Bloger nega 15 sutkaga qamaldi?

Respublika Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning munosabat bildirishicha, sud ushbu ma'muriy ish materiallarini har tomonlama va to'liq o'rgangan holda A.Nuritdinovning kassatsiya tartibida berilgan shikoyatini rad qilib, qanoatlantirmasdan, Andijon viloyat ma'muriy sudi tomonidan 2019 yil 30 dekabrdagi unga nisbatan chiqarilgan qarorni o'zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qilgan.

O'tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim xorijiy radiokanallarda Otabek Nuritdinov taxallusi bilan faoliyat yuritib kelgan andijonlik bloger Abdufatto Nuritdinovning 15 sutkaga qamalgani ko'p bahs-munozaralarga sabab bo'ldi.

Xo'sh, A.Nuritdinov 15 kunga nega qamaldi? U nima ayb qilgan edi? Yo bu holat to'g'ri so'zning to'qmog'i edimi?

Axir, Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining erkin faoliyat yuritishi, fikr bildirishi, voqea va hodisalarga o'z munosabatini bayon etishda shaffoflikni ta'minladi. Shu bilan birgalikda, blogerlik faoliyati qonunda belgilanganidek, jurnalistning ish yuritishidan farq qiladi. Blogerga jurnalist tekshiruvi o'tkazish, korxona va tashkilotlardan hujjat talab qilish huquqi berilmagan. Shunga qaramay, shub­hasizki blogerlarning ham har qanday oddiy fuqaro singari so'z erkinligidan foydalanishga haqqi bor, munosabatini ommaviy axborot vositalari orqali bildirishga ham haqli.

Huquq tartibot organlari O.Nuritdinovni aybdor topgan bo'lsa, blogerning advokati va keng jamoatchilik uning harakatlarida amaldagi qonunchilikka xilof hech qanday harakat sodir etilmaganini ma'lum qilishdi.

Qo'yilgan ayblov xulosasiga e'tibor qaratsak, tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblangan bloger ishi 2019 yilning 30 dekabr kuni Andijon viloyati Ma'muriy sudi sudyasi D. Xalilov raisligida ko'rib chiqildi. Sud qaroriga asosan A.Nuritdinovga O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 40- va 41-moddalari bilan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari miqdorida jarima jazosi, 183-moddasi bilan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangandan tashqari, sudning qaroriga asosan uning jazoni o'tashda har bir kuni uchun 33 450 so'm miqdorida, jami 501 750 so'm qamoqda saqlash xarajatlari undirilishi belgilangan.

Albatta, qonun hamma uchun barobar. Sud qarori odillik mezonidir. Lekin… Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz qonunchiligida sudlarni liberallashtirish, nizoga borgan ikki tomonni yarashtirish choralarini ko'rish allaqachon amaliyotga joriy etilgan. Axir kim xato qilmaydi deysiz, “qars ikki qo'ldan chiqadi”, degan gap ham bor. Bu yerda birgina bloger aybdormikin, balki shikoyatchi shaxslarda ham ayb bordir? Sud ajrimidagi guvohlar faqat blogerning ustidan shikoyat qilganlar ekan. O.Nuritdinovning advokati ijtimoiy tarmoqlarda quyidagicha so'z yuritadi: «Sudyadan birinchi bosqich sudining chiqargan ma'muriy qarorini bekor qilib, ishni harakatdan tugatib, A.Nuritdinovga nisbatan tuhmat bilan ariza yozganligi uchun shikoyatchilarga qonuniy chora ko'rishni talab qildim. Buni asoslab ham berdim, mana shuncha guvohlar, inobatga olishmadi.

Bu yerda protsessual qoidabuzarliklar juda ko'p bo'ldi. Birinchidan, sud majlisi ochiq deb e'lon qilindi, ochiq deb e'lon qilinishi bilan sudya o'zining kimligini, sud tarkibini tanishtirmasdan turib videokamerani kiritish bo'yicha iltimosnomaning muhokamasiga o'tib ketdi. Undan so'ng men «ism-familiyangizni yozib qo'yay», deganimdan keyin o'zining shaxsi to'g'risida ma'lumot berdi. Protsessual qoidabuzarliklar juda ko'p, bu qonun bo'yicha qabul qilingan sud qarorining bekor bo'lishiga yuz foizlik asos bo'ladi”, degan gapi inobatga olinmagan.

Sudda keltirilgan dalillarda Asaka tumani hokimi E.Yakubov, Asaka tumanidagi 27-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori M.Isaqova va Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i F.Buzrukovlarning yozma shikoyat arizalari ko'rsatilgan. Unda F.Buzrukovga nisbatan Abdufatto Nuritdinov 2019 yil 7 oktyabr kuni: «Oxirgi paytlarda Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i F. Buzrukovdan shikoyatlar ko'paymoqda, yaqin kunlarda ushbu oyog'i yerdan uzilgan amaldor haqida maqola chiqarib, yerga tushirib qo'yamiz, sen xalqni nazaringga ilmasang, xalq ham seni nazarga olmaydi, hech kimmasligingda, onang tengi ayollarga paxtada kishan solmoqchi bo'lganding, tasavvur qilgin 33 million aholi bittadan tuflasa ham tupugiga cho'kib o'lasan, oynaga bir qaragin, yaxshilab e'tibor berib qaragin», deya yozgan o'z profilida. Izohga hojat yo'q. Bunday qo'pol so'zlar haqoratdan o'zga narsa emas!

Shuningdek, fuqaro M.Isa­qova o'zining shikoyatida bloger joriy yilning 18 oktyabr kuni uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, u va uning jamoasini «korrupsion o'choq», deb tuhmat va haqorat qilinganligini bildirgan.

Ammo bloger ularni nega “korrupsion o'choq”, degan? Bu gap nechog'li haqiqat yo yolg'on? Bu holat ochiq qolgan. Ma'lum bo'lishicha, ayb­dor O.Nuritdinov sudda o'z aybini umuman tan olmagan.

Abdufatto Nuritdinov asli 1983 yilda Sariosiyo tumanida tug'ilgan bo'lib, hozirda Andijon viloyati, Asaka shahri, Ibn Sino mahallasida yashaydi. Hech joyda ishlamaydi. Facebook’da Otabek Nuritdinov nomi bilan akkaunt yuritadi. U Feysbukda Andijon viloyati ijtimoiy sohalaridagi kamchiliklar haqida yozib kelgan. Tizim rahbarlari xususida keskin fikrlar bildirib, xalq ta'limi, elektr tarmog'i, issiq suv ta'minoti hamda yo'l muammolari va shunga o'xshash masalalarda kamchiliklarni ko'rsatib, tanqidiy postlar qo'yib, bloger sifatida tanilgan.

So'nggi kunlarda u Jalaquduq tumanida yashovchi aholi vakillarining 22 dekabr kuni o'tkazilgan saylovlar natijasidan noroziligi ifodalangan video lavhalarni ulashgan.

O.Nuriddinovning advokati arizasiga binoan 2020 yil 4 yanvar kuni Andijon viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasida ko'rib chiqilgan ochiq sud majlisida blogerga nisbatan chiqarilgan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi o'zgarishsiz qoldirildi.

Respublika Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning munosabat bildirishicha, sud ushbu ma'muriy ish materiallarini har tomonlama va to'liq o'rgangan holda A.Nuritdinovning kassatsiya tartibida berilgan shikoyatini rad qilib, qanoatlantirmasdan, Andijon viloyat ma'muriy sudi tomonidan 2019 yil 30 dekabrdagi unga nisbatan chiqarilgan qarorni o'zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, jumladan, blogerning onasi Matlubaxon Qurbonova shunday deydi:

—      Otabekni o'tgan yil 30 dekabr kuni Asaka tuman moliya bo'limiga, «Siz so'ragan hujjatlar tayyor bo'ldi», deb chaqirishgan. U borsa, unga o'sha yerdagi xodimlardan biri: «Mana sen so'ragan ma'lumotlar», deb yuziga otibdi. Otabek, «nima qilyapsizlar?» — desa, moliya bo'limidagilar janjal ko'tarishgan. So'ng Otabekni, mayda bezorilik, haqoratda ayblab, mashinaga solib, IIBga olib kirib ketishibdi. Menga bu haqda o'sha yerda bo'lgan moliya xodimlaridan biri gapirib berdi…

Ochiq aytish zarur, aniq dalil va faktlarga ega bo'lmasdan kimnidir yomon­otliq qilish, tuhmat qilish, eng yomoni, har qanday holatda odob-axloq qoidalariga amal qilish o'rniga do'q-po'pisa, dag'dag'a va haqoratli so'zlar ishlatishga hech kimning haqqi yo'q. Ha, shu jumladan, blogerning ham!

Bu oddiy haqiqatni bugun o'zlarini bloger deb sanovchi ko'plab yurtdoshlarimiz unutib qo'yishayotgani bor gap. Nega shunday?

Ehtimol ularda, birinchi navbatda, huquqiy bilim, savod va ma'lumotning yetishmayotganligidan emasmikin?

Ammo… bilim darajasi har tomonlama binoyidek blogerlar ham yo'q emas.

Yusuf Jo'rayev.

Tahririyatdan: Yuqoridagi kuzatuvimiz bilan biz qat'iy xulosa qilish fikridan yiroqmiz. Ha, garchi sud qaroriga ko'ra, bloger O.Nuritdinov aybli deb topilgan bo'lsa-da, sudning ajrimi nechog'li adolatli kechdi? Nega unda O.Nuritdinov o'zini hamon aybsiz sanamoqda? Yoki jamiyatdagi ayrim kamchilik va muammolarni yoritib kelgani uchun undan o'ch olindimi?.. Hozirda bir narsa deyish oson emas. Nima bo'lganda ham so'z erkinligi, ochiqlik siyosati mustahkamlanayotgan bir paytda yuqoridagi holat kishini o'ylantiradi. Shu bois biz imkoni bo'lsa, kelgusida bloger O.Nuritdinov bilan “Aslida nima bo'lgan edi?” degan mavzuda suhbat uyushtirish niyatidamiz. Albatta, qarama-qarshi tomonlarning fikrlari ham e'tiborga olinadi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 1 =