Haqiqat va iste'dod timsoli

Bugun ba'zan kitob o'qilmaydi deb yozg'irishadi. Kitob o'qiladi. Uni faqat ta'sirli, o'qiladigan saviya bilan yozmoq kerak. Deylik,  “O'tkan kunlar” kabi. Ammo bunday mukammal asarlarni yaratish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Nega bu gapni aytmoqdaman? Bugungi yoshlar orasida shu romandan yod olganlari bor.

Har bir avlod Abdulla Qodiriy ijodini o'zicha o'qiydi, uqadi, tasavvur qiladi, ardoqlaydi. Adib romanlari har qanday o'quvchiga hayotiyligi, go'zalligi, milliyligi, tozaligi, tasvir jozibasi, ta'sir quvvati bilan zavq-shavq bag'ishlaydi.

O'ylashimizcha, Abdulla Qodiriy sadoqat, haqiqat va iste'dod timsoli. O'zbek millatining manglayiga bitilgan bunday shaxsiyatning hayot va ijod yo'li oson kechmadi, kurash va to'qnashuvlarga to'la bo'ldi. Zotan, “Inson bo'lish – kurashchi bo'lish demakdir” (Gyote).

Abdulla Qodiriy siymosi uzoqdan adolat, haqiqat va jasorat tushunchalarining tirik ramzi bo'lib ko'rinadi. Adib jasoratni qadrladi, keskir va to'g'ri so'zi bilan shuhrat topdi.

Adib asarlari, xususan, romanlarini ulkan va tiniq ko'zguga o'xshatish mumkin. Unda o'zbek millatining muayyan tarixiy sharoitdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-ma'naviy dunyosi, bo'y-basti, qiyofasi keng ko'lamda aniq-tiniq gavdalantirilgan.

Abdulla Qodiriy qahramonlarining ichki olami, ma'naviy dunyosiga qancha jiddiy e'tibor bersa, bevosita o'sha botiniy olamni namoyon etadigan tashqi omillarga ham, albatta, nazar tashlaydi. Ayniqsa, yozuvchi qahramonlari qiyofasiga befarq emas. Chunki tashqi ko'rinishda gap ko'p: insonning qiyofasidan ichki olami ko'rinadi.

Iqtidorli yozuvchi Tohir Malik “Ibrat maktabi” maqolasida: “Garchi “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” sevgi qissasiga o'xshasa-da, uning zamirida Vatan taqdiri, Vatan qayg'usi yotadi” (“O'zAS” gazetasi. 2003 yil, 19 sentyabr), degan fikr­larni yozgandi.

Yana bir gap. Abdulla Qodiriy adabiy merosining bir qismi hajviy asarlardan iborat. Julqunboy XX asr o'zbek hajviy adabiyotining maktabdorlaridan biri. Buyuk adibning o'g'li Habibulla Qodiriy yozishicha, “Qodiriy “Mushtum”da va ke­yingi yillardagi turli gazeta-jurnallarda bosilgan hajviy tan­qidiy maqolalarida ellikdan ortiq maxfiy taxallus (laqab)larni qo'llagan edi. “Kuldirib yig'latadigan, yig'latib kuldiradigan” Jul­qunboy 1924 yildayoq “fel'yetonlar qiroli” nomini oldi. “Yig'indi gaplari” uchun qamaldi, achchiq va haq so'zi uchun jabr ko'rdi”.

Darhaqiqat, Julqunboyning hajviyalari, fel'yeton va hangomalarida ayovsiz tanqid, ayb­liga yuzing-ko'zing demay tortilgan tarsaki, “so'z o'nqovi” kelganda chapanicha do'q-po'pisa, “ovsarona, daliyona” tajahilu orifona so'z aytish san'ati bor.

Bugun ba'zan kitob o'qilmaydi deb yozg'irishadi. Kitob o'qiladi. Uni faqat ta'sirli, o'qiladigan saviya bilan yozmoq kerak. Deylik,  “O'tkan kunlar” kabi. Ammo bunday mukammal asarlarni yaratish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Nega bu gapni aytmoqdaman? Bugungi yoshlar orasida shu romandan yod olganlari bor. Misol uchun Kumushning Otabekka maktubini. Chunki romanning ayrim o'rinlari she'r kabi yozilgan.

Umid shulki, Abdulla Qodiriy qoldirgan ma'naviy mulk, xazina o'tmishga aylanmaydi, zamonlar bilan birga yuradi, kelajakka xizmat qiladi.

Haqiqat shuki, Abdulla Qodiriy asarlari olimlar tomonidan har doim o'rganilgan, o'rganilayotgan va o'rganiladigan asl ijod namunalari, yana ham to'g'rirog'i, har doim o'qilgan, o'qilayotgan va o'qiladigan asarlar.

Shunday bir iste'dodli adibni, “qalbi butun shaxs”ni eslayotgan kunimiz ma'naviyat, adabiyot bayrami barchamizga muborak bo'lsin!

Bahodir Karim,

filologiya fanlari doktori.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =