Shovqin qilmang, sizdan boshqalar ham bor…

Manzilga shoshib borar ekansiz, avtobus salonida turli voqealarga duch kelasiz. Kimdir o'zidan kattalarga joy bersa, ayrimlar kichiklarga e'tibor ko'rsatadi. Ammo hamma o'smir-yoshlar ham shundaymi?

Ayrim tengdoshlarimiz qaerdaligini unutib qo'yadimi yoki odobi “g'ovlagan”idanmi sherigi bilan ovozini baralla qo'yib gaplashadi. Xuddi atrofida hech kim yo'qdek. Bu millatimizga yot, odob-axloq qoidalariga to'g'ri kelmasligini yo bilmaydi, yo bilsa ham o'zligimizni pisand qilmaydi.

Avtobusda ishga ketayotsam ikkita o'spirin yigit, ko'rinishidan talaba bo'lsa kerak, o'rindiqni band qilib, qo'lidagi telefonga termulgancha nimanidir titkilaydi, atrofga qaragisi yo'q. Izlaganini topishdi shekilli, darrov quloqchinini taqib, ko'zlarini yumib, boshini orqaga tashlab, telefonidan nimanidir eshita boshladi. Yo'lakda turib qolgan onaxon: “Qani turlaring-chi! Insoflaring bormi o'zi?! Na kattani biladi bular, na kichikni”, deya shang'illab gapirgach noilojlikdan, norozi qiyofada o'rindiqni bo'shatishdi…

Ertalabki o'smir-yoshlarning keksalarga bo'lgan muo­malasidan xijil bo'lib tahririyatga kelayotsam, kichik maqola olib kelgan talaba yigit kutib turgan ekan, u ham ko'rgan-bilganlarini so'zlab berdi:

Uyimizning yonida maktab bor, o'qishga borguncha har kuni yonidan o'taman, bugun ertalab maktabga kelayotgan o'quvchilarni kuzatdim. Ayrimlari televizorda ko'rgan chet el filmini o'zlaricha muhokama qilishardi, quloq tutdim, biri: “Voy, ana uni, ko'rdingmi? O'g'limidi, otasini urib o'ldirgan”, desa, ikkinchisi: “Man-chi, uni ko'rmadim, ana uni, sevgi haqidagisini ko'rdim, bog'da uchrashib turishadi-ku! O'shani…”, deydi. Yuz ifodasiga nazar solaman, yuz-ko'zida kinodagi qahramonlar xulq-atvorining ta'siri borligi seziladi. Beixtiyor oilasida muhit qanday ekan, deb o'ylab qoldim. Ba'zilarining kiyinishini ko'rib ensam qotdi, aslida qishning kunida yengil-elpi, tor kofta-yubkada yurishning sog'liqqa ham zarari bor. Bir qarashda maktab o'quvchisiga o'xshamaydi. Qulog'iga quloqchin taqib olgan o'smirlar, salom berish u yoqda tursin, oldidan yoshi katta odam o'tib ketsa ham sezishmaydi. Bu ketishda ertamiz qanday bo'larkin?

O'zaro fikrlash jarayonida bunday muammolarning oldini olishning yechimi: “Oila-Mahalla-Maktab” hamkorligini yanada mustahkamlash kerakligini angladim. Axir, “bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, deb bekorga aytishmagan…

Albatta, bunga G'arbning yalang'och madaniyatini tar­g'ib qiluvchi teleseriallar, kinolar ham sabab bo'lmoqda. (Aslida, o'zimizning seriallarimiz ham ulardan qolishmayapti). Kunu tun televizorda chet el kinolarini namoyish qilishadi. Ba'zi filmlar millatimiz, dinimizga yot g'oyalarni targ'ib qiladi. Axir, buzg'unchi mafkuraga asoslangan filmlar teng­doshlarimizning tarbiyasini buzmasligiga kim kafolat beradi?

Muhammadsodiq To'rayev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =