Al-Xorazmiy maktabida millatparvar avlod kamol topadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizda kadrlar muammosi borligini aytgan edi. Ko'p o'tmay, bu masalani tag zaminidan o'rganish va hal etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida tizimli islohotlar boshlandi.

Avvalo, maktabgacha ta'lim sohasi rivojlantirilib, poydevori mustahkamlandi. O'quv dargohlari hamda pedagoglarga e'tibor kuchaydi. Ayniqsa, Oliy ta'lim tizimida katta o'zgarishlar amalga oshirildi.

Bilimga chanqoq bolalarni chuqurlashtirilgan o'quv maskanlariga jalb etish, talab yuqori bo'lgan sohalarga yo'naltirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi bilim muassasasini kelib ko'rdi.

Maktabda fan kabinetlaridan tashqari darslar hamda fakultativ mashg'ulotlarni innovatsion usullarda o'tish uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratilgan. Artel, UCell, ZTE va Huawei kompaniyalarining maxsus sinflari ochilgan.

Shavkat Mirziyoyev ushbu sinflar, ulardagi muhit, texnik-uskunalarni ko'zdan kechirar ekan, o'qituvchi va o'quvchilar bilan suhbatlashdi.

— Hamma ishlarimiz, islohotlarimiz O'zbekistonning ertangi kuni uchun. Kelajagimiz zamini esa — siz, yoshlar. Ko'zlaringizdan ko'rib turibman, sizlar bilimli, Vatanimizga munosib farzand bo'lib yetishmoqchisizlar. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratib beramiz, — dedi Prezidentimiz.

Shuningdek, mutasaddilarga ilg'or binolar andozasi asosida maktablarning qurilish loyihalarini o'zgartirish, metodologiyani mustahkamlash orqali ta'lim sifatini oshirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.

— Al-Xorazmiy bobomizga dunyo hozirgacha qoyil qoladi. Bugungi texnologiyalar, dasturiy mahsulotlarga u yaratgan algoritm asos bo'lgan. Siz bundan faxrlanishingiz, buyuk ajdodimizdek qunt bilan o'qib, doim izlanishingiz kerak, — dedi davlatimiz rahbari.

Maktabda o'quvchilar zamonaviy mobil va kompyuter dasturlarini o'rganishi, o'z ustida ishlab, tajriba oshirishi uchun robototexnika va sanotexnika xonalari, innovatsion va virtual laboratoriyalar tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu bilim dargohida Mirzo Ulug'bek tumanidagi IT-park bo'linmasini tashkil etish, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham shunday markazlar ochib, bu sohaga qiziqqan yoshlarga keng sharoitlar yaratish zarurligini aytdi.

A.Mamasodiqov

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 10 =