Mol o'g'risi himoyaga olindi, nega?

Tadbirkor esa… bir yildan ko'proq vaqtdan buyon sarson-sargardon

Biz bir necha kun yo'qolgan mollarimizni rosa qidirdik, qidirganlar orasida shu atrofda mol boqib yuradigan Shamshod Xayriyev degan kishi ham bor edi. Yo'qolgan mollar topilmagach, noiloj, Qorovulbozor tuman ichki ishlar bo'limiga ariza berdim.

“…2018 yil 12 oktyabrda narxi 24 million so'm turadigan 1 bosh ho'kizim va 6 bosh qo'y-echkilarim o'g'irlab ketildi. Ular Ukrainadan sotib olib kelingan zotli mollar edi. Hayriyat, IIB xodimlari tomonidan o'g'ri topildi… Biroq oradan bir yildan ko'p vaqt o'tayaptiki, menga yetkazilgan zarar qoplanmayapti… O'g'ri esa hech narsa bo'lmagandek bemalol yuribdi…”

Bu gaplarni tahririyatga shikoyat xati yozgan Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumanidagi “Temir Murod” fermer xo'jaligi rahbari, yetmish yoshni qoralagan Temir Murodov bitgan.

Yuz bergan o'g'rilik voqeasi tufayli shuncha vaqtdan buyon adolat tiklanmagani uchun bo'lsa kerak, uning ko'zlari ancha so'lg'in, ma'yus­ligi yaqqol sezilib turardi.

— Men yurtimizda fermerlik harakati boshlangan paytda birinchilardan bo'lib tashabbus ko'rsatganman. Fermer xo'jaligimiz chorvachilikka ixtisoslashgan. Hozirgi kunda xo'jaligimiz a'zolari bilan 150 bosh zotli sigir, 800 bosh qo'y-echki boqamiz. Davlatga sut va go'sht mahsulotlari topshiramiz, — deydi T.Murodov. — Biz fermer xo'jaligimizni yana kengaytirmoqchimiz. Buning uchun yaqinda davlat dasturidan kelib chiqib bankdan ikki milliard so'mlik kredit oldik va bu pulga Ukrainadan yana zotli sigirlar, qo'y-echkilar sotib oldik. Vakilimiz bugun sotib olingan mol-qo'y, echkilar vagonlarga ortilayotgani haqida telefonda aytdi.

U shu gaplarni aytayotganda, yuz-ko'zlaridagi so'lg'inlik, ma'yuslik chekinganini, ko'zlari quvonchdan chaqnab, kayfiyatida ko'tarinki ruh paydo bo'lganini sezdim. Lekin mavzuni yana arizada ko'rsatilgan o'g'rilikka burishga majbur edim.

— O'g'irlik voqeasi 2018 yil 12 oktyabrda sodir bo'lgan. Shu kuni 3 bosh besh yoshli echki, 2 bosh besh yoshli qo'chqor, 1 bosh jaydari qo'y va 1 bosh ho'kiz o'g'irlangan. Ularning hammasi nasl­dor bo'lib narxi baland edi.

Biz bir necha kun yo'qolgan mollarimizni rosa qidirdik, qidirganlar orasida shu atrofda mol boqib yuradigan Shamshod Xayriyev degan kishi ham bor edi. Yo'qolgan mollar topilmagach, noiloj, Qorovulbozor tuman ichki ishlar bo'limiga ariza berdim. Tekshiruvlar natijasida ma'lum bo'ldiki, o'g'irlikni biz bilan birga yo'qolgan mollarni “qidirgan” Shamshod Xayriyev sodir etgan ekan. U bir necha kundan so'ng o'g'irlangan 24 million so'm turadigan bir bosh ho'kizimni qaerdandir olib kelib berdi.

Shamshod Xayriyevning otasi: “Biz Qorovulbozor tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ishonmaymiz, shuning uchun o'g'limning ishini tergov qilishni bosh­qa tumanga o'tkazib berishingizni so'raymiz”, deb yuqori idoralarga xat yozganligi uchun Shamshod Xayriyevga tegishli jinoyat ishi Kogon tumaniga o'tkazilgan…

Endi hujjatlarga murojaat qilaylik: mana qo'limizda Kogon tuman IIB boshlig'i podpolkovnik N.Ro'ziyev tomonidan 2019 yil 8 mart kuni tasdiqlangan jinoyat ishini rad qilish haqidagi qaror: “Jinoyat ishi bo'yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishining Sh.Xayriyevga nisbatan qismi material tariqasida alohida ish yurituvga ajratilib, ma'muriy tartibda chora ko'rish uchun Kogon tuman IIB XPBga topshirilgan.

Jinoyat ishining “Temir Murod” fermer xo'jaligining mayda shoxli mollarini o'g'irlab ketgan noma'lum shaxs aniqlanmaganligi sababli harakatdan to'xtatilgan…”

Ana xolos. Shamshod Xayriyev Qorovulbozorda tergov qilinganda mayda shoxli mollarni ham, yirik shoxli molni ham o'zi o'g'irlaganini tan olgan, hatto oradan uch-to'rt kun o'tgach bevosita uning o'zi o'g'irlab, yashirib qo'ygan joyi­dan ho'kizni olib kelib bergan bo'lsa-yu, yuqoridagi hujjatda “noma'lum shaxs aniqlanmagan”, deb ko'rsatilganligini qanday tushunish kerak?

Qisqasi, jinoyat ishi kutilmaganda ma'muriy ishga aylantiriladi va Qorovulbozor sudiga qaytariladi. Qorovulbozor tuman ma'muriy sudining raisi R.Kenjayev ma'muriy ishni 2019 yil 16 sentyabrda jabrlanuvchi T.Murodovning ishtirokisiz ko'rib, ishni harakatdan tugatish to'g'risida qaror chiqaradi. Ushbu sud ertalab soat o'nda boshlangan, sud majlisi bo'lishi to'g'risidagi chaqiriq qog'ozi esa T.Murodov xonadoniga pochtachi orqali soat o'n ikkida yetkazilgan.

Sud masalaga oydinlik kiritish maqsadida jabrlanuvchi sudga kelolmagan bo'lsa, ishni ko'rishni qonun talabidan kelib chiqib boshqa kunga qoldirib turishi shart va lozim edi. Lekin sud qonunning bu talabini qo'pol ravishda buzib, ishni ko'rishni boshlayvergan.

Biz sud raisi R.Kenjayevdan nima uchun ishni T.Murodovning ishtirokisiz ko'rib yubordingiz deb so'raganimizda, u:

— Bu paytda T.Murodov Ukrainaga mol sotib olib kelgani ketgan edi, — deb javob berdi.

Bu yolg'on javob!

T.Murodov sentyabr oyida emas, oktyabr oyida Ukrainaga borgan, buni aviachipta orqali bemalol aniqlash mumkin.

— Men sudda qatnashganimda, — deydi Temir Murodov, — o'z e'tirozlarimni, sud qaroridan qoniqmaganligimni ochiq aytishim aniq edi. U holda R.Kenjayev o'ylagan rejasini amalga oshira olmasdi.

Xullas, Temir Murodov adolat yuzaga chiqmayotgani, molini o'g'irlagan shaxs yetkazilgan zararni qoplamayotgani, u qilmishiga yarasha jazoga tortilmaganligi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilganidan so'ng ish yuzasidan tekshir-tekshir, bir-birlaridan ma'lumotlar so'rash harakatlari boshlanadi. Shu jarayonda ishga aloqador ayrim ma'lumotlar yuzaga qalqib chiqdi.

Jumladan, Qorovulbozor tuman ma'muriy sudining raisi R.Kenjayevning Kogon tuman IIB boshlig'i podpolkovnik N.Ro'ziyevga jo'natgan 2019 yil 25 fevralda 67-sonli xatida hamda Kogon tuman prokurori, adliya maslahatchisi B.Yarashevga 2019 yil 29 martda shu ishga doir xatida e'tiborga molik faktlar bor. Shu xatdan muxtasar ko'chirma keltiramiz:

“Ish hujjatlariga ko'ra, Sh.Xayriyevga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169- moddasi, 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari to'liq olib borilmaganligini, ishda guvohlar A.Itolmasov, B.Murotov va Sh.Ro'ziyevlardan tushuntirish xatlari olinmaganligini va materialda mavjud emasligini, surishtiruv harakatlari bir tomonlama olib borilganligi sababli fuqaro Sh. Xayriyev tomonidan 14.10. 2018 yilda yozilgan va tuman IIB xodimlari tomonidan olingan tushuntirish xatining qo'shimchasida haqiqatan ham sentyabr oyida T.Murodovning og'ilidan 3 ta echki(taka)lar, ikkita qo'chqor va bitta ona qo'yini (sov­liq. Tah.) o'g'irlab sotib, qarz­larini to'laganligini yozganligini, tuman IIB xodimlari tomonidan u kimdan qarzligi va pullarni kimga berganligi to'liq tekshirilmaganligini, arizachi T.Murodov tomonidan yozilgan ariza vajlari to'liq tekshirilmaganligidan dalolat beradi”.

R.Kenjayevning xatini o'qigan har qanday odamda nima uchun dast­labki tergov harakatlari to'liq olib borilmagan, nima uchun guvohlardan tushuntirish xatlari olinmagan va materialda mavjud emas, nima uchun R.Kenjayevning o'zi 2019 yil 16 sentyabr kuni ishni ko'rganda ishdagi kamchiliklar to'g'risida lom-mim deb og'iz ochmagan, degan haqli savollar tug'iladi. Biroq qancha urinmaylik bu savollarga javob topa olmadik. Balki bu savollarga Qorovulbozor tumani va Kogon tumani IIB tergov bo'linmasining rahbarlari javob berishar?

Nima bo'lganda ham kimdir yoki kimlardir o'g'irlik sodir etgan Sh.Xayriyevni o'z panohlariga olishganga o'xshaydi. Bu ishda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining ham salmoqli “hissa”si borligi shubhasiz. 24 millionlik zarar to'rt millionga tushirilibdi. Mollarni o'g'irlashda “Labo” rusumli avtomashinadan foydalanilgani aniqlangan bo'lsa-da, u kimga qarashli ekanligi ham ochiqlanmagan. Bir katta ho'kizni va bir qancha qo'y va echkilarni o'g'irlashni ehtimol Sh.Xayriyevning bir o'zi eplay olmagandir, uning jinoiy sheriklari bo'lgandir? Shu masalaga ham oydinlik kiritilgan emas.

Aytilganidek, o'g'rilik sodir etilganiga ham qariyb ikki yil bo'libdi. Haligacha T.Murodovning da'vo qilishicha unga yetkazilgan zarar to'lig'icha qoplangani yo'q. O'g'rilik jinoyatini sodir etgan shaxs esa kimlarningdir “panohi”da hamon yallo qilib yuribdi.

Jinoyatga panja orasidan qarash kelgusida yanada kattaroq, yanada og'irroq jinoyatga yo'l ochmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Jazosiz qolgan masalalar ikki milliard so'm kredit olib fermer xo'jaligini yanada rivojlantirishga qattiq kirishgan Temir Murodovga va u singari chorvachilikni rivojlantirish bilan kechayu kunduz shug'ullanayotgan insonlarga tinchlik bermasligi aniq. Tadbirkor ertangi kunga ishonch bilan yashashi kerak.

Shunday ekan, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidagi mutasaddilar Qorovulbozorda yuz bergan o'g'irlik va uning atrofidagi voqealarga huquqiy baho beradilar va biz bu haqda gazetamizning kelgusi sonlarida mushtariylarimizga xabar beramiz, deb umid qilamiz.

Shavkat Nosirov,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =