Kitob — qalb shifosi

XXI asr hayotimizga shiddat bilan kirib kelgani rost. Yuksak zamonaviy texnologiyalar, kompyuter, internet va hokazolar sababli, biz insonlar, negadir so'nggi yillarda badiiy kitoblarni (roman, hikoya, she'rlar) kam, juda kam o'qiymiz. Shoir aytganidek “internet degan ajdar” naqd mo''jizaning o'zginasi – birpasda dunyoning hamma axborotlaridan xabardorsiz, agarda ijtimoiy tarmoqlarga bir nazar solsangiz bormi, soatlar, daqiqalar yoki kunning qanday o'tib ketganini ham sezmay qolasiz.

Ertalab ishga, o'qishga, kech­qurun uyga shoshish jarayonida avtobus yoki metroda ko'rganimiz — baxtiyor yoshlarimiz o'zlari bilan o'zlari ovora, kaftidagi “dunyoni” mazza qilib tomosha qilib ketaveradi. Ularning kaftida kitob emas, eng so'nggi rusumdagi telefonlar bo'ladi. Beixtiyor xo'rsinib qo'ya­siz, qani endi kitob yoki biror gazeta o'qib ketayotgan yoshlarni uchratsangiz…

Hozirda yoshlari 60-70 larga borib qolgan hamyurtlarimiz yoshligidan ulug' adiblarimiz Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Abdulhamid Cho'lponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Navoiy”, Said Ahmadning “Ufq”, Odil Yoqubovning “Diyonat”, Chingiz Aytmatovning “Jamila” singari asarlarini ishtiyoq bilan o'qishganini eshitib, endi bularni bir yorug' xotira kabi eslash ham odamni o'ksitadi ba'zan…

Kuni kechagiday hamon ko'z o'ngimda Rayimboy akam kasbi o'qituvchi edi (Alloh rahmatiga olsin). Ayniqsa, qish faslining uzun kechalarida to tonggacha kitob o'qib chiqardilar, uyi­mizning bir xonasida akamning kitob javoni bor edi. Akam: “Bu kitoblar mening xazinam, boyligim, javohirlarim, mening sirdosh do'stlarim”, derdilar. Biz opa-singillar ham bu kitob­larni o'qirdik, asar qahramonlarini muhokama qilib, bir-birimiz bilan tortishib ham qolardik.

To'g'risi, hozir odamlarda badiiy kitob o'qishga, go'yoki vaqt yetmayotgandek, kunlar tez o'tib ketayotgandek holat mavjud. Biroq, uy-ro'zg'or, bolam-chaqam, pishir-kuydirdan ortsa oynai jahon muruvvatini burab, serial tomosha qiladi. Ertasiga ishga keliboq, o'sha seriallardagi qahramonlarni muhokama qilishadi.

Bir kuni hamkasbimdan ataylab so'radim: “Siz badiiy adabiyot o'qiysizmi?”, deb. U: “Yo'q o'qimayman, vaqtim yo'q ishdan zo'rg'a uyga boraman, uy yumushlari o'zi yetib ortadi”, deydi. Bu XXI asr boshining o'zgarmas hayot ssenariysi desam aslo mubolag'a bo'lmaydi. Ayollar maosh olsalar, bozorga yoki supermarketga borib, eng oxirgi modadagi ko'ylak, atir-upalar sotib olishadi, kitob olishga esa puli yetmaydi.

Axir kitob o'qigan insonning ongu tafakkuri yuksak, dunyoqarashi keng bo'lib, mukammallikka, komillikka yetishadi. Hayot sinovlari oldida qaddini tik tutadi, ayrim qiyinchiliklar oldida esankirab qolmasligi tabiiy holat emasmi?!.

Marhamat Matvafayeva.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 7 =