Firibgar yoxud hojatbarorlik niqobi ostidagi “jilvakor” olam

Har qanday ishni bismillohdan boshlab, yaxshi niyat qil, aks holda shayton aralashadi, deydi ko'pni ko'rgan keksalar. Birovning haqiga xiyonat qilma, halol luqma yeganning ishida ham, umrida ham baraka bor, deydilar. Bugun bunday tabarruk kalomni aytib, yoshlarga ushbu haqiqatni eslatib, anglatib turadigan tarbiya mezonlariga nima bo'ldi? Keksalar tilida tez-tez takrorlanuvchi shu singari donishmandona fikrlar noyoblashgandek. Shuning hisobiga bo'lsa kerak, shaytonga ham dars beradigan tovlamachi, firibgarlar ko'payib borayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Taassufki, atrofimizda bo'layotgan voqealar, tarqalayotgan xabarlar, sudlarda ko'rilayotgan ishlar aynan shuni tasdiqlamoqda.

…Bir qo'shnimizning barvasta, kelishgan o'g'li bo'lardi. Ko'pchilik shunday farzandi, kuyovi bo'lishini orzu ham qilgan. Aytishlaricha, avtomobil oldi-sotdisi bilan shug'ullanar ekan. Avvaliga yurish-turishidan o'ta sipo, madaniyatli ko'ringan bu azamat yigitning sekin-asta misi chiqa boshladi. Qo'lqop kabi almashtirib minadigan mashinalari, aslida, birov-larning puli evaziga olinar ekan. Xuddi Ahmadboyning piramidasidek o'ziga “kichik korxona” ochgan, Ali bergan pulni Valiga tutqazib, shu bilan  qarzlardan qutulib yuradi deyishdi. Har qanday baland cho'qqining so'nggi nuqtasi, har bir quduqning tubi ko'ringani kabi bunday piramidalarning ham nihoyasi bor. Ana shu nihoya yo eng oxirida pul tikkan odamni yoki uning tashkilotchisini xonavayron qilishi turgan gap. Bizning “namunali” yigit ham urina-surina axiyri so'nggi manzilga yetib keldi. Ostonasini chuqur qiladiganlar ko'paygandan-ko'paydi. Bundan xavotirlangan ota-ona yigitni bir kechasi uzoqroqqa jo'natib yubordilar. Suvlar tinib, to'zon bosilgach, uni yo'qlab borsalar, kimsasiz, qarovsiz bir joyda omonatini topshirgan ekan. O'zganing haqqi, omonatga xiyonat og'ir gunoh deb bejiz aytilmagan. Qolaversa, bandalaridan qochgan bilan Yaratganning hukmidan qochib bo'lmasligi yana bir bor tasdig'ini topdi.

Ijtimoiy tarmoqlar ham shu singari firibgarlik yo'li bilan “rizq” topishga urinayotganlar haqidagi xabarlar bilan to'la: “Toshkentda tovlamachilik bilan shug'ullangan shaxs qo'lga olindi”, “Farg'onada tadbirkordan 60000 AQSh dollari talab qilgan ayol ushlandi”, “Andijonda soxta IIB tergovchisi qo'lga olindi” va hokazo. Hatto xorijliklar ham bunday “siylov”dan benasib qolmayapti: “Toshkentda har qanday muammoni hal qilib berishni va'da qilib xorijiy kompaniya vakilidan 300 ming AQSh dollarga yaqin pul olgan shaxs ushlandi”…

Yana bir misol. Yaqinda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o'tkazgan. Mahkama matbuot xizmati xabariga qaraganda, bitta guruhga birlashib olgan tovlamachilar fuqaro B.S.ning bir ayol bilan ishqiy munosabatda bo'lgan holatini videotasvirga olishgan. Shuni ish joying va oila a'zolaringa ma'lum qilamiz, deb qo'rqitib, undan 50 ming AQSh dollarini talab qilishgan. Firibgarlar ushbu mablag'ni olayotgan vaqtida ushlangan.

Endi joriy yilning sentyabr, oktyabr, noyabr oylarida jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudida ko'rilgan ishlarga e'tiborni qaratsak. Shahzod Dadaxo'jayev muqaddam uch marta sudlangan. U “SHOH MEGA INVESTOR” MChJ rahbari edi. O'z faoliyati davomida imzolarni qalbakilashtirish, aldash, ishonchni suiiste'mol qilish yo'li bilan o'zganing mulkini qo'lga kiritish unga cho't emasligini ko'rsatdi. “Davr bank” XATB tomonidan J. Nurmatovning nomiga rasmiylashtirilgan 10 million so'm kreditni qo'lga kiritib, ushbu mablag' evaziga berilishi lozim bo'lgan televizor, konditsioner, muzlatgichni boshqa shaxsga sotib yuborgan. Pullarni esa o'z ehtiyojiga sarflagan.

Ming afsuski, avvallari bir og'iz yolg'on gapirsa, izza bo'ladigan o'zbek ayoli bugun firibgarlik, tovlamachilikda erkaklarni yo'lda qoldirib ketyapti. Ra'no Ahrorova ham shulardan biri. U Shayxontohur tuman Sh.Abzalov ko'chasida yashovchi N.Ibragimovaga chet eldan arzon narxda shakar olib kelishni va'da qilib, undan 4400 AQSh dollarini olganu g'oyib bo'lgan. Yomoni shuki, bunday kimsalar tekin luqmaning ta'mini totishgach, bir-ikki holat bilan cheklanib qolmaydi. Bu ayol keyingi gal Solijon Odilov degan hamtovog'i bilan kelishib, Qarshi shahri “Sho'rtangazmahsulot” MChJda ishlab chiqariluvchi karbamid mahsulotini olib kelib sotishni reja qilgan. Shuni mazkur tuman “Tinchlik” dahasida yashovchi Z.Miragzamovaning qulog'iga quyib, undan 25000 AQSh dollari so'raydi va buning evaziga katta daromadga ega bo'lishini va'da qiladi. Ammo uning rejasi amalga oshmaydi va tegishli organlar oldida javob berishiga to'g'ri keladi.

Toshkentlik Muhabbat Isroilova esa bunday ishlarning piri bo'lib ketgan. Muqaddam to'qqiz marta sudlangan. Ha, tovba deb yoqa ushlamasdan iloj yo'q! Qora kursiga shu qadar ko'p o'tirgan ayol qaysi yuz bilan yana, o'ninchi bor odamlarni aldash, chuv tushirishni o'ziga ep ko'rdi ekan? Gadoy bir eshikdan o'tguncha deganlari shu bo'lsa kerak-da! U xavfli retsidevist, buning ustiga pensiya yoshidagi ayol… Uning qilmishlariga bir e'tibor bering. Dastlab J. Matazimovani “Toshkent shahar hokimligi uy-joy bo'limida ishlayman, egasiz qolgan uylarni sotish bilan shug'ullanaman” deb aldaydi. Istasa unga ham shunday uylardan olib berishini aytadi. Laqqa tushib, qarmog'iga ilingan ayolga mansabdor tanishlariga pora berish orqali Samarqand darvoza ko'chasidagi ko'p qavatli uylardan to'rt xonalisini olib berishini va'da qiladi va 12000 AQSh dollarini qo'lga kiritadi. Shu bilan undan darak bo'lmaydi. So'ng navbatdagi ovga chiqadi. Bu gal o'zini Toshkent shahar hokimligi tashkiliy ishlar bo'limida ishlaydigan uddaburon qilib ko'rsatadi va kam ta'minlanganlar, nogironlar uchun to'rt xonali uylar ajratilayotganini aytadi. R.Nurmuhamedova o'z oyog'i bilan kelgan bunday  “hojatbaror”ning etagidan mahkam tutib, unga 10 000 AQSh dollarini berib yuborgan. Buni qarangki, keyingi “qurbon”i kap-katta erkak — A.Rustamovni ham shunga o'xshash gaplar bilan o'rab-chirmab, undan 7000 AQSh dollari undirgan.

Xuddi shu kabi firibgarga aldanib, dod-voy qilib yurganlar oz emas bugun. Ochig'i, ular aybni o'zidan ham qidirsa yomon bo'lmasdi. Sodda dillikmi bu yo laqmalikmi, nima deb atasak-da, muhimi, ana shu xislatimiz bilan tovlamachining ko'payishiga yo'l ochyapmiz.

Yuqorida donishmand keksalarimizning purhikmat so'zlari, tabarruk kalomlari noyoblashib borayotganini ta'kidladik. Yoshlarga nasihat qiladigan pallaga yetgan, olt­mishdan o'tgan ayolning qilmishi shu bo'lgach, farzandlariga qanday o'rnak bo'lib, nabiralariga nima deb o'git bersin? Ko'pincha yoshlarni beandishalikda, shakkoklikda ayblaymiz. Shunday ahvolda yoshlarni ayblashga haqqimiz bormikin? Nasihatu o'gitni ma'naviy haqqi bor inson bersa yarashmaydimi?!

Har so'zidan hikmat, tilidan bol tomib, oriyatu g'ururdan saboq beruvchi bobo-yu buvilarga bugun ko'p xonadonlarda katta ehtiyoj tug'ilmoqda. Ularning borini asrab-avaylash, hayotiy tajribalarini o'zlashtirishga qachon vaqt sarflaymiz?

Janobi Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning eng yaqin safdoshlari (va kuyovlari) Hazrat Aliga aytgan shunday kalomlari bor: “Yo, Ali, munofiqda uch alomat bor: so'zlasa yolg'on so'zlaydi, va'dasiga vafo qilmaydi, omonatga xiyonat qiladi”. Biz yuqorida ko'rib o'tgan kimsalarda mana shu uch alomatning bari borligiga guvoh bo'ldik. Buning ustiga yoshlarga, farzandu nabiralarining haqqi bo'lmish, tarbiya atalmish ne'matga ham yomon ta'sir etyapti bu qilmishlar. Shuning o'zi ham omonatga xiyonat emasmi?

— Keyingi vaqtlarda jamiyatimizda o'zgalarning molini nohaq yo'llar bilan o'zlashtirish, ya'ni firibgarlik jinoyati tez-tez sodir bo'lmoqda, — deydi Yunusobod tumanidagi Kamoliddin Orif Al-Buxoriy jome masjidi imom noibi Sadriddinxon Isoqov. — Ajdodlari dinu diyonat, axloq-odob, or-nomus, halolu poklikka odatlangan xalqimiz orasidan mazkur jinoyatga qo'l urayotganlarning uchrashi achinarli holdir. Holbuki, dinimizda birovning molini aldov, firibgarlik, chuv tushirish yo'li bilan o'zlashtirishdan qattiq qaytarilgan. Qur'oni karimda bu haqda shunday bayon etilgan: “Mol (va boylik)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan yemangiz! Bilaturib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'li bilan yeyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat). “Firib” so'zi fors tilida aldash, yo'ldan ozdirish, makr-hiyla ma'nolarini bildiradi. Shu ishni qilgan yoki buni kasbga aylantirib olgan kimsa firibgar deyiladi. Hozirgi vaqtda firibgarlik, o'g'rilik shu qadar ko'paydiki, ular kirib bormagan soha qolmadi hisob: imtihonlarda, tijoratda, hatto nikoh munosabatlarida ham odamlar yolg'onni keng ishlatishmoqda. Sir emaski, ba'zi kishilar odamlardan qarzga yoki sherikchilikka, deb pul olib, oxir-oqibat uni qaytarmay, o'rtada nizo chiqishi, yaqin kishilar bir-biri bilan yuz ko'rmas bo'lib ketish holatlari kuzatilmoqda. Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug'ullanish mumkin. Biroq olgan qarzni paysalga solmay qaytarish, sherikchilikka esa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlar ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Bu haqda payg'ambarimiz (c.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo'ladi. Kim odamlarning moliga talafot yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o'ziga talafot yetkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Ayniqsa, savdo-sotiq vaqtida haridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol deb sotish eng og'ir gunohdir…

Ha, har bir qilmishning ikki qidirmishi bor: firibgarga shariat jazosidan tashqari qonunlarimiz ham tegishli chorani ko'radi. Jinoyat kodeksining 165- va 168-moddalariga ko'ra, tovlamachilik va firibgarlik uchun jazo turlari ko'rsatilgan. Tovlamachilik uchun 3 yildan 5 yilgacha, takror sodir etilganda, 5 yildan o'n yilgacha, yana qayta sodir etilsa, 10 yildan 15 yilgacha jazo tayinlanadi. Firibgarlik uchun ham shu singari jazo choralari belgilangan.

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizga muvofiq mulk uning barcha shakllarida daxlsizdir va unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta'qib etiladi.

— Firibgarlik, tovlamachilik, yolg'onchilikka bir qator psixologik omillar sabab bo'ladi. Avvalo, bu yo'lga kiradigan kishilar bolaligida nosog'lom muhitda ulg'aygan bo'lishi mumkin, — deydi psixologiya fanlari nomzodi Odina Otajonova. — Ota-ona o'rtasidagi munosabatning yomonligi, farzandlar oldida ularning bir-birini aldashi kelgusida bolalarining ham hayotida takrorlanadi va shunday yashash mumkin ekan degan xulosa shakllanadi. Tabiiyki, bunday oilada bola o'zi erisholmagan biror natijaga aldov yo'li bilan erishmoqchi bo'ladi. Dastlab bundan biroz xijolat chekkan va uni hech kim tergab, tanbeh bermagan bo'lsa, keyingi gal bu ancha osonlashadi. Qarabsizki, u o'zi to'qigan ertakka mahliyo bo'lib, o'zi ham ishona boshlaydi. Sekin-asta bu uning hayot tarziga aylanadi. Atrofida bunday yo'l bilan uzoqqa borib bo'lmasligini uqtiradigan odam bo'lmasa, kelgusida u tovlamachilikni kasbga aylantirib olishi hech gap emas. U hech qachon asl qiyofasini ko'rsatmaydi, hatto o'zi bilan yolg'iz qolganda ham xatolarini tan olishni istamaydi. Firibgarlar kimni qanday ishontirish mumkinligini yaxshi bilishadi. Shunga yarasha ehtiyot choralarini ham ko'rib qo'yib, o'zini oqlashni o'rinlatishadi. Shunday ma'lumotlar ham borki, ulardan yaxshi psixolog chiqar ekan. Ko'pincha firibgar odam yaxshi kiyinishni va muloyimlikni odat qiladi. Ayrim taniqli kishilar, faylasuflarning diqqatni tortuvchi gaplari, fikrlarini yodlab olib, boshqalar e'tiborini o'ziga qaratishga urinadi…

Darvoqe, “Parvona” spektaklidagi O'tkuriyni eslang. Shirin zaboniyu, xushomadlari bilan qisqa vaqt ichida bir oilaning barcha a'zolarini o'ziga rom etib, boplab laqillatadi. Jamiyatimizda, yon-atrofimizda o'tkuriylar bor ekan, xuddi shu holga tushmaslik kafolatiga ega emasmiz. Faqat ko'zni kattaroq ochib, avval o'zimizni, so'ng odamlarni anglashni o'rganaylik!

Xolida Fayziyeva

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − eight =