Fermerlar dalada emas, “City Palace” mehmonxonasida

yoxud yurtimizda go'sht narxining barqarorligi ta'minlanadimi?

Poytaxtimizdagi “City Palace” mehmonxonasida Respublika AT “Xalq banki” tomonidan Qishloq xo'jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilik davlat qo'mitasi, Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan “Chorvachilik sohasining kelajakdagi istiqbollari va sohadagi innovatsion texnologiyalar” mavzuidagi davra suhbati ko'pchilikning e'tiborini tortdi.

Suratda: tadbirdan lavha.

Prezidentimizning chorvachilik tarmog'ini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, sohani jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etishga oid ko'rsatmalari ushbu seminar uchun dasturil­amal bo'ldi. Shuningdek, 2019 yilning noyabr oyida Prezidentimiz rahbarligida o'tkazilgan yig'ilishda hududlarda Andijon viloyati tajribasi asosida “Oilaviy kooperatsiyalarni tashkil etish” to'g'risida qator vazifalar yuklatilgan edi. Bunga ko'ra aholiga 5 boshgacha qoramol yetkazib berish, Qoraqalpog'iston Respublikasi tajribasi asosida kamida 30 bosh bo'lgan qoramol parvarish qilinadigan oilaviy chorva fermalarini tashkil qilish, go'sht va sut mahsulotlari sotishga mo'ljallangan ko'chma savdo do'konlarini tashkil etish belgilab qo'yilgan edi.

Tadbir mamlakatimizning turli go'shalaridan kelgan fermerlarning o'zlarini qiziqtirayotgan yoki qiynayotgan masalalardagi savollari va mutasaddi tashkilotlarning javoblari bilan qizg'in tus oldi.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2019 yilda tijorat banklarining bir trillion so'mdan ortiq mablag'lari evaziga chetdan 365 ming bosh naslli chorva mollari olib kelingan. Shuningdek, 110 milliard so'mdan ortiq kredit mablag'lariga sutni qayta ishlash, qishloq xo'jaligi texnikasi hamda zamonaviy chorva komplekslari barpo etilgan. Shu raqamlarning o'ziyoq sohaning jadal rivojidan darak beradi.

Ayni vaqtda “Xalq banki” tadbirkorlar bilan hamkorlikda 36 milliard so'mlik yigirmaga yaqin loyihani amalga oshirish chorasini ko'rmoqda.

Shu bilan birga chorvachilik tarmoqlarini ilmiy asosda tashkil etish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, kadrlarni tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish maqsadida Samar­qand veterinariya meditsina instituti bilan hamkorlik qilinmoqda. Bu yerda “Xalq banki”ning 580 million so'mlik homiylik mablag'lari hisobiga 1 ming 200 ga yaqin osemenator o'qitildi. Joriy yilda yana 3 ming nafarga yaqin osemenatorni o'qitish ko'zda tutilgan.

Amalga oshirilayotgan barcha choralar chorva mollari sonini oshirish va mahsulotlar narxining barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

— Biz, asosan, chorva bilan shug'ullanamiz. Ayni paytda xorijiy mamlakatlar bilan tajriba almashishni keng yo'lga qo'yganim sabab banklarga tez-tez murojaat qilishimga to'g'ri kelmoqda. O'tgan yili 150 ming AQSh dollari miqdorida kredit olib, qo'shni Qozog'iston Respublikasidan 1500 bosh qo'y olib keldik. Davlat tomonidan ajratilgan kredit asosida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlariga qo'y yetkazib berdik.

Bu yo'nalishda o'zimiz yashayotgan hududdagi bir qancha banklar bilan hamkorlik qilamiz. Yaqinda mart oyi­da qoramol olib kelish uchun Polshaga boraman va u yerdan boshlanishiga 400 bosh, bosqichma-bosqich esa 2000 bosh qoramol olib kelaman. Ushbu seminar fermerlarni qiynayotgan muammolarni tez va xolis hal qilinishiga zamin hozirladi deb ayta olaman, — deydi Qashqadaryo viloyati Muborak tumani “Javohir zamin” fermer xo'jaligi rahbari Baxtiyor Hamroyev.

Ayni tadbir sabab mamlakatdagi ilg'or fermerlar dala yo fermada emas, “City palace” mehmonxonasida jamuljam bo'lishdi. Zero, fermerning bugun qo'yayotgan har bir qadami o'zbekni ham, O'zbekistonni ham egizak muvaffaqiyatlarga yetaklasa, ajab emas.

Go'zal Matyoqubova

 Reklama huquqi asosida

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − three =