Noningni tuya qilmoqchimi, fermer?

yoki Oliy sud qarori ijrosi nega paysalga solinmoqda?

Quyi Chirchiq tumani Guliston massividagi “Guliston Agro Fayz” fermer xo'jaligi rahbari Akmalxo'ja Tursunxonov qariyb bir yildan buyon tuman hokimining 2019 yil aprel oyidagi 1305-sonli qarori yuzasidan norizo bo'lib turli idoralarga bosh suqib, adolat izlab yuribdi.

Tumandagi ilg'or fermerlardan sanalgan xo'jalik 2015 yilda tashkil etilgan bo'lib,143 gektar yer maydoniga ega edi. Xo'jalik paxtachilik, g'allachilikdan erishgan yuqori natijalarni e'tiborga olgan mahalliy rahbarlar 28 yoshli fermer Akmalxo'ja Tursunxonovga yana 242 gektar unumsiz yerlardan qo'shib berishadi. Jami 387 gektar yerga egalik qilgan fermer jon-jahdi bilan mehnat qila boshladi. Xo'jalikni oyoqqa turg'azdi. Sof daromadlari hisobidan moddiy-texnik bazasini zamonaviy, ish unumi yuqori texnikalar bilan mustahkamlab, keng tarmoqli fermer xo'jaligiga aylantirdi. Ammo hamma g'alva shundan keyin boshlandi…

Fermer xo'jaligi ishlab chiqarish bilan bir qatorda o'zining mashina-traktor parkiga ega. Xo'jalik o'z texnikalari bilan yon- atrofdagi fermer va dehqonlarga shartnoma asosida doimiy xizmat ko'rsatib kelmoqda. Shuningdek, dukkakli ekinlarni saralash va qadoqlash sexi, asalarichilik, poliz va sabzavot yetishtirish hamda go'sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash mini zavodini ham qurib, ishga tushirdi. Bizga qiziq tuyulgani, bugungi kunda fermerning faoliyati nega qo'llab-quvvatlanmayapti? Fermer erishgan yutuq tuman uchun ham obro' emasmi?!

Shu tariqa yosh fermer qishloqda yangi ishchi o'rinlari yaratib, kam ta'minlangan oilalar byudjetini mus­tahkamladi. Eng muhimi, fermer xo'jaligi tashkil etilgandan buyon davlatga boshoqli don, paxta va pilla xomashyosi yetkazib berish shartnomaviy rejasini bajarib, nafaqat tumanda viloyatda ham o'z o'rniga ega bo'ldi. Bunday natijalarga erishish o'z-o'zidan bo'lmadi, albatta.

Unumsiz yerlarning hosildorligini oshirish, meliorativ holatini yaxshilash, yerning ball bonitetini ko'tarishga qaratilgan tadbirlar asosida ish olib borilganligi sababli yuqori natijalarga erishish mumkinligini sohadan xabari bor mutaxassislar yaxshi bilishadi. Lekin… tumandagi oqsoq fermerlarning yer maydonlarini yangi tashkil etilgan paxta to'qimachilik klasteriga bo'lib berish jarayonida ilg'or fermerlarning ham yer maydonlari ko'z ostiga olindi.

Tuman hokimining “qarori” bilan ilg'or fermerlarni sarson qilish, ishdan sovutish boshlandi. Natijada yangi ish o'rinlari yaratish bahonasida ishlab turganlar ishsiz qoldi. Lekin adolat va haqiqat baribir qaror topadi. Ammo bungacha qancha ovoragarchilik, uzoq cho'ziladigan sud jarayonlari, eng achinarlisi, yer ustida talashlar boshlanadi. Bir inson taqdiri deganda uning oilasi, far­zand­lari ham tushuniladi. Ertani o'ylamay chiqarilgan “qaror” ortida qanday manfaatlar to'qnash kelar ekan…

Endi asosiy gapni aytganda, paxta to'qimachilik klasteriga biriktirilgan yerlardan tumanda mo'l-hosil yetishtirildimi, bu tizim tumanda o'zini oqladimi, degan savol tug'iladi. Biz tumanga borib hosildan bo'shagan yer maydonlariga nazar solsak, o't bosgan dala va shudgor qilinmagan yerlarga duch keldik. Fermerning ta'kidlashicha, klaster tumandagi ilg'or fermerlar bilan raqobatlashishga botina olmayapti. Yana bir gap, ijtimoiy tarmoqlarda viloyat mas'ullaridan birining quyidagi fikrlari odamni tashvishlantiradi.

— Quyi Chirchiq tumanidagi paxta to'qimachilik klasteri 2019 yilda ish boshladi. Mazkur klaster fermer xo'jaliklari bilan paxta sotish bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri f'yuchers shartnomalari asosida faoliyat ko'rsatdi. Paxta to'qimachilik klasteri nizomida fermer xo'jaliklariga paxta yetishtirish uchun talab etilgan barcha moddiy resurslar yetkazib berish bilan bir qatorda, texnika xizmatlarini ham ko'rsatib, paxta yetishtirishda amaliy yordam beradi, de­yilgan. Aslida unumsiz yerlarda tuzilishi nazarda tutilgan klaster nega o'zi bilan raqobatlasha oladigan fermerlarning yeriga bosim ostida ko'z olaytirmoqda?

Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “…Paxta va g'alla yetishtirishga davlat buyurt­masini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o'tamiz. Agar bu yo'ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo'lmaydi, ular o'zlari kutganlaridek manfaat ko'rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o'zgarmaydi”, deya ta'kidladilar.

Haq gap. Quyi Chirchiq tumani hokimi Akmal Xolmurodov tomonidan chiqarilgan 1305-sonli qaror odil sudlovning barcha bosqichlarini bosib o'tdi. Hatto, viloyat ma'muriy sudi instansiyalarida ko'rilib, “Guliston Agro Fayz” fermer xo'jaligi manfaatlariga putur yetkazdi. Fermer xo'jaligining uzoq muddatli ijaraga olish shart­nomasini muddatidan oldin bekor qilish to'g'risidagi tuman hokimining qarori o'tgan yili 8 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudida nazorat tartibida ko'rib chiqildi. Ishni nazorat tartibida ko'rgan sudyalar quyi sudlar mavjud ishning asl mohiyatiga adolat bilan yondashmaganliklari, har ikkala instansiya sudi qonunbuzilishlarni bilaturib, unga noxolis va biryoqlama qaraganliklari nazorat tartibidagi sud jarayonida ko'rinib qoldi. Ishni adolat tamoyilida ko'rgan Oliy sudning nazorat hay'ati Quyi Chirchiq tuman hokimining 1305-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topdi. Xalqimizning “Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi”, degan naq­li naqadar rost.

— Mening haqligim ishda to'plangan hujjatlarda tasdiqlandi, lekin hozirga qadar mahalliy rahbarlar Oliy sud chiqargan qarorni inkor etishib, bajarishni paysalga solib kelishmoqda. Haqiqat sun'iy tarzda bukilmoqda, — deydi fermer A.Tursunxonov.

Fermerning murojaati bo'yicha tuman hokimiyatida bo'ldik. Bizni tuman hokimining qishloq xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari Zikrillo Nabiyev qarshi oldi.

— Haqiqatan ham Oliy sud nazorat hay'ati tomonidan tuman hokimining qarori bekor bo'ldi. Men shaxsan “Guliston Agro Fayz” fermer xo'jaligi faoliyatidan mamnunman. U bugungi davr fermeri. Oliy sud qarori ijrosi yuzasidan aytadigan bo'lsam, bizga ham bosim bo'lyapti… (Kim tomonidan ekanini sir tutdi). Agar ijroni ta'minlaydigan bo'lsak, tumanimizda yana bir qancha fermerlarning hokimning qaroridan noroziligi bor, ular norozilik bildirishidan hayiqyapmiz, — dedi.

Mana sizga asl haqiqat. Tumanda hokimlikka kuchi yetadigan, noqonuniy qarorni yoqlab chiqadigan, Oliy sud chiqargan qarorni ijro etilmasligidan manfaatdorlar ham bor ekan-da. Tuman hokimligining huquqshunosi Oliy sudda hokim qarori bekor bo'lgandan so'ng vazifasidan ozod qilinibdi. (Ehtimol yutib chiqmagani uchun H.Q).

Mamlakatimiz rahbari sudlar mustaqilligini ta'minlash, yurtimizda adolat ustuvorligiga erishish lozimligi yuzasidan nechog'li kuyunchaklik bilan so'z yuritmoqda. Ming afsuski, joylarda hatto Oliy sud qarorlari ijrosi ham paysalga solinsa, bu qanaqasi bo'ldi?!

Hikmatullo Qodirov,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + four =