Shamalardan tuzdim guldasta

Daraxtlarda  yaproqlar sinar,

Bir qasirlash yanir ko'ksimni.

Boshim egib o'tirishimday

Baxt bag'rimga kirding o'ksinmay

Yuragimdan tushib ketmang!

Chil-chil sinsa mudhish bir qo'rquv,

Sinsa suvning yuzida hadik.

Siniq jarang go'zal bo'lsa-da,

Qayg'urishim chiqsa-da tantiq,

Yuragimdan tushib ketmang!

Yig'i sinsa ko'zim chetida,

Qilt etmasa oqsuyak shodlik.

Miyamning o'q chiziqlarida

Chatnab ketsa Sizsiz ozodlik,

Yuragimdan tushib ketmang!

Duragay his qo'lidan o'psa

Men bosh suqib ko'rmagan kunning.

Ko'zimdagi qora kukunlar

Jilolansa bitta hukmda –

Yuragimdan tushib ketmang!

Oyna ochgan ayol sochiday

Sho'xlik qilsa singan hislarim.

O'zimni men qanday qutqaray

Izingizga tushsa izlarim –

Yuragimdan tushib ketmang!

22.10.2019

* * *

Ko'zlarimdan chiqolmay yotgan

Qora kunni ovutayapman.

Shamalardan tuzib guldasta

Sovuq choyni sovutayapman

Ko'z yoshlarim dona va dona

To'kmaydigandayman.

Dengiz seni sevsam ham yona

Cho'kmaydigandayman.

Yo'llarimdan o'tmoqda shamol,

Hayotimni surib chetroqqa.

Qisqa tutashuvli bu ahvol

Xayolimni turtar qirg'oqqa.

Shudringning oy qo'lchalarini

Tutmaydigandayman.

Yuragimdan o'tdim ming bora

Qaytmaydigandayman.

Hislarimning po'chog'in chaqib

Lablarimni yordim, qonatdim.

Kabutarim oldin o'ldirib,

So'ngra undan maktub jo'natdim.

Ko'zlarimning qorasin senga

Surtmaydigandayman.

Oxirlagan kun kukunlarin

Titmaydigandayman.

Simqoqqichning qoqib  “ohini”

O'zimni men  qo'lga olyapman.

Artib-surtib g'am yuqilarin

Ortga qarab yurib boryapman.

Xayolimning farroshi senga

Etmaydigandayman.

Bu zumurrad dengizdan endi

Ketmaydigandayman.

21.10.2019.

* * *

Birgina kun bergin, Xudoyim,

Namiqmagan nafasim yetib.

Saslarimni yondirolmagan

Gugurt cho'pi umrimga tegib.

“Shunday yashab bo'larmi?” deya

Yashagan u aynan shu taxlit.

Ho'l va quruq hislarim aro

Chiqayapsan bir o'zing balqib.

Kurashgan o'z tutuni bilan

Dudlarini falakka yoyib.

Daftarimdan uzgan varaqning

Uzuqlari  boqar mung'ayib.

Yashayapman, qara, qarab qo'y,

Qora ranglar qilmas kalaka.

Sendan qolgan kunning ortida

Sepalaydi yomg'ir – tahlika.

Qarab qo'ygim kelyapti juda

O'z boshimni o'zim ko'tarib.

Tomchilaring sevgiday yomg'ir

Ko'zlarimga kirar betartib.

Sanog'ingda adashmay, Rabbim,

Berarsan kun, buni bilaman.

Men har kuni, har tuni birday

Eshigingga qaytib kelaman.

30.10.2019

* * *

Tug'ilishi mumkin odam

har yili

o'sha oy

va o'sha sanada

o'zi istamasa-da

yaratgan  istagan

kemtik  qismatini ko'tarib

uning tug'ilishini

hech kim ortga surib qo'yolmaydi

mushtini o'qtalib

po'pisa qilolmaydi “Tug'ilma!” deya

ierogliflar kabi

o'qish qiyin bo'lsa-da peshonasini

tug'ilaverar odam

tug'ilaverar

Go'zal Begim.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 4 =