Unutmoq osonmas ularni

Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi

… Aksariyat sodda, jo'n asarlarni tushunish, hazm etish ancha oson: ularda qahramonlar yaxshi va yomonga, ijobiy va salbiyga aniq ajratib beriladi. Butun ko'rguliklarning sababchisi – salbiy obrazlar bo'lsa, jamiki ezguliklar faqat ijobiy qahramondan kutiladi. Bunday kitoblarning dastlabki boblaridayoq xotimaning sharpasi ko'rinib-sezilib turadi. (Shunisi taassufliki, butunjahon o'quvchi ommasi orasida aynan shunaqa “asar”larning ishqibozlari safi tobora kengayib bormoqda…)

Dunyo adabiyotining mumtoz namunalarini o'zaro birlashtiruvchi ko'plab xususiyatlar ichida esa bir muhim jihat alohida ajralib turadi. U ham bo'lsa, mazkur asarlarda qahramonlar taqdiri, voqealar yechimi, butun hikoyadan hosil bo'ladigan xulosada, u yoxud bu personajni, yoxud holatni sababchi — aybdor qilib ko'rsatishning imkoni yo'qligidir. Deylik, I.Gyotening “Faust”, M.Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” hamda “Jinoyat va jazo”, L.Tolstoyning “Anna Karenina”, E.Remarkning “Uch og'ayni” singari asarlaridagi voqea-hodisalar aynan shunday yechimlar topishida u yoki bu qahramonni “gunohkor” qilib belgilash oson ish emas. Ayniqsa, hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni bosh qahramonlari qismatida bir lahza izsiz sharpadek ko'rinib yo'qoladigan “qaddi dol” kampirni bosh sababchi qilib tanishtirish borib turgan go'llik bo'lur ediki, hozir bu borada batafsil mushohadaga berilish niyatida emasmiz.

Shu nuqtai nazardan betimsol adib Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romanida yuz beradigan fojiaga nazar tashlaylik. Xo'sh, Kumushbibining o'limi, majnuna Zaynab ko'rguligi, Otabek va Yodgorbeklar taqdiri, umuman, yakka-yu yagona, komil farzandlaridan ajralgan ikki pokiza oila fojiasida kimni ayblamoq kerak? Umuman, bu ish, shu amalning o'zi kerakmi, shartmi?

Roman asosida suratga olingan dastlabki kinofilmni ko'rgan aksariyat odamlar bu fojiada O'zbek oyimni ayblashlariga ko'p guvoh bo'lganmiz. Holbuki, bu natija, avvalo, film rejissyorining, qolaversa, mazkur rol ijrochisi Maryam Yoqubova talqinining hosilasi ekanini bu odamlar o'ylab ham ko'rishmaydi.

Romanni o'qigan didli kitobxon esa O'zbek oyim xarakteriga xos jihatlarni, bu ayolning Toshkent kiborlari orasida tutgan o'rnini, o'g'li Otabek taqdiriga befarq bo'lolmasligi, oxir-oqibat, o'zbekning bir onasi sifatida o'g'li Marg'ilonda qilib kelgan ishni dastlabiga hech hazm qila olmasligi, hazm qilishi mumkin ham emasligini yaxshi his qiladi. Bu kitobxon, nihoyat Toshkentga kelgan kelini Kumushni qarshilab bag'riga bosar ekan, O'zbek oyimning yelkalari nima uchun ichki yig'idan titrayotganini ham, aslida bu yig'i o'zi qilib qo'ygan ishning qanchalar xato bo'lganini birdan anglagan, shuning barobarida bo'lajak fojiani yurakdan his qilgan ona qayg'usi ekanida teran tushunadi. O'zbek oyimga nisbatan e'lon qilingan ayblovga qarshi chiqadi.

“O'tkan kunlar” deganda faqat kinofilmni ko'z oldiga keltiradigan yana bir guruh muxlislar fojia aybdori sifatida ikki qo'llab Zaynabni ko'rsatishlari ham ko'p kuzatiladi. Ular bir muddat o'zlarini Zaynabning — Toshkentdek shahri azimning eng suluv qizlaridan biri, ne-ne xonadonlardan kelgan sov­chilar yetisha olmagan, Hasanaliga aravani qo'shtirib, “marg'ilonlik andi”dan o'g'lini sovutar darajada chiroyli kelin izlagan O'zbek oyimning nazariga tushgan, sodda va samimiy qizning o'rniga qo'yib ko'rsinlar-chi?! Ne umidlar bilan kelinchaklik libosini kiygan bu qizning yozug'i nedirki, shar'iy nikohiga olgan eri biror marotaba u bilan yostiqdosh bo'lmasa, biror marotaba sochini silab erkalamasa, ming bir bahona bilan kunini ko'chada o'tkazishni kanda qilmasa… va uyalmay-netmay “mijozim ojiz” degan yolg'onni ishlatsa…

Agar Zaynab insoniy, ayoliy his-tuyg'udan bebahra, qotillik uchun yaratilgan bir kimsa bo'lsa, nima uchun majnuna — jinni bo'lib qoldi, ne his uning bir yildan keyin xotini qabri ustiga kelgan Otabegini kechasi bexato topib yo'qlashiga sababchi bo'ldi? Endi ayting: shu Zaynabni — chorasiz majmunani ayblash — unga nisbatan yana bir jafoni ravo ko'rish bo'lmaydimi?

Ayrimlar Yusufbek hojida kerak paytda qat'iyat yetishmagani, o'jar, dali-g'uli xotinini joyiga qo'yib qo'yish qo'lidan kelmaganini iddao qilishni ham o'zlariga ep ko'rishadi. Holbuki, millatning ulug' vakili timsoli yanglig' ko'z oldimizda gavdalanadigan bu inson har bir kishining, xususan, boshiga “kelin tashvishi” tushgan xotinining ham insoniy istaklarini, orzu-umidlarini yaqindan his qiladi, shunday tabiiy istaklarni-da yashash huquqi­ni hurmatlaydi. Bir yoqdan marg'ilonlik kelinning Toshkentga yuborilishi paysalga solinayotganidan, ikkinchi yoqdan yagona o'g'lini elga to'y berib uylashni istagan xotinining qistovlaridan zada bo'lgan, eng muhimi esa – o'zining oilasidan labzsizlik chiqishini o'ziga ep bilmagan Hoji oxiriga qadar ikki kelin — kundosh o'rtasida paydo bo'lishi aniq ziddiyatlarning oldini olishga urinadi. Qolaversa, roman hodisalari kechayotgan davr uchun ko'pxotinlilik bugungidek seskantiruvchi, labzni buzishga arzigulik favqulodda holat sanalgan emas.

Chinakam xalq murabbiyalaridan biri, rahmatli shoira va voiz opamiz Tursunoy Sodiqova o'zining jontortar ma'ruzalari hamda nihoyatda o'qishli kitoblarida bu masalada Otabekni sudlamoqdan o'zini tiyolmas edilar. U kishini eshitgan yoki o'qigan odamlar opaning to'la haq ekaniga shubha qilishlari, muallif keltirayotgan bir-biridan mantiqli va hayotiy dalillar, tahlillardan qoniqmasliklari ham, darhaqiqat, mumkin emasdek. Biroq biz bu masalada Tursunoy opamizga-da qarshi turishga majbur bo'lamiz. Zero, u kishi bu muammoga sof hayotiy, hatto maishiy nuqtai nazardangina, ko'proq aql pozitsiyasidan turibgina yondashadiki, buning natijasida Otabekni xudbinlikda – faqat o'zini o'ylashdek qusurda ayblashga o'tib ketadi.

Holbuki, Otabekning o'ziga xosligi, uning Homid yoxud Sodiq tugul, hatto “Mehrobdan chayon”dagi Anvar mirzodan ham boshqa odam ekanligini inobatga olmasak, uning o'zbek so'z san'atidagi mutlaqo yangi, ohorli  xarakterini tushunmasak, bu qahramonning jozibasini, ismiga mos o'ziga bekligini, eng muhimi – chinakam ko'ngil kishisi ekanini his qilmaslikdek noshudlikka yo'l qo'ygan bo'lamiz. Chunki Otabek mana shu fidoyi ko'ngli bilan, mard va olijanob xarakteri bilan, buyuk shafqati va sadoqati bilan dunyo adabiyoti obrazlari qatoridan o'ziga munosib joy egallay olgan!

Qolaversa, agar adabiy asar va uning qahramonlari xatti-xarakatlariga Tursunoy opadek sof hayotiy pozitsiyadan yondashadigan va bunda “fojianing oldini olish mumkin edi-ku” degan, u kishiga xos samimiy istakdangina kelib chiqadigan bo'lsak, “O'tkan kunlar” romani ham yozilmas, agar yozilsa, uning hodisalari mutlaqo o'zga o'zanlarda kechgan bo'lur edi. Boshqacha aytganda, roman qahramonlarining har biri aynan shunday odamlar bo'lgani, yozuvchi dahosi ularni ayni darajada ishonarli yarata olgani tufayli ham asar shunchalar o'qishli, o'ziga tortuvchi, mudom muhokama etiluvchi o'lmas kitob maqomiga erishgan.

Umuman, “O'tkan kunlar” romanida, biz yuqorida bir qisminigina eslaganimiz mumtoz asarlarda bo'lgani singari, shundoq ham murakkab, chigal, inson bolasi sirini yechishga qodir bo'lmagan shafqatsiz hayot manzarasi yana-da murakkablashtirilib, ziddiyatlari alohida bo'rt­tirilib, mana shu murakkablik va ziddiyatlar ichida yashamog'i talab etiladigan insoniy ruh evrilishlari butun palitrasi bilan aks ettiriladi. Aytganimiz jo'n, sodda va soxta asarlardan farq qilaroq, bunday kitoblarni bir o'qishda “yamlamay yutish”, idrokka osongina singdirish mumkin emas. Yana bir bor Navoiy hazratlari: “Ko'zni o'kush sa'y ila zabt etgamen, Yetsa ko'ngil zabtig'a ish, netgamen?!” deganlarida aynan shunday – ko'z zabtiga emas, ko'ngil zabtiga qaratilgan asarlar qayg'usini qilganlarini yaqindan his etamiz…

Abdulla Qodiriyni ham o'zi yashashga mahkum bo'lgan zulmat saltanidan Navoiylar, Gyotelar, Dostoyevskiylar dahosi bilan ochilgan tafakkur kengliklariga parvoz qilmog'i, ana shu buyuklarning nurli qahkashoniga qo'shilmog'ini ta'minlagan ezgu qayg'ular shular bo'lsa, ajab emas.

Rahmon Qo'chqor,

filologiya fanlari nomzodi,

TDYuU dotsenti v.b.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 1 =