Billur likopcha

Naqadar yaxshi! Bugun Aziza anchadan buyon intiqlik bilan kutayotgan sog'lomlashtirish oromgohiga ketadi. U yerda stol tennisi guruhidagi do'stlari bilan o'n kun dam olib qaytadi. Bir oy sabrsizlik bilan kutdi-ya, bu damni.

Barvaqt uyqudan turgan Aziza oromgohga olib ketadigan buyumlarini yana bir bora ko'zdan kechirdi.

Taxt qilingan ryukzagi bilan uy ichidan hovliga chiqayotganida ikkinchi sinfda o'qiydigan singlisi — Dilso'z yovqarash qildi. Aziza tashqariga chiqishga ulgurmasidan qo'shni Xolida xolaning onasiga aytayotgan gaplari qulog'iga chalindi.

— Aziza qizingiz biram pishig'-ey, tegirmonga tushsa butun chiqish u yoqda tursin, bir qop un orqalab chiqadi bu qiz. Suvga tushsa quruq chiqishi tayin. Kecha…

Yig'lab yuborishdan ba'­zo'r o'zini tiyib turgan Aziza, shoshib chiqib ketdi. Bekatda oromgohga eltuvchi avtobusni kutdi. Vijdon azobi ich-ichidan kemirar, bag'rini lovullatib kuydirardi. Go'yoki hozir ichidagi olov tash­qariga otilib chiqib keta­di-yu, atrofni kuydirib yuboradigandek edi. Bu holatning sababi o'ziga ayon, tug'ilgan kunida yo'l qo'ygan xatosi…

— Bekor qo'rqoqliq qildim… Barchasiga o'zim aybdorman. Agar u kun boshqatdan kelgandami, aslo unday qilmagan bo'lar edim, — derdi u o'ziga o'zi…

Odatda oldida hamsuhbati bo'lmasa o'ziga o'zi gapirishdan iymanadigan Aziza hozir u haqida o'ylab ham o'tirmasdi.

Hash-pash deguncha usti ochiq bekatdagi o'tirgichga quyosh nurlari tushdi. Aziza erinchoqlik bilan qo'l soatiga qaradi. Oromgohga olib ketadigan avtobusdan darak yo'q edi. Demak, hayajon bilan uyidan juda erta chiqibdi.

O'ylab-o'ylab, do'kon yonidagi salqin joyga bordi. Taxtadan yasalgan qo'lbola o'rindiqqa borib o'tirdi. Bir zum xayol surmay dedi-yu, lekin uni tinch qo'ymayotgan o'sha kungi yoqimsiz voqea, ko'z oldidan nari ketmadi…

O'shanda erta tongdan boshlangan tashvish, kun qiziguncha davom etdi…

Tug'ilgan kuniga sinfdoshlarini taklif qilishi kerak, ammo yozgi ta'til boshlangan, ularni topish qiyin, u o'zlariga qo'shni turadiganlarni aytdi, xolos. To'g'risi, ayni yozning jazirama issig'ida ko'chada yurgisi ham kelmadi.

Baribir kechga borib Azizani yo'qlab qarindoshlari keldi. Onasi dasturxonni shirinliklar, bir-biridan mazali taomlar bilan bezatdi.

Tantana sababchisi Aziza esa tengdoshlari yo'qligidan biroz ranjigan bo'ldi. Kutilmaganda xayoliga yaqin o'rtog'i Madina keldi. “Nega u yo'q?” — atrofga olazarak boqdi. Axir, unga aytgandi-da! Yo'q, chidolmadi. O'zi borib boshlab keldi…

Aziza unga tortiq qilingan sovg'alarni ko'rib, ko'ngli yayrab o'tirardi. Sovg'alar kimga ham yoqmaydi deysiz?

Va nihoyat dasturxonga tortilgan taomlardan so'ng, nav­bat tortga keldi. Aziza uchun vaqt juda tez o'tgandek edi. O'yin-kulgu avjiga chiqqandi, onasi o'zi tayyorlagan pishiriq yoniga qizini chorladi. Aziza o'zida yo'q shod edi.

Likopcha va sanchqilar orasidan pichoqni oldi-da, katta pishiriqni bo'laklashga kirishdi. Mehmonlarning bir ovozdan: “Tug'ilgan kuning bilan”, deya qo'shiq kuylashi bazmga o'zgacha kayfiyat olib kirdi.

Aziza tortning birinchi bo'lagini kesib olib, bobosi tomon yurdi. Onasi esa yordamga chaqqongina Madinani chaqirib oldi. Hovlining o'rtasi stol-stullar bilan to'lganligi sabab, hovlining ozgina qismi ochiq edi. Qo'lida tort bo'lagini ko'targan Madina Azizaga ro'baru kelib qoldi. Yo'lak tor, bir kishi bemalol yursa bo'lardi, ammo ikki kishi sig'masdi. Ular bir-biriga yo'l bergisi kelmadi. Avvaliga serrayib turib qolishdi. So'ng bir amallab o'tib olishdi. Buni chetdan kuzatib turgan singlisi nimanidir rejalashtirdi. Yuzida ayyorona tabassum paydo bo'ldi.

Go'yoki singlisi kutgan voqea yuz beradigandek edi. U harakatga tushdi. Aslida Dilso'zga tug'ilgan kun tinch o'tayotgani yoqmayotgandi. Odatda oilaviy bazmlarda har doim Aziza biron janjalning sababchisi bo'lib qolardi. O'zi ham biror ishkalni boshlamasa tinch o'tirolmasdi-da. Lekin bugun tug'ilgan kuni. Aziza esa o'zining tug'ilgan kunida saranjomlanib o'tirardi. To'polon qilgisi yo'q edi. Bu Dilso'zning ko'nglida shumlikni uyg'otdi…

Dilso'z shartta o'rnidan turdi-da Madinaning yo'lini to'sdi. Balki xayolida: “Bazm busiz “fayzsiz” bo'lib qoladi”, deb o'ylagandir… Qo'lidagi likopchada tort ko'tarib olgan Madina tor yo'lakka kelib qolgandi. Atay qilganday, Azizaning singlisi Madinaga urilib ketdi. U buni kutmagandi, o'zini tutib qololmadi, or­qasida turgan stolga urilib, yiqilib tushdi…

Bir zumda xonani baqir-chaqir tutib ketdi. Kimdir Madinani yupatgan, yana kimdir erka singilchani koyigan bo'ldi.

Azizaning singlisi qilgan ishidan pushaymon bo'lmadi hisob. Faqat ayyorona kulib: “Ana endi tomosha boshlandi”, dedi o'ziga-o'zi, buni o'zidan boshqa hech kim eshitmadi.

Qo'rquv va hayajonda qolgan Azizaning qo'llari qaltiradi, tort solingan billur likopchani ushlab qololmadi, u yerga tushib, chil-chil sindi. Aziza hamma ko'zlar unga yo'naltirilganligini ko'rib, Madina tuppa-tuzukligini angladi. Darrov vahm aralash nigohini bobosiga qaratdi. Birpas sarosimada qoldi. Shu payt boshining chap tomonini chap qo'li bilan ushlab olgan Madinaga ko'zi tushdi:

— Madina, ko'zingga qarab yursang bo'lmaydimi? Qara, nima qilib qo'yding? Bu likopchani bobom Dubaydan olib kelganlar, tillo suvi yuritilgan, qancha turishini bilasanmi? Men bilmayman, hammasiga sen aybdorsan! — dedi aybini oqlash uchun.

Madina xangu-mang bo'lib qoldi. Endi dahshatli tus olgan ko'zlar “haqiqiy aybdor”dek, Madinaga qaratildi. Kimdir: “Voy, befarosat-ey, kap-katta qiz, qilib o'tirgan ishini!” — dedi. Madina atrofga alanglardi, najot kutdi, ammo hech kim hech narsa demasdi.

—      Qo'yaver, unaqa dema qizim, hammasi yaxshilikka. Singan buyumga aslo achinmaslik kerak.

—      Onasining bu gapi ham uning nazarida negadir kinoya­dek eshitildi.

“Nega qo'rqoqlik qildim? Bobom tug'ilgan kunimda balki meni kechirardi… To'g'risini aytsam, Madina bilan yana o'rtoq bo'lib yurardim. Yo'q, baribir men qo'rqoqlik qildim…” Bu o'y Azizaga tinch­lik bermadi. U oromgohini ham unutib, Madinaning uylari tomon yo'l oldi…

Muqaddas Mamarasulova

Muallif haqida: Jizzax viloyati, Zarbdor tumanida tug'ilgan. 2019 yilda Toshkentdagi “Hilol-mediya” nashriyotida “Nishona satrlar” kitobi chop etilgan. Jizzax davlat pedagogika institutining xorijiy tillar va adabiyoti fakulteti 2-bosqich talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + three =