Markaziy Osiyoda yagona O'quv simulyatsion markazi ochildi

Kuni kecha ko'z mikrojarrohligi bo'yicha Markaziy Osiyoda yagona O'quv simulyatsion markazining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Mazkur simulyatsion o'quv markazi Innovatsion rivojlanish vazirligi, DMC Innovatsion klinikasi, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamkorligida xalqaro standartlar bo'yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bo'lib, u Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan startap loyihalar tanlovi natijalariga ko'ra moliya­lashtirildi.

Tadbirda Bosh vazir o'rinbosari, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi raisi Elmira Bositxonova, Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari Azimjon Nazarov, DMC klinikasi direktori Zulfiya Maqsudova va xodimlari, soha mutaxassislari va jurna­listlar ishtirok etdi.

— Bugungi kunda tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlashga, tibbiy xizmat sifatini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda, – deydi Azimjon Nazarov. – Shu o'rinda DMC innovatsion klinikasi yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni ko'rsata oladigan ko'p tarmoqli innovatsion klinikalardan biridir. Ushbu klinika mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimiga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni keng olib kirdi, deb aytsak xato bo'lmaydi. Chunki bu klinika rahbariyati va xodimlari o'z ustida tinimsiz ishlab, yangiliklarga intilgan holda o'z faoliyatini tashkil qilib kelishmoqda.

Markazning asosiy maqsadi katarakta fakoemulsifikatsiyasi va vitreoretinal jarrohlik bo'yicha mutaxassislarni jahon standartlari darajasida tayyorlashdan iborat. Malaka oshirish amaliyotlari Germaniyada ishlab chiqarilgan Eyesi VRmagic simulyatsion apparatida amalga oshiriladi.

– Ushbu markaz ko'z mikroxirurgiyasi bo'yicha mutaxassislarni Respublikamizdan tashqariga chiqmasdan turib o'ta zamonaviy usulda murakkab amaliyotlarni o'rganish imkoniyatini beradi. Maxsus simulyatorlarda amaliy treninglar natijalari avtomatik tarzda kompyuterlashtirilgan dastur orqali baholanadi va bu o'ta malakali mutaxassislar yetishib chiqishi uchun asos hisoblanadi. Mazkur markazda  yiliga 50 nafar yetuk mutaxassis yetishtirish imkoniyatiga egamiz, — deydi Zulfiya Maqsudova.

Bugungi kunda mamlakatimizda keng tarqalgan operatsiyalardan biri – katarakta fakoemulsifikatsiyasi bilan shug'ullanadigan oftalmoxirurglar tayyorlash darajasi qoniqarsiz ekanligi kuzatilmoqda. Masalan, 2017 yili O'zbekistonda 40 000 taga yaqin katarakta jarrohligi amalga oshirilgan bo'lib, bu 1000 000 aholi uchun 825 ta operatsiya deganidir, ya'ni mamlakatning yillik ehtiyojining atigi 24.5 foizini tashkil etadi. Hozirgi kunda O'zbekistonda katarakta fakoemulsifikatsiyasi bilan shug'ullanadigan 11 nafar yuqori malakali mutaxassis mavjud. Respublika bo'yicha 150 000 fakoemulsifikatsiyaga muhtoj bemorlar borligini inobatga olsak, mana shu yuqori malakali mutaxassislar o'z imkoniyatlaridan maksimal foydalangan holda yiliga jami 10 000 ta jarrohlik amaliyotini o'tkazishlari mumkin.

Markazda katarakta fakoemulsifikatsiyasi bo'yicha birinchi sinov guruhi mutaxassislari 2019 yil 2 dekabr­dan 14 dekabrgacha muvaffaqiyatli tarzda malaka oshirishdi va maxsus sertifikatga ega bo'­lishdi.

O'z muxbirimiz.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =