O`zLiDeP bosh vazir nomzodini ko'rsatadi

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi tugashi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatligiga takroriy ovoz berish jarayoniga bag'ishlangan brifing bo'lib o'tdi.

Unda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ma'lumot berdi.

E'tirof etilishicha, O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 59-moddasiga muvofiq takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmasa-da, biroq bu jarayonda ham 62,8 foiz saylovchilarning ishtirok etgani fuqarolarimizning siyosiy, huquqiy madaniyati yuksalib, ularning yangilanayotgan O'zbekistonda yangidan shakllantirilayotgan parlament saylovlariga befarq emasligini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli, odilona va insonparvar siyosatni qo'llab-quvvatlashining yana bir bor isboti bo'ldi.

Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berishda g'alaba qozongan 25 deputatni ro'yxatga olish haqida qaror qabul qildi. Shunday qilib, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi to'liq shakllantirildi.

O'zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga saylangan 150 deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar, 39 nafarini yoki 26 foizini oldin ham Qonunchilik palatasi deputati bo'lganlar tashkil etadi.

Deputatlarning 9 nafari yoki 6 foizi 30 yoshgacha, 97 nafari yoki 65 foizi 30 yoshdan 50 yoshgacha bo'lganlar hamda 44 nafari yoki 29 foizi 50 yoshdan katta yoshdagilar. Eng yosh deputat 26 yoshda. Eng yoshi ulug' deputat 71 yoshda.

O'zbek millatiga mansub deputatlar 130 nafar yoki 87,0 foizni, boshqa millat vakillari – 20 nafar yoki 13 foizni tashkil qiladi.

Ulardan qoraqalpoq va rus millatiga mansublar 5 nafardan, qozoq va tojik millatiga mansublar 3 nafardan, koreys millatiga mansublar 2 nafarni hamda 1 nafardan turk­man va qirg'iz millatiga mansub deputatlar tashkil qiladi.

Mutaxassisligi va ixtisosligi bo'yicha deputatlarning 32 nafari fan-ta'lim, 23 nafari bank, moliya va iqtisod, 21 nafari huquqshunoslar, 21 nafari jamoatchilik va nodavlat notijorat tashkilotlari, 12 nafari qishloq xo'jaligi, 9 nafari tibbiyot, 9 nafari qurilish, kommunikatsiya, transport va aloqa, 6 nafari OAV, 7 nafari tadbirkorlar hamda 10 nafari boshqa soha vakillari sanaladi.

2019 yil 10 dekabr kuni yangi tahrirda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasida Bosh vazir nomzodi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko'p deputatlik o'rnini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko'p deputatlik o'rinlarini qo'lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi belgilangan. Ushbu qonunga muvofiq Bosh vazir nomzodini ko'rsatish huquqiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ega bo'ldi.

“Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar yakuniga yetdi.

Ko'p millionli saylovchilarimiz, saylovlarga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar saylovlar, avvalo, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, yangi Saylov kodeksi hamda xalqaro standartlarga to'liq rioya qilgan holda o'tganini e'tirof etmoqda.

Manba: O'zA

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =