Turkiya ayblanuvchilarga chiqarilgan hukmdan norozi

Avvalroq Saudiya Arabistoni Bosh prokuraturasi Qoshiqchini o'ldirishda ayblangan besh kishi o'lim jazosiga, yana uch kishi 24 yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganini ma'lum qilgandi.

«Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining ishi bo'yicha ayblanuvchilarga chiqarilgan hukm har tomonlama tergov va adolatli qaror chiqarilishini kutayotgan mamlakatimiz va jahon hamjamiyatining kutganlariga mutlaqo mos emas. Qurbonning jasadi qaerdaligi, qotillik buyurt­machilari va mahalliy yordamchilar kabi muhim savollar chetda qolib ketdi. Biz bu qotillikni tergov qilish doirasida Saudiya Arabistoni hukumati bilan huquqiy hamkorlikni kutamiz», deyiladi Turkiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xami Oqso'yning bayonotida.

Kashmir masalasida murosa qilinmaydi

Pokiston quruqlikdagi qo'shinlar shtabi boshlig'i Qamar Javod Bajva Pokiston Kashmir masalasi bo'yicha murosaga tayyor emasligini  ma'lum qildi.

«Bizning tinchlikka intilishimiz ojizlik sifatida qabul qilinmasligi kerak. Biz to'liq tayyorgarlik ko'rganmiz va har qanday tajovuzni qaytarish qo'limizdan keladi hamda mamlakatimizni himoya qilishga tayyormiz. Nima bo'lmasin, Kashmir bo'yicha murosaga kelinmaydi», dedi u Kashmirdagi nazorat chizig'ini ko'zdan kechirish chog'ida.

Kashmir hududi 1947 yildan, ya'ni Hindiston mustaqillikka erishganidan so'ng diniy belgisi bo'yicha ikkita davlatga bo'linganidan buyon Hindiston va Pokiston o'rtasidagi bahs mavzusi bo'lib kelmoqda. Ayni paytda hududda davlat chegarasi yo'q: uning hududini nazorat chizig'i ikkiga ajratib turadi.

Niderlandiyadagi oxirgi ko'mir elektr stansiyasi yopildi

Niderlandiya poytaxti Amsterdamda mamlakatda ko'mirda ishlovchi oxirgi elektr stansiya yopildi. Bu haqda Niderlandiya OAV  xabar berdi.

O'tgan dam olish kunlari Xemveg elektr stansiyasining pechiga oxirgi marta ko'mir yuklangan, 23 dekabrda esa stansiya rasman to'xtatilgan.

25 yil davomida elektr energiya ishlab chiqargan elektr stansiyani iqlim bilan bog'liq muammolarni hal qilish uchun yopishga qaror qilingan.

Ko'mir atrof-muhitni eng ifloslantiruvchi qazilma yonilg'i hisoblanadi. Ta'kidlanishicha, Xemveg elektr stansiyasi yiliga 3,3 megatonna SO2’ni atrofga chiqargan.

Niderlandiya hukumati stansiyaga egalik qiluvchi «Vattenfall» shved kompaniyasiga 52,5 million yevro tovon puli to'lab bergan.

«Volkswagen» kompaniyasi rekord darajada jarimaga tortildi

Avstraliya sudi «Volkswagen» kompaniyasini «dizelgeyt» ishi doirasida mamlakat uchun rekord miqdordagi 125 mln. Avstraliya dollari (77,5 mln. yevro, 86 $ mln.) jarima to'lashga hukm qildi. Bu haqda « VVS News»  xabar berdi.

Raqobat va iste'molchilar huquqini himoya qilish masalalari bo'yicha komissiyaning ta'kidlashicha, kompaniya 2011 yildan 2015 yilgacha mamlakatga avtomobillarning zaharli modda ajratish miqdorini kamaytirib ko'rsatadigan qurilma o'rnatilgan deb 57 ming dona avtomobil olib kirgan.

Internet xabarlari asosida

A.Sodiqov tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 3 =