Kuchli parlament – demokratiya tayanchi

Yurtimizda 22 dekabr – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar sayloviga qizg'in hozirlik ko'rilmoqda. Ushbu muhim siyosiy jarayon arafasida AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum bu boradagi mulohazalari bilan o'rtoqlashdi:

— Saylovoldi jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. YeXHTning kuzatuvchilar missiyasi tarkibida ham AQSh vakillari bor. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis yanada jonli faoliyat ko'rsatishi, jumladan, ijroiya hokimiyatini nazorat qilib borishi lozimligini bot-bot ta'kidlamoqda.

Parlamentariylarning o'zi ham endilikda avvalgiga nisbatan o'zgacha ishlash lozimligi, bu boradagi zalvorli mas'uliyatni his etayotganlari sezilmoqda.

Men saylovda ilk bor qatnashayotgan bir necha nomzod bilan suhbatlashdim. Ular yaqinlashib kelayotgan saylovda ehtimol deputatlikka saylanar, ehtimol saylanmas. Ammo suhbat asnosida ular parlament a'zosining vazifasi o'zi saylangan okrugni munosib o'rganishi ham­da elektorat manfaatlarini risoladagidek himoya qilish ekanini teran anglashlariga ishonch hosil qildim. Umid qilamizki, yangi parlamentdan o'rin oladigan deputatlarning barchasi ayni shu maslakka sodiq bo'ladi hamda O'zbekiston Prezidentining kuchli qonun chiqaruvchi hokimiyat borasidagi orzu-intilishlarini ro'yobga chiqaradi. Zero, kuchli parlament o'zaro bog'liqlik va qarama-qarshiliklar tizimining ajralmas tarkibiy qismidir.

Saylovdan so'ng faoliyat boshlaydigan yangi parlament a'zolari AQSh Kongressi bilan robitalarni kuchaytirish, ko'mak olish yoki almashuvlarni kengaytirish istagini bildirsa, biz bu borada hamkorlikka tayyor ekanimizni ta'kidlashni istardim. Darvoqe, men mazkur masalada parlament rahbariyati bilan allaqachon bir necha bor muzokara o'tkazdim. O'zbekiston parlamentining dunyo mamlakatlari qonunchilik idoralari, jumladan, AQSh Kongressi tajribasini o'rganishga xayrixoh ekani e'tiborga molikdir.

Abdul Sobir

yozib oldi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 7 =