Afg'on yoshlari jurnalistikaga qiziqishmoqda

O'zbekiston va Afg'onistonni azal-azaldan  yaqin do'stlik va qo'shnichilik rishtalari bog'lab turadi. Bugungi kunga kelib  ikki davlat o'rtasida  har jabhada o'zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tarilgan. Xususan, O'zbekistonda afg'on yoshlarining ta'lim olishi uchun barcha imkoniyat eshiklari ochib berildi.

Jumladan, Surxondaryo viloyatida Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazi tashkil etilgani ham ana shu ezgu maqsadlardan biri edi. Bugungi kunda ushbu markazda o'zbek tili va adabiyoti,  jurnalistika va boshqa sohalarga qiziqqan afg'on yoshlari ta'lim olmoqda.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi markazda tahsil olayotgan jurnalistika sohasiga qiziqadigan afg'on yoshlari faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelmoqda.

Shu maqsadda uyushma vakillari Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazi  “Surxondaryo qadriyatlar beshigi” mavzuida ijodiy uchrashuv tashkil qilindi. Tadbirda markaz direktori Oybek Ro'ziyev, uyushma viloyat bo'limi raisi Muhiddin Abdurahmonov, ishtirok etib, yoshlarga ikki davlat xalqlarining bir-biriga o'xshash qadriyatlari va urf-odatlari hamda O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma'rifiy sohalarda aloqalar mustahkamlanib borayotganini aytib o'tdilar.

Shuningdek, davra suhbatida markaz talabalari Afg'onistonda ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi mavqei va bo'lg'usi jurnalistlarni tayyorlash borasida o'z fikrlarini bildirdilar.

Suhbat so'nggida markaz talabalari orasida o'z kelajagini jurnalistikada ko'rayotgan o'g'il-qizlarni viloyat ommaviy axborot vositalarida amaliyotda bo'lishlari va ular bilan ijodiy hamkorlik qilishga ko'maklashishga kelishildi.

Mastura Hamroyeva,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Surxondaryo viloyat bo'limi mutaxassisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 11 =