari» Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 24 avgustdagi 339-sonli qaroriga ilova sifatida gazetalarda ham e'lon qilingan («Ma'rifat» gazetasi, 1995 yil 6 sentyabr soni).

Ammo bu qoidalardan kimlardir bexabarga o'xshaydi. Bunday bexabarlar orasida, hatto, ayrim adabiyotshunos, tilshunos olimlar ham borligi kishini taajjubga soladi. Yanada ajablanarlisi, bu toifa olimlar o'sha qoidalardan ko'z yumgan (balki, rad etgan) holda o'zlaricha «yangi qoidalar» yaratishga urinadilar va o'zgalarni aynan ular da'vo qilayotgan imloda yozish va o'qishga undaydilar. Jumladan, filologiya fanlari nomzodi Sultonmurod Olim xuddi shunday yo'l tutadi. Uning «Toshkent haqiqati» gazetasining 2019 yil 17 iyundagi 55-sonida e'lon qilingan «Tumanlarimiz nomlari qanday yozilishi kerak?» (da'voni qarang!) sarlavhali maqolasi bunga yaqqol misoldir.

«…mustaqillik yillarida joy nomlariga munosabat xalqimiz va davlatimiz uchun o'ta muhim milliy masalaga aylandi. Deyarli barcha joy nomlari qayta ko'rib chiqildi, ko'plari tarixiylikka asoslangan holda va milliy taynatimizdan kelib chiqib, qayta nomlandi. Biroq bu borada hali to'la hal etilmagan muammolarimiz talaygina», deya kuyinchaklik bildirgan olim birdaniga «…Ammo boshqa muammolarga duch keldik: Yuqorichirchiq, O'rtachirchiq, Quyichirchiq tumanlari nomlari o'zbek tilidagi matn­larda turlicha yozilayapti», deya muammo ko'taradi va dabdurustdan «Biroq agar qo'shma so'z joy nomiga aylangan bo'lsa, uni qo'shib yozishdan boshqa yo'l yo'q…» deya qat'iy hukm (ha, xulosa emas, hukm) chiqaradi. Buning isboti tariqasida esa Sirdaryo, Qashqadaryo, Kattaqo'rg'on, Yakkasaroy, Qo'rg'ontepa kabi joy nomlarini keltiradi.

“Ana endi tabiiy ravishda savol kelib chiqadi, — deya yozadi muallif o'z iddaosini rivojlantirib. — Nima uchun bir viloyatda «Bekobod», «Oqqo'rg'on», «Parkent», «Piskent», «Yangiyo'l», «G'azalkent» so'zlarini qo'shib yozamiz-u, «Chirchiq» so'zi ishtirokidagi uch tuman nomini ajratib yozishimiz kerak? Ikki xillikka majbur qiladigan qanday jiddiy asos bor? Hech qanday asos yo'q ekanmi, demak, masala hal: bularni ham «Yuqorichirchiq», «O'rtachirchiq», «Qu­yichirchiq» shaklida qo'shib yozish zarur, vassalom».

Mana, olim («uchyonnыy», demoqchimiz) chiqargan qat'iy fikr!

Eslaysizmi, shunday gap bo'lardi: «Hukm qat'iy, shikoyatga o'rin yo'q!»

Olimimiz ham qat'iy hukm chiqarayaptilarki, go'yo hech kimning shikoyat yoki e'tiroz bildirishga haqqi yo'qdek. U holda «O'zbek tilining asosiy imlo qoidalari» nima bo'ladi? Ushbu qoidalarning 47-bandini o'qiymiz:

«Ikkinchi qismi turdosh ot bilan yoki «obod» so'zi bilan ifodalangan joy nomlari qo'shib yoziladi: Yangiyo‘l, To‘rtko‘l, Mirzacho‘l, Sirdaryo, Kosonsoy, Yangiobod, Xalqobod kabi. Lekin ikkinchi qismi atoqli ot bo'lgan joy nomlari ajratib yoziladi: O‘rta Osiyo, Ko‘hna Urganch, O‘rta Chirchiq kabi».

Demak, ikkinchi qismi atoqli ot bo'lgan joy nomlari ajratib va ikki qismi (atoqli ot bo'lgani uchun bosh harf bilan) ajratib yoziladi.

Bu qoida-ku, ba'zilarni istisno qilganda, kundek ravshan. Buning ustiga imlo qoidalari ijodkorlari kelib-kelib aynan «O'rta Chirchiq» so'zini misol qilib oladilarmi-a?! Bu Sultonmurod Olimga qattiq tegmaydimi, axir? U kishining «…qo'shib yozish zarur, vassalom», deya chiqargan «hukm»­lari nima bo'ladi?!

Yo'q, u kishi yon bermaydilar:

“Ammo masalada yana bir nozik jihat bor. Agar biror joyga kishi nomi qo'yilgan va u ikki so'zdan tashkil topgan bo'lsa, bularni ajratib yozishdan boshqa yo'l qolmaydi, — deya mulohaza yuritar ekan muallif, — «yuqori», «o'rta» va «quyi» so'zlari ham, «Chirchiq» so'zi ham kishi nomi emas (?!). Shuning uchun til qoidalari bu uch joy nomini qo'shib yozishni har tomonlama taqozo etadi”, deb yozadilar qat'iy va endi o'zlari o'ylab topgan til qoidasi asosida: “Eng oqilona yo'l – shu. Keling, shu oqilona yo'lni tanlaylik”, deya davom etadilar va qizig'i: maqolani e'lon qilgan «Toshkent haqiqati» gazetasi bu da'vatga javoban, aytilgan gapni qonun deb, shu sonning o'zidayoq «Yuqorichirchiq tumani hokimligi huquqshunosi…», «Quyichirchiq tumanida ham…» deya yozadi.

Vaholanki, mamlakatimiz hukumatining bosh gazetasi «Xalq so'zi»da hammasi risoladagidek yozilmoqda. Masalan, «Quyi Chirchiq — poytaxt viloyatining chekka tumanlaridan biri. O'z nomiga monand ravishda u Chirchiq daryosining quyi qismida, Sirdaryo sohilida joylashgan», deb yoziladi «Xalq so'zi» gazetasining 2019 yil 30 may soni 1-sahifasida berilgan «Yangilanishlar odamlarning turmushi, fikri, dunyoqarashini o'zgartirmoqda» sarlavhali maqolada.

Agar olimimiz da'vosicha, faqatgina kishi nomlari bosh harflar bilan yoziladigan bo'lsa, boshqa atoqli otlar nima bo'ladi: kishi nomi bilan atalmaganligi uchun «toshkent», «samarqand», «nukus», «moskva», «london», «markaziyosiyo», «lotinamerikasi» shu taxlit kichik harfda; «Navoiy», «Sankt-Peterburg», «Vashington» esa bunday tartibda bosh harflar bilan yoziladimi?!

“Bizda qo'shma so'zlarni to'g'ri yozish uchun naqd ilmiy darajaga ega tilshunos bo'lish kerak, — deb yozadi yana bir tilshunos, adabiyotshunos Qozoqboy Yo'ldosh «Tafakkur» jurnalining 2018 yildagi 1-sonidagi «O'zlik qo'rg'oni» («O‘zlik qo‘rg‘oni») maqolasida. — Shundayam qaysi til imlo qoidasiga (?!) tayanish zarurligini bilsa! Nega bunday? Nega «Yangiyo'l», «Yangier», «Qorasuv», «Qoraqamish» so'zlari qo'shib yozilgan holda, «Qizil Yulduz», «Oq tog'», «Qora tog'», «Ulug' tog'», «O'rta Chirchiq», «Quyi Chirchiq», «oq qand», «temir yo'l», «tosh yo'l» so'zlari alohida yozilishi kerak? Har qanday qo'shma so'z bitta so'z hisoblanib, bir urg'u bilan aytilar ekan, uning qaysi so'z turkumidan yasalganiga qaramay, bir so'z sifatida, ya'ni qo'shib yozilsa, osmon uzilib yerga tushadimi? Nega endi odam yozayotgan har bir so'zi qaysi turkumga mansubligi xususida bosh qotirishi kerak?”

Ajabo, muallif «O'zbek tilining asosiy imlo qoidalari»dan bexabarmi yoki uni pisand qilmayaptimi? Yoki imlo qoidalari o'zgarib, biz hech narsadan bexabar qolib ketdikmikin?

Bu olimlarimiz «Markaziy Osiyo», «Yaqin Sharq», «Ko'hna Urganch», «Kichik Osiyo», «Katta Kanyon», «Past Darg'om», «Dashti Qipchoq», «O'rxun Enasoy» atamalari nima uchun doimo ajratib va bosh harf bilan yozilishi haqida sira o'ylab ko'rganmikinlar? Chunki bu qo'shma so'zlarning ikkinchi qismi xuddi «Yuqori Chirchiq», «Quyi Chirchiq», «O'rta Chirchiq» kabi atoqli otlardir. Olimlarimiz esa bular hadeb, kishi nomi emas-ku, deb iddao qilaveradilar.

Yana bir o'rinda muallif: «…milliy tilni qolipga solish emas, uni tabiiy rivojlantirish yo'lini izlash kerak», deb yozadi.

Lekin tilda qolip — qoida bo'lmasa, uni, Qozoqboy Yo'ldosh yozganidek, har kim o'zicha «rivojlantiraversa», oxiri nima bo'ladi? Bu ketishda boshqa millat vakillari bilan emas, hatto o'zaro suhbatlarimizda ham tarjimon kerak bo'lib qolmaydimi? Aslida, hozir ham o'zaro muloqotlarda shevaga xos so'zlar bo'lsa, qiynalib qolamiz-ku! Adabiy til mushkulimizni oson, tilimizni ravon qilib turibdi-ku!

Qozoqboy Yo'ldosh yana: narsa-hodisalarni mohiyatidan kelib chiqib, o'zbekcha aytaverish kerak, degandek da'vat qiladi.

U kabi bizga «samolyot»ni «uchoq», deyishga da'vat qilganlar endi «poezd», «radio», «metro», «velosiped», «innovatsiya», «mashina», «motor», «investitsiya», «kommunikatsiya», «kompyuter» kabi ko'pdan-ko'p zamonaviy atamalarni o'zbekcha atashni taklif etayaptilarmi?

Yuqorida keltirilgan sof o'zbekcha qo'shma so'zlarni qoidasi bilan yozishni katta muammoga aylantirayotgan olim «…chetdan kelgan narsa-hodisani o'zbekcha nomlash mumkin va kerak», deb tinmay ta'kidlaydi.

Hayotda va fanda ham nimani kim topgan yoki ixtiro qilgan, yaratgan bo'lsa, aksariyat narsa-hodisalarga o'shalar nom beradilar.

Futbolni inglizlar o'ylab topishgan va unga inglizcha nom berishgan, shaxmatni ixtiro qilganlar uni o'z tillarida shunday atashgan.

O'zbek milliy kurashi o'zbeklarniki bo'lgani uchun «halol», «yonbosh», «chala» degan o'zbekcha atama ishlatiladi va ingliz ham, olmonu yapon ham shunday atamani ishlatadi. Mana, til qoidalari me'yorlari!

Axir, haligacha o'zimiz ham o'zlashtirib ololmayotgan hazilakam zaxiramiz, so'z xazinamiz bormi? Axir, Hazrat Navoiy, Bobur Mirzo ash'or bitgan tilni to'liq bilamiz, deb maqtana olmaymiz-ku! Ularni chuqur o'rganib, tilimizni yanada boyitish o'rniga olimlarimiz yangicha yasama so'zlar yasashni targ'ib etmoqdalar. Avvalo, borini, borining imlosini yaxshilab o'rganib olaylik!

Xususan, 2019 yil 4 oktyabrdagi O'zbekis­ton Respublikasi Prezidentining «O'zbekis­ton Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida»gi qarorida ham ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o'rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo'llanish doirasini kengaytirish, bu boradagi ishlarni yangi pog'onaga ko'tarilganligiga alohida e'tibor qaratilgan.

Olimlarimiz tilimizda o'z imlo va qoidasiga ega bo'lgan so'zlarni boshqachasiga aylantirib, yo'q joydan muammo yasashlari, odamlarni chalkashtirishlari emas, aksincha, «admiral», «meditsina», «uchoq» kabi xalqaro atamalar darajasiga yetgan ota-bobolarimiz tilini chuqurroq va kengroq, ommaviy tarzda targ'ib etsalar, ayni muddao bo'lardi. Tilning rivoji, boyligi shunga ham bog'liq.

Ajablanarli joyi shundaki, muallif Sultonmurod Olim bundan chamasi o'n yillar ilgari ham shu mavzuni ko'targan va o'sha yili uning «Tumanlar nomini to'g'ri yozaylik» nomli maqolasi e'lon qilingan edi («Toshkent haqiqati» gazetasi, 2008 yil 25 oktyabr soni). Shunda ham unga ushbu satrlar muallifi xuddi hozirgidek, raddiya yozgan va o'z fikrlarini aytgan, mulohazalarini «O'zbek tilining imlo qoidalari» bilan asoslagan edi.

Buni qarangki, Sultonmurod Olim negadir oradan 10 yildan ortiq vaqt o'tib, yana o'sha eski gaplarni ko'taribdi. O'sha maqola, o'sha iddao. Qizig'i, muallif o'shanda o'ziga qarshi keltirilgan birorta fikrga munosabat bildirmaydi va ayni paytda «O'zbek tilining asosiy imlo qoidalari» haqida ham lom-mim demaydi. Buni qanday va nima deb tushunish kerak?

Qadimda bir baxshi arz-holini o'lan qilib kuylasa, qo'bizi qurg'ur «ting'ir-tin­g'ir»dan nariga o'tmas emish. Bundan baxshi «Men ne deyman-u, qo'bizim ne deydi?!» deya zorlangan ekan.

«Biz til qoidalari, atoqli ot, deya har qancha ta'kidlasak-da, olim «yuqori», «o'rta» va «quyi» so'zlari ham, «Chirchiq» so'zi ham kishi nomi emas (?!)» deb o'zinikini ma'­qullab yotibdi.

Fikrimcha, jamiyatni qonunlar boshqargani kabi til me'yorlari ham qoidalarga bo'ysunadi. U kimlarningdir taklifi, da'vati va talabi bilan o'zgarib qolmaydi.

Ma'murjon Bozoraliyev,

jurnalist.

O'rta Chirchiq tumani.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =