G'alaba va iftixor

Sirojiddin Sayyid,

O'zbekiston xalq shoiri

Professional boks bo'yicha jahon chempioni

Murodjon Ahmadaliyevga

Shavkatli zotlardan shiddatlar olgan,

Shiddatli zotlardan ibratlar olgan

 

Osmondan tushmagay obro', shuhratshon

Olloh murodingni bermish, Murodjon!

 

Otang Qahhor, bobong Ahmadalidir,

Zahmating shu elning zahmatlaridir.

 

Osonmi dunyoda farzand o'stirmoq,

Elyurtga munosib dilband o'stirmoq?

 

Bir o'g'il ulg'ayib to o'g'lon bo'lgay,

Ota-ona bag'ri qancha qon bo'lgay.

 

Parij, Rumolardan yiroq-yiroqda,

Ilmu ma'rifatga makon tuproqda,

 

Kamtarin el aro sen kamol topding,

Baxtu toleingni bezavol topding.

 

Senda jam shiddatning qancha-qanchasi,

Hazrati Boburning yo'lbars panjasi.

 

Qoningda jo'sh urgan bedor, isyonkor,

Mashrab bobolarning jazavasi bor.

 

Shavkatli zotlardan shiddatlar olgan,

Shiddatli zotlardan ibratlar olgan,

 

Ummon ortidagi har bir zarbingdir,

Sening Vatan uchun harbu zarbingdir.

 

Ko'rdi Mayamining mahliqolari,

Ko'rdi Ovrupo ham Amriqolari –

 

Qancha zo'ravonlar bor bu dunyoda,

G'irromlar dastidan xor bu dunyoda –

 

Bir o'zbek g'olibu muzaffar kelmish,

Ikki yelkasida qo'sh kamar kelmish.

 

Ha, mardlik oldida nomardlik abgor,

Senda mard millatning matonati bor.

 

Etti yot ellardan yurtga qaytayin,

Men ham dunyolarga qarab aytayin:

 

Ketdi ko'ksimdagi ko'hna nolam-ay,

Faxru iftixorim, jonim bolam-ay!

 

Otang Qahhor, bobong Ahmadalidir,

Senga yog'ilgan el rahmatlaridir.

 

Osmondan tushmagay hargiz shuhrat-shon,

Joningni jabborga berib, Murodjon,

 

Oqlading xalqingning halol nonini,

O'zbekiston nomin, o'zbek nomini.

 

Seni keldi degan xushxabaringday,

Amu, Sirdaryoni – qo'sh kamaringday,

 

Shu muzaffar elning beliga boylab,

Bor g'urur-orimni dilimga joylab,

 

Yangi davru zamon sahnidan turib,

Men ham aytgim kelar zavqlarga to'lib:

 

Shavkatli zotlardan shiddatlar olgan,

Shiddatli zotlardan ibratlar olgan,

 

Ketdi ko'ksimdagi qancha nolam-ay,

Faxru iftixorim, jonim bolam-ay!

2020. 01. 02.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × four =