Toshkent megapolis shaharlar qatoriga qachon kiradi?

Mamlakatimiz kun sayin ulkan industriya o'lkasiga aylanib bormoqda. Shaharlarimiz yangitdan chiroy ochib, serhasham binolar, ko'p qavatli imoratlar ko'rkam qiyofa kasb etayotir…

BMTning so'nggi ma'lumotlariga qaraganda, Tokioda 37 million, Dehlida 29 million, Shanxayda 26 milliondan ko'proq, Mexiko va San-Pauluda 22 million aholi istiqomat qiladi. Ular megapolis shaharlar qatorida ro'yxatga olingan. Eng qizig'i, bu shaharlarning yo'llari keng va ravonligidan yengil mashinada bemalol shahar aylanish mumkin. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, poytaxtimiz Toshkentda uch millionga yaqin aholi yashaydi. Kelib-ketuvchilar, ro'yxatsiz yashayotganlar bundan mustasno. Lekin beixtiyor: “Nega poytaxtimiz ko'chalarida odamlar bemalol mashinada yurolmaydi?” — degan savol tug'iladi. Hali bironta xorijdan kelgan turist yengil mashinani ijaraga olib, shahar aylanganini eshitmadik (balki duch kelmagandirmiz).

Toshkent — mamlakatimiz poytaxti, uning ko'rkam va sokin bo'lishini hammamiz istaymiz. Keyingi yillarda poytaxtimizda olib borilayotgan bunyodkorliklarga hammaning havasi kelmoqda. Birgina qurilishi jadal ketayotgan “Toshkent Siti”dagi go'zal manzaralar Vatanimiz ostonasi bo'lgan azim kentimizning chiroyi kundan-kunga ochilib borayotganidan dalolat beradi. Lekin eng katta shahrimizning markaziy yo'llari uchun hali qilinajak ishlar ko'p. Yo'llarning ayrimlari olti qatorli, qolganlari esa to'rt-uch qatorli. Mashinalar ko'pligidan uch polosali yo'lda besh qator bo'lib harakatlanish oddiy holga aylangan. Bir-biriga tegib ketadigandek yurayotgan ulovlarni ko'rib, ba'zan xavotirga tushasan kishi.

Ayniqsa, ko'pgina inshootlar, bozorlar, muhtasham savdo binolari, ayrim tashkilotlarning oldidan o'tgan katta yo'lning birinchi qatorini egallab turgan yengil avtomashinalar safi kun sayin ortib bormoqda. Bu esa avtotransportlarning yo'l qoidasiga amal qilib harakatlanishiga jiddiy to'siq bo'lish bilan birga, yo'l-transport hodisalarining sodir bo'lishiga ham sabab bo'lmoqda.

Shu kunlarda ko'p qavatli turar- joy binolarini qurish mo'may daromad manbaiga aylanayotganligi hech kimga sir emas. Ammo shu binolarda yashaydigan aholi uchun qulayliklar yaratish ham birinchi navbatda bajarilishi lozim bo'lgan vazifadir. Poytaxtdagi ko'pgina imoratlar katta yo'lga taqalib qurilgan, buning ustiga, avtoturargohlar uchun maxsus joy ajratilmagan. Borlari ham uch-to'rt kvartal uchun bittadan qurilgan.

Natijada, odamlar avtoulovini o'zi yashaydigan ko'p qavatli uyning yonida qoldirishmoqda. Bu yerga keksalar, yosh bolalilar, nogironlar uyda siqilgan paytlari hovli aylanish uchun chiqishadi. Yo'laklarga taqab qo'yilgan mashinalar bunga imkon bermaydi. Yengil mashinalarning 70-80 foizi esa yengil yoqilg'i hisoblangan metan gazi bilan yuradi, bu yong'in xavfini keltirib chiqarishi ehtimoldan holi emas.

Korxona va tashkilotlar uchun qurilayotgan ba'zi imoratlar ham aynan katta yo'l chekkasida, bir-biriga juda yaqin qilib qurilgani avtoturargohlar barpo etishga yetarlicha imkon bermayotganini ko'rsatadi. Aslida ushbu ko'p qavatli binolar, tashkilot ofislari, savdo markazlari, turar-joylar loyihasini yaratayotgan mutaxassislar avtoulovlarning maxsus turargohlari uchun joy ajratishi o'ta muhim masala bo'lib qolmoqda. Negaki, tashkilot va korxonalarda yoki xususiy fabrika, zavodlarda ishlaydigan xodim va xizmatchilarning deyarli hammasida mashina bor. Albatta, odamlarimiz oila byudjetidan orttirib yengil avtoulov sotib olayotgani maqtovga loyiq. Ammo…

Ayrim tashkilotga ish bilan borib qolsangiz, bir-biriga qapishib turgan mashinalar orasidan yo'l topib, idora eshigiga yetib borishingiz qiyin kechadi. Hatto binoga kirish yo'lagi oldi ham yengil mashinalar bilan tirband bo'ladi. Eshik yonida turgan xizmatchidan “falon tashkilot shumi?” — deb so'rash uchun ovoz kuchaytirgich karnay kerak. Yaqiniga borib so'ray desangiz, yo'l adog'idan “razvorot” qilib, bino tagidagi yo'lakchadan yurib kelish kerak. Shunday nufuzli tashkilotlarda mashina turargohi yo'qligi hayratlantiradi kishini.

Sobiq ittifoq davrida aholining mashina sotib olishga imkoni yo'q edi. Imkon yaratish hatto rahbarlarning keyingi rejasida ham bo'lmagan, shu sabab mashina turargohlari uchun joy ajratishga (sobiq MQga tegishli tashkilot va idoralar bundan mustasno) unchalik e'tibor qaratilmagan. Buning ta'siri ayrim shahar qurilish va obodonlashtirishni loyihalash tashkilotlarida hali ham sezilayotgani ajablanarli hol.

To'xtamang, taqiq belgisi bor!

To'g'risini aytganda, yo'l harakati qoidalari belgilari yuz foiz kerakli joyga o'rnatilgan, deb bo'lmaydi. Bunga misol, Alisher Navoiy, Shota Rustaveli, Amir Temur, Xalqlar do'stligi singari markaziy ko'chalarga tutash ko'chalarda harakatlanadigan yo'lovchi tashuvchi avtobuslarning, yozning jaziramasi-ku mayli, ammo qish-qirovli kunlarda ham katta yo'lga chiqib olgunicha, haydovchining peshonasi terlashi tayin. Yo'lning torligidan tashqari, yo'lning chetida turnaqator turgan yengil mashinalar o'tish masofasini yanada tor qilib qo'ygan.

Ayniqsa, serqatnov ko'chalarda “yo'l chetida to'xtash mumkin emas” belgisi tursa-da, baribir avtoulovlar qatorlashtirib qo'yilaveradi. Ikkinchi yo'lakdan kelayotgan avtomobil sekinlab o'tishga majbur, sal qaltis harakat qilsa, savlat to'kib turgan mashinaning orqasidan turtib o'tishi mumkin. “Chilonzor dehqon bozori” qarama-qarshisidagi do'konda savdo qiladigan tanishim:

— Har kuni shu ahvol, hatto o'zimiz yo'lakda ham ehtiyot bo'lib yuramiz. Ba'zida yo'l-patrul xizmati xodimlari tartibga olgani kelib qoladi, faqat shu kuni odamlar piyodalar yo'lagidan bemalol o'tib-qaytadi, mashinalar ham yengil harakatlanadi. Tiqilinch bo'lmaydi. Lekin “oblava” tugagach, yana “eski tos, eski hammom”ligicha qolaveradi, — deydi.

Taksi haydaydigan qo'shnim bor, u ham nolib qoladi:

— Shaharning ko'pgina markaziy ko'chalaridagi bozorlar atrofida bironta avtoturargoh yo'q! Nima qilish kerak? Haydovchilarning ham oilasi bor, ro'zg'ori bor, bozor-o'char qilgani keladi-da, mashinasini ilojsizlikdan yo'l chetiga qo'yadi. Qaniydi, maxsus turargoh bo'lsa, tinchgina olib borib qo'yardik. Va xotirjam bozorimizni qilardik.

Etika hamma joyda kerak

Ba'zida shundoq avtobekatga kelib to'xtagan yengil mashina egasi bekatdagi paynet yoki oziq-ovqat do'koniga kirib, shoshilmasdan o'z yumushini bajaradi. Yo'lovchi avtobus esa bekatga kirgunicha signal bosaveradi-bosaveradi, mashina egasi pinak buzmaydi. Albatta, bu haydovchi etikasiga to'g'ri kelmaydi. Xorijiy davlatlarda bu o'ta madaniyatsizlik hisoblanadi. Aslida haydovchilar ham bir-birlarini hurmat qilishni o'rganishlari kerak.

Katta yo'lning chekkasiga mashinasini qoldirib, o'zi ish joyiga yoki biron yumush bilan idoraga kirib ketgan haydovchi, xotirjammi, axir katta yo'l, qatnov ko'p. Ayniqsa, endi haydovchilik guvohnomasini olib, mashina boshqarayotganlar ko'p. Birortasi ehtiyotsizlik qilib mashinasini urib olsa, unga ham jabr. Endi: “Nega mashinangizni taqiqlangan joyga qo'ydingiz”, desangiz, darrov: “Qaerga qo'yay, parkovka yo'q-ku!” — deydi.

Maxsus mashina turar-joyi bo'lmagach, qonun-qoidaga amal qilish ham sal chekinadi-da! Aslida qoidani buzish qonunga nisbatan bepisandlikni bildiradi. Buning ustiga ko'pgina yo'l transporti hodisalari aynan qoidaga rioya qilmaslik natijasida yuz beradi.

Shuni ham aytish kerakki, poy­taxtdagi Sergeli, Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi ayrim savdo majmualari, bozorlar yonida avtomobillar to'xtab turishi uchun maxsus joy qilingan, buni qarangki, aksar haydovchilar baribir mashinasini katta yo'l yoqasiga qo'yishadi. Balki bu ularga qiziqdir. Albatta, avtoturargohlar pullik, yana kompyuter soatiga hisoblaydi. Lekin juda qimmat emas, bu yerda mashina egasi yo pulini qizg'anadi, yo vaqtini, yo qoida buzib o'rganib qolgan. Nima bo'lganda ham yo'l harakati qoidasiga har kim rioya qilishi shart.

Chunki to'xtash yoki to'xtab turish taqiqlanadi yoki shunga o'xshash, qoidasini buzgan shaxsdan eng kam ish haqi hisobidan uch baravar ko'proq miqdorda jarima undiriladi. Endi o'zingiz hisoblab chiqing, bir marta qoida buzsangiz, marhamat to'lab qo'ying! Agar yana pulingiz ko'p bo'lsa, yana qoida buzing, jarima bor-yo'g'i besh-o'n barobar oshishi mumkin. Lekin oila byudjetiga kattagina zarar keltirayapsiz, hisob-kitobni to'g'ri olgan shaxs ortiq qoida buzishga jur'at qilmasa kerak.

Ichki Ishlar vazirligi hisobotiga ko'ra, qoidani hadeb buzavergan ayrim haydovchilarga nisbatan ma'muriy jazo qo'llanilgan. Shunga ham qaramay guyo ataylab qilgandek, yana qoidani buzib jazo mehnatiga yuborilganlar ham bor ekan. Ha to'g'ri, “o'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas”, degani shu bo'lsa kerak-da…

Zamonga qarab yashash sharti

Sobiq sovet ittifoqi davrida ko'p qavatli turar-joylarning bir burchagida “mashina garaji” uchun joy ajratishardi, “mashina ol­ding­mi, pulini to'lab, “garaj” ham sotib ol!” — deyilardi. Nima bo'ldi-yu, mashina “uy”lari kimlargadir yoqmay qoldi, darrov qaror bilan buz-buzga tushishdi, shuncha temir mahsulot egasini topib ketdi. O'rniga yangisi qurilmadi ham.

Hozir ayrim oilalarda otada alohida, onada va bolada alohida avtoulov bor. Keyingi paytlarda bolasining to'polonidan bezor bo'lib, hovlida o'ynab kelishi uchun ruxsat bergan ona: “Hoy, ana u mashinaga yaqinlashma-ya, falonchiniki, uzoq yur! Tinchlik kerak!” — degan baqirib-chaqirishlar ko'p eshitilib qolayapti. Bola hayron, u qaerda o'ynasin, katta yo'lga chiqma, yo'lakdan yurma, maydonchangni mahalla raisi avtoturargoh qilib, qo'ni-qo'shniga sotgan, egasi bor, ko'zingga qara, degan tanbehni har kun eshitgan bola: “ey, bor-ey”, deydi-da uyda o'tirib televizor ko'radi (ko'zga ziyoni bor, ammo tinch) yoki qo'l telefonidan allambalo fayllarga kirib tutruqsiz kino tomosha qiladi. Buning ustiga, hatto ota-ona ham tinch: har tugul bolasi uyda o'tiribdi, bexavotir uy yumushini qilaveradi. Bolasi nima bilan band, qiziqmaydi…

Odamlarning qo'sha-qo'sha mashina olayotgani, albatta, yaxshi, oila yumushiga yaraydi, ulov-da, og'irini yengil qiladi. Bundan tashqari, ro'zg'orbopi bo'lsa, yana yaxshi. Rost-da, eski zamonda ham ot-aravasi borlarga qo'ni-qo'shnining ishi tushgan, “boy”lardan hisoblangan…

Nima bo'lganda ham, shahar qurilish mutasaddilari serqatnov yo'llar chekkasidan hashamatli imoratlar qurish loyihasini tayyorlayotganida avtoulovlar turargohlarini zamonaviy, xushbichim qilib barpo etishga e'tibor qaratishsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Chunki bir marta yo'l qoidasi tartibini buzgan haydovchi ikkinchi marta buzishdan tap tortmaydi, o'rganib qoladi. Balki bu kimgadir manfaat keltirar, ammo aholi uchun tashvishdan boshqa narsa emas.

Prezidentimiz kuchli jamiyatdan kuchli davlat sari yo'l farovon kelajagimiz asosi ekanini ko'p bor ta'kidlaydilar. Ammo atrofdagilarning mening o'z ko'zlagan yo'lim bor deb bilganicha harakat qilishi hech bir davrda o'zini oqlamagan…

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =