Shodlik va baxt kuychisi

Hamid Olimjon tavalludining 110 yilligi

Hamid Olimjon nafaqat she'riyat balki, xalq og'zaki ijodida ham salmoqli asarlar yaratgan. Shoir tafakkurining boyishi, kelajakda yetuk shoir, yozuvchi, dramaturg, tarjimon, tanqidchi, davlat va jamoat arbobi bo'lib yetishishida onasi Komila ayaning o'rni beqiyosdir.

O'zbek xalqining atoqli farzandi – dilbar shoir, iqtidorli dramaturg va jamoat arbobi Hamid Olimjon o'zidan o'lmas meros qoldirgan. U o'zbek adabiyotida jo'shqin lirizmga asoslangan she'riyat maktabini yaratgan shoirdir. Ayni kunlarda Hamid Olimjon tavalludining 110 yilligi butun respublikamiz bo'ylab keng nishonlanmoqda. 

Kuni kecha shoir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan  O'zbekiston Yozuvchilar  uyushmasi  a'zolari, bir qator ziyolilar, ijodkorlar,  Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi o'quvchilari “Chig'atoy”dagi adib qabrini ziyorat qilishdi.

O'zbek Milliy  akademik drama teatrida esa Hamid Olimjon  hayoti va ijodiga bag'ishlangan adabiy kecha bo'lib o'tdi.

…Teatr odamlar bilan  liq to'la. Sahnaga Hamid Olimjon obrazida yosh aktyor chiqib keladi va qarshisida dilbar shoira Zulfiya paydo bo'ladi. Ikki dil butun o'zbek adabiyotini yashnatgani kabi teatr sahnasini ham nurga to'ldiradi.

Tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O'zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakim va boshqalar adibning serqirra ijodiy merosi, zalvorli asarlari, takrorlanmas she'riyati va betakror tarjimalari haqida so'z yuritdilar.

Har bir inson dunyoda shunchaki yashab, uzoq umrguzaronlik qilishdan  ko'ra mazmunli hayot kechirishni afzal ko'rishi tabiiy. Hayot yo'llari yakunlanib qolgan kishi ortiga nazar solganida undan jamiyat uchun foydali, nomini tarixga muhrlaydigan ishlari borligini  ko'rish uning samarali va mazmunga boy umr kechirganligidan dalolat beradi. O'zbek adabiyotida mana shunday qisqa va mazmunli umrini ijodga, taraqqiyotga sarflagan benazir ijodkorlar talaygina.

Taqdir hukmiga ko'ra erta vafot etgan, biroq bu qisqa umr mobaynida juda katta ijodiy meros qoldirgan Hamid Olimjon hali-hanuz adabiyotga oshno qalblar qalbidan chiqqanicha yo'q. Chunki uning beg'ubor hislarga to'la she'rlari, xalqimizning mehnati, g'ayrati tasvirlangan hikoya-yu, dostonlari, ajoyib tarjimalari o'zining betakrorligi, soddaligi, xalqchilligi bilan ajralib turadi.

Hamid Olimjon adabiyotshunoslikning ko'plab janrlarida ijod qilgan. Shoirning  ilk she'riy to'plami “Ko'klam”  15 yoshida  bosilib chiqqani she'riyat osmonida yorqin iste'dod kirib kelayotganidan dalolat edi. Shundan so'ng ijodkorning “Olov sochlar”, “Poyga”, “O'lim yovga” kabi to'plamlari uning eng sara she'rlaridan tarkib topgan. Shoir she'riyati juda sodda va qalbga yaqin ash'orlar bilan limmo-limdir. Shoir ijodiga mansub “O'rik gullaganda”, “Eng gullagan yoshlik chog'imda” she'rlarini mutolaa qilmagan, zavqlanmagan kitobxon bo'lmasa kerak.

Ijodkorni hech ikkilanmasdan shodlik va baxt kuychisi, deya ta'rif etsak bo'ladi. Uning har bir satrida hayotga, oilasiga muhabbat tuyg'ulari sezilib turadi. U quyidagi misralarida insonni shirin tuyg'ular og'ushiga yetaklaydigan, tom ma'nodagi kashfiyotini ko'rish mumkin:

Xayolimda bo'lding uzun kun,

Seni izlab qirg'oqqa bordim.

Och to'lqinlar pishqirgan tunda,

Topib ber, deb oyga yolvordim…

Hamid Olimjon nafaqat she'riyat balki, xalq og'zaki ijodida ham salmoqli asarlar yaratgan. Shoir tafakkurining boyishi, kelajakda yetuk shoir, yozuvchi, dramaturg, tarjimon, tanqidchi, davlat va jamoat arbobi bo'lib yetishishida onasi Komila ayaning o'rni beqiyosdir.  Negaki, Komila aya bo'lajak shoirga ko'plab ertaklar, rivoyatlar aytib bergan va shoir qalbida adabiyotga oshuftalik jo'sh ura boshlagan. Buyuk folklorshunosning “Ikki qizning hikoyasi”, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Zaynab va Omon”, “Semurg'” dostonlari bilan o'zbek adabiyotshunosligiga innovatsion g'oyalarni olib kirdi. Aynan “Alpomish” dostonining ham ilk nash­ri Hamid Olimjonning tinimsiz harakatlari natijasida amalga oshdi.

Bundan tashqari, Hamid Olimjon A.Pushkin, L.Tolstoy, M.Gorkiy, T.Shevchenko, M.Lermontov, N.Ostrovskiy, A.Korneychuk kabi jahon  adabiyoti vakillarining asarlarini mahorat bilan ona tilimizga tarjima qilib, bugungi kun kitobxonlariga o'qishlik manba qilib berdi.

Oradan qancha yillar o'tgan bo'lsa-da, zabardast shoir hech bir kitobxonning qalbidan o'chmaydi. Uning satr­lari hali uzoq yillar davomida kishilarga ma'rifat, ziyo baxshida etadi. Uning mazmunli umri esa har bir kishga saboq bo'la oladi, u hamisha biz uchun navqiron va abadiy shaxs sifatida xotiramizda mangu  saqlanadi.

Boqiy qo'shiqlar

Hamid Olimjon

Eng gullagan yoshlik chog'imda…

Eng gullagan yoshlik chog'imda,
Sen ochilding ko'ngil bog'imda.

Shunda ko'rdi ko'zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.

Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo'yi bilan mast.

Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo'qoldim.

Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim

Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.

Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting.

Eng gullagan yoshlik chog'imda,
Sen ochilding ko'ngil bog'imda.

1937 yil

Kamola Boymurodova,

Samarqand shahridagi 50-o'rta maktab o'qituvchisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + nine =