Tog'a

Bolalik xotiralarga boy davr. Ayniqsa, yaxshiliklar bir umr yodda qoladi. Biz bola paytimizda ayollar bozorga borishmasdi. Bozor-o'charni erkaklar qilishardi. O'shanda Yangi yil kuni bozor (yakshanba) kuniga to'g'ri keldi. Otam bilan Qo'shrabot tumanidagi Jo'sh bozoriga bordik.

Bozorni aylanib yurganimizda bir keksa kishi otam bilan quyuq salomlashdi. Uzoq so'rashdi. “Ie, birpasda katta yigit bo'libsan-ku, jiyan”, deya erkalab boshimni siladi, peshonamdan o'pdi. So'ng chap qo'ynidan gazeta qog'oziga ixcham qilib o'ralgan, bir qo'shhovuch keladigan konfetni, o'ng qo'ynidan esa bir dona magazin (do'kon) do'ppisini chiqarib, “Ma, ol jiyan, Yangi yiling muborak bo'lsin, hozir sovuq, yozda kiyasan”, deb uzatdi. So'ng qo'lini ochib, uzoq duo qildilar.

Otamdan: “Bu kishi kim, nega bularni menga berdi”, deb so'radim. Otam: “Bu odam, Qidirboy tog'a. Qidirboy qassob desa ko'pchilik taniydi, hurmat qiladi”, dedilar.

Uyga kelib bu voqeani onamga aytib berdim.

Onam:

— U kishi Qidirboy qassob, tog'am. U bitta senga emas, bozorda qaysi jiyanini ko'rsa, hammasiga shunday qiladi, doimo qo'ynini mevaga, do'ppiga to'ldirib yuradi”, dedilar.

Har gal Yangi yil kunlari bozorga tushsam shu tog'ani qidirardim. Ammo tog'a ko'rinmasdi. Nafaqat, u, jiyanlariga shirinlik yoki do'ppi sovg'a qilayotgan boshqa tog'alar ham ko'rinmasdi. O'shanda: “Nahotki u eng so'nggi mehribon, qo'ni-qo'nji sovg'aga to'la tog'a bo'lsa”, deb o'ylardim.

Shu-shu boshqa hech bir bozorda bunday tog'ani uchratmadim. Ammo mening qalb kitobimga o'chmas bo'lib yozilib qolgan edi.

Shuhrat Ro'ziyev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 15 =