Rostan ham o'qishga vaqt yo'qmi?

Ba'zi qasrga o'xshash uylarga kirib, xonadonida bironta kitob yo'qligini ko'rib xunobingiz oshadi. Bunday xonadon egalari esa chetning falon mashinasi-yu falon dollar turadigan mebeli bilan maqtanishni xush ko'rishadi.

Mamlakatimizning qaysi shahriga bormang, shunday manzara ko'zga tashlanadi, ya'ni “Vino-vodka”, “Sharob-may”. Barcha yomonliklarning debochasi bo'lgan spirtli ichimliklar do'konlari, bahorgi yomg'irdan keyingi qo'ziqorinday ko'payib ketdi. O'ylab qolasan kishi, demak shuncha aroq sotadigan do'konga ehtiyoj bor ekan-da. Axir, qarz-havolasiz binoyiday ishlab turishibdi…

Ammo ming taassufki, insoniyatning ming yillik bilim va ma'rifatini o'zida jamlagan kitob do'konlari spirtli ichimliklar sotiladigan do'konlardan kam. Ba'zida ataylab o'qimishli tanishlarimdan mumtoz yoki jahon adabiyotimiz haqida fikrini so'rayman, bir xil javob: “Kitob o'qishga vaqt yo'q”.

Gazeta-jurnallarda chiqayotgan rivojlangan davlatlar haqidagi maqolalarni o'qib boraman. Menga ta'sir qilgani: “Millatning tafakkur saviyasi qanday adabiyot o'qigani bilan o'lchanadi”. Abdulla Qodiriy o'z davrida bekorga “millatimizning boy-badavlat o'g'lonlari ilm-ma'rifatdan yiroq, choyxonalarda aroq, pivo ichish bilan band”, deya bong urmagandi. Bu balodan hali ham qutulmadik.

Bugun odamlar qanday kitob o'qiganliklari bilan emas, balki qimmatbaho restoran yoki kafeda falon odam bilan ulfatchilik qilganini aytib maqtanishga o'tishdi.

Shukrki, davlatimiz rahbarining o'zi kitob o'qishga ko'nikma hosil qilish kerakligini bot-bot ta'kidlaydilar. Kitob mutolaasini qo'llab-quvvatlashga oid maxsus qaror chiqargan o'zimizning Yurtboshimizdan tashqari, boshqa davlat rahbarini bilmayman. Zero, taraqqiyotga, yuksalishga eltuvchi manzilga faqat kitob o'qish, bilim olish bilan borilishi tarixiy haqiqat.

Lekin yana bir masala borki, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo'ldoshev aytganidek: “Shundoq ham o'qirmanlardan ko'ra, yozarmonlar ko'paygan zamonimizda kitob nash­riga 15 foizli QQS solinishi ko'zda tutilayotgani kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga berilgan zarbaga o'xshaydi”. Ma'naviyatni pulga chaqish, undan daromad ko'zlash nechog'li to'g'ri?

Bu masalada soliqchilarning tushuntirishlariga ko'ra, chet el tajribasidan kelib chiqib ushbu yo'l tanlangan. Ajabo! Axir ajnabiy erkaklar yubka kiyishni ma'qul ko'rishsa, buni ham joriy qilish kerakmi, endi?!

Menga ta'sir qilgani: “Millatning tafakkur saviyasi qanday adabiyot o'qigani bilan o'lchanadi”. Abdulla Qodiriy o'z davrida bekorga  “millatimizning boy-badavlat o'g'lonlari ilm-ma'rifatdan yiroq, choyxonalarda aroq, pivo ichish bilan band”, deya bong urmagandi. Bu balodan hali ham qutulmadik. Bugun odamlar qanday kitob o'qiganliklari bilan emas, balki qimmatbaho restoran yoki kafeda falon odam bilan ulfatchilik qilganini aytib maqtanishga o'tishdi.

Menimcha, millatining kelajagini o'ylagan har qanday shaxs ma'naviyatni qo'llab-quvvatlashi shart. Toki kitob yozayotgan ijod ahli yozganidan avval o'zi bahra olsin. Ana shundagina jahon adabiyoti bilan bellasha oladigan asarlar yaratiladi.

O'tmish tajribasidan yana ma'lumki, eng rivojlangan davlatlarning ma'naviy tanazzulga ketishi kitobga bo'lgan munosabatlarining zaifligidan boshlangan.

Bundan besh-olti yil oldin Andijon davlat universitetining faxriy professori Sayfiddin Jalilov: “Ma'naviyat, ma'naviyat deymiz, ammo unga bo'lgan e'tibor chorvachilikdan ham keyingi o'rinda turadi”, degandi. Bugun Prezidentimizning o'zlari kitobga qaytishni targ'ib qilayotgan bir payt­da, biz ziyolilar ham kitob savdosini tartibga keltirib, o'z hissamizni qo'shaylik. Bolasiga kitob olib beraman degan ota-ona do'konga kirganda “arzonidan bormi?” demasin.

Albatta, kitobni barcha o'qishi kerak! Farzand oilada kitoblar olamida ulg'aysagina, ma'rifatga intilib yashashga odatlanadi. Ulug' rus shoiri Aleksandr Sergeevich Pushkin aqlini tanib-tanimasdan kunini otasining kutubxonasida o'tkazganini eslang.

Ba'zi qasrga o'xshash uylarga kirib, xonadonida bironta kitob yo'qligini ko'rib xunobingiz oshadi. Bunday xonadon egalari ham chetning falon mashinasi-yu falon dollar turadigan mebeli bilan maqtanishni xush ko'rishadi. Eng achinarlisi, ularning ko'nglida osoyishtalik yo'q. Doim tashvishda yashashadi. Odam osoyishtalikni — halovatni kitobdan oladi.

Yaqinda nufuzli idora rahbarining qabuliga kirib salom-alik qilib ulgurmasimdan: “Bu yil majburiy obuna yo'q. Agar shu masalada kelgan bo'lsangiz, behuda ovora bo'libsiz”, dedi. Ichimda: “O'lma, jonim chidab tur”, dedim-da: “Mayli, agar bu bilan tomorqamni shudgorlab berayotgandek malol olayotgan bo'lsangiz, obuna bo'lmay qo'ya- qoling”, deyishdan nariga o'tmadim. Lekin kundalik matbuot nashrlarini o'qimagan rahbar odam ma'naviyati haqida nima deyishi mumkin? Yo'q, aytarli gap topolmaysiz. Ammo birdan xayolingizga: “Ana, korrupsiya qaerdan kelib chiqarkan?” — degan o'y keladi. Axir, gazeta-jurnallar ma'naviyat- ma'rifat chirog'i, odamni to'g'ri yo'ldan adashtirmaydigan mayoq-ku!

Har kim, har kuni kitob, gazeta-jurnal o'qish bilan tafakkur uyiga ma'naviyat chirog'ini yoqib borsin. Chunki, yo'qotilgan ma'naviy boylikning o'rnini qayta tiklash juda qiyin. Zero, bu tuganmas xazinaga yo'l “igna bilan quduq qazishdek” uzoq va mashaqqatli ekanligini unutmasligimiz kerak.

Anvarjon Halimov,

jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × two =