O'zbekistonda “ko'z banki” tashkil etilishi mumkin

Keyingi yillarda davlatimiz xorijiy davlatlar bilan ko'plab sohalarda, shu jumladan, tibbiyot sohasida ham istiqbolli, yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda ulkan iqtisodiy va ilm-fan taraqqiyoti yo'lidagi yangiliklar innovatsion g'oyalarga asoslangan holda amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ko'magi asosida Zulfiya Maqsudovaning Toshkent shahridagi “Doktor Maqsudova Innovatsion klinikasi”da AQShning Florida shtati, Tampa shahrida joylashgan “Lions Eye Institute for Transplant and Research” klinikasi yuqori malakali ko'z mikrojarrohlari amaliy-mahorat darsi o'tkazishdi.

Mahorat darsi ko'z shohpardasini ko'chirib o'tkazish, ya'ni trans­plantatsiyasi bo'yi­cha yuqo­­ri malakali ko'z mikrojarrohlar Kubal Aarup Anant, Erkin Abdullayev va marketing ins­tituti direktori Kurs Artur Kurt tomonidan amalga oshirildi. Mutaxassislar ko'z shohparda kasalligi bilan uzoq yillardan beri xastalangan 25 nafar hamyurtimizga bepul tibbiy maslahat berdi, 4 nafar bemorda esa noyob mikrojarrohlik amaliyoti o'tkazildi, shuningdek, 4 nafar mahalliy oftalmojarrohlar malaka oshirib, maxsus sertifikat oldi.

O'zbekiston aholisi orasida ko'z shohpardasi transplanta­siyasiga muhtoj bo'lgan bemorlar soni yiliga 1000 nafarga yaqin bo'lib, ularga operativ davo muolajasi talab etiladi. Mamlakatimizda oxirgi 5 yil davomida atigi 108 tagina operativ muolajalar amalga oshirilgan. Mazkur muolajani amalga oshirish uchun donordan olinadigan ko'z shohpardasi xorijiy davlatlardan xarid qilinardi, bemorlar operatsiya o'tkazish uchun uzoq muddat kutishlariga yoki chet elga chiqib davo topishlariga to'g'ri kelardi.

Erkin Abdullayev, “Lions Eye Institute for Transplant and Research” shifoxonasining klinik va innovatsion ri­vojlanish bo'yicha boshqaruvchisi:

— Men 1993 yilgacha akademik V. Vohidov nomidagi Jarrohlik ilmiy markazida kardiojarroh sifatida faoliyat yuritganman. AQShda esa ko'z shohpardasi transplanta­siyasi sohasida ishlay boshladim. Ana o'shanda bu soha nima uchun okean ortida yaxshi rivoj­langan-u, bizda esa bu masalada muammolarimiz borligi haqida ko'p o'yladim. 1999 yildan boshlab, maxsus dastur bo'yicha, donorlik ko'z shohpardalarini Amerikadan yurtimizga jo'natilishini yo'lga qo'ydik. Ko'z shohpardasi shi­kastlangan bemorlar og'ir kasallikka chalinganlar guruhiga kiradi. Ularni faqatgina ko'z shohpardasini transplantatsiya qilish bilan davolash mumkin. Bunda shikastlangan ko'z shohpardasi sog'lom ko'z shohpardasi bilan almashtiriladi. Shohparda bu ko'zning oynasidek gap.

O'zbekistonda “ko'z banki” bo'lmagani sababli hozirga qadar donorlik materiallarini xorijdan sotib olishga to'g'ri kelmoqda. Bosqichma-bosqich xorijlik ko'z jarrohlari O'zbekistonga kelib, mahalliy  jarrohlarni transplantatsiyaning yangi usullari bilan tanishtirganlaridan keyin, bir yilda respublika bo'yicha o'rtacha 25-30 ta jarrohlik amaliyoti bajarilmoqda. Vaholanki, O'zbekistonda hozirgi kunda 5000 nafar bemor shunday operatsiyaga muhtoj. O'tgan yili Zulfiya Maqsudova bilan uchrashib, gap­lashganimizdan so'ng, opera­siyalar sonini yanada ko'paytirish yo'llarini izlay boshladik. U kishi O'zbekistonda “ko'z banki” tashkil etish istagini bildirdi. Bu juda muhim lo­yiha. Ko'z shohpardasi donorlari vafot etgan kishilardir. Shu bois ham buning huquqiy jihatlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Odam tirik paytida u vaqti soati kelib, bandalik qilganidan keyin ko'z shohpardasining olinishiga yoki vafot etganidan so'ng uning qarindoshlaridan donorlikka ruxsat olish tartibi ishlab chiqilishi zarur. Bunda vafot etgan donorning ayrim kasalliklar bilan og'rimagani hisobga olinishi shart. Masalan, donorda sepsis yoki boshqa ko'z kasal­liklari bo'lmasligi lozim. Ko'z shohpardasidan qon tomirlari o'tmagani bois, bemorning qon guruhi ahamiyatga ega bo'lmaydi. Odatda bunday operatsiyalar hamisha muvaffaqiyatli o'tadi. AQShda mazkur jarrohlik amaliyotining muvaffaqiyatlilik darajasi 99,9 foizni tashkil etadi.

Donorlik bo'yicha qonun O'zbekistonda ishlab chiqilgan bo'lib, tasdiqlanishi mumkin. Bu huquqiy-me'yoriy hujjat hukumatimiz tomonidan qo'llab-quvvatlansa, O'zbekis­tonda minglab odamlar uchun jarrohlik amaliyoti bir necha barobarga arzonlashadi. Ko'z shohpardasining donori bo'lishga odam tiriklik davrida yoki o'lganidan so'ng qarindosh­lari tomonidan rozilik bildirishi xorijiy davlatlarda bepulga amalga oshiriladi. Odamlar bemorlarga yordam berishlaridan qanoatlanadilar. Ko'z shohpardadan olinganidan so'ng u prezervatsiya muhiti deb ataladigan mineral va antibiotik vositalari bilan boyitilgan eritmaga joylanadi. Bu eritma ko'z shohpardasining hujayralarining yashashi uchun muhit yaratadi. Shohparda AQSh qonunlariga ko'ra, 2 haftagacha bo'lgan muhlatda saqlanishi mumkin.

Zulfiya Maqsudova, DMS klinikasi rahbari:

— Hozirgi kunda ko'z shohpardasi transplantatsiyasi bo'yicha amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotining narxi 20-25 million so'mni tashkil etadi. Agar biz O'zbekistonda “ko'z bank”ini tashkil etsak, u holda bu operatsiyaning bahosi bir necha barobarga arzonlashadi. Vaholanki, hozirda bizning klinikamizda jarrohlik amaliyoti, boshqa shifoxonalarga nisbatan, 40 foizga arzon amalga oshiriladi. Bizning klinikamiz texnik jihatdan bunday operatsiyalar qilishga tayyor, eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, jarrohlarimizning ham tajribalari yetarli.

Zamonaviy tibbiy yordamni mamlakatimizdan tashqariga chiqmagan holda ko'rsatish tibbiyot sohasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.  Bemorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning ko'payib borayotgani esa, albatta quvontiradi.

Feruza Berdiyeva.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + eleven =