Jahonda nima gap?

Turk harbiylari halok bo'ldi

Turkiya Suriya shimoli-sharqidagi Idlib viloyati hududida Suriya hukumati kuchlari tomonidan hujum oqibatida to'rt nafar turkiya­lik harbiy halok bo'lgani va to'qqiz kishi jarohatlangani haqida ma'lum qildi. Turkiya hukumatining bayonotiga ko'ra, javob zarbasi bilan 35 nafar suriyalik askar o'ldirilgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an: “Biz bu hujumga javob qaytardik, artilleriya va minomyotlarimiz orqali javob qaytarishda davom etamiz. Biz mamlakatimiz va Idlibdagi birodarlarimiz xavfsizligi uchun amaliyotlarni qat'iylik bilan davom ettiramiz”, degan.

Somaliga chigirtkalar hujumi

Somali qishloq xo'jaligi vazirligi mamlakat hududiga chigirtka yopirilishi sababli favqulodda holat e'lon qildi. Bu haqda “BBC News” nashri xabar berdi.

BMT ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilda Somali va Efiopiya 25 yil ichidagi eng katta ko'lamdagi chigirtka yopirilishiga to'qnash keldi. Chigirtka avvalroq ushbu hududlarga tushgan kuchli yomg'irlardan keyin ko'paygandi. Muammoning muhimligi shundaki, qishloq xo'jaligi ekinlarini aprelgacha yig'ib olishga ulgurmay qolish xavfi mavjud.

Bu orada chigirtkalar Keniyagacha yetib borgan. Bu yerdagi vaziyat oxirgi 70 yil ichidagi eng og'iri bo'lmoqda. Hozirda chigirtkalarni yo'q qilish uchun insektitsidlar sepishga bor-yo'g'i 5 ta samolyot jalb etilgan.

Avtobus ichidagi otishma

Ichida 40 ga yaqin kishi bo'lgan avtobus haydovchisi otishma boshlanishi bilan avtobusni Beykersfild shahri yaqinida to'xtatgan.

Noma'lum shaxs Los-Anjelesdan San-Fransiskoga ketayotgan avtobus ichida otishma sodir etdi, deb xabar berdi “NBC News”.

Kaliforniya yo'l politsiyasi vakili Stiv Loftasning bildirishicha, politsiya mahalliy vaqt bilan soat 01.30da (Toshkent vaqti bilan 14.30) avtobus yo'lovchilaridan chaqiruv olishni boshlagan.

Politsiya vakili otishma oqibatida bir necha kishi jiddiy jarohatlanganini, ayrimlar o'rtacha og'irlikda jarohat olganini ma'lum qildi.

IHT “asr kelishuvi”ga qarshi

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) AQShning Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo'yicha rejasi qabul qilinmasligini bildirdi. Bu haqda IHT bayonotiga tayanib “Al-Jazira” telekanali xabar berdi.

Bayonotda “IHTga a'zo barcha davlatlar bu rejaga aloqador bo'lmaslik hamda ushbu rejaning qanday shaklda bo'lmasin amalga oshishi uchun AQSh ma'muriyati bilan hamkorlik qilmaslik”ka chaqirilgan.

Telekanal IHT kattaligi bo'yicha BMTdan keyin ikkinchi o'rinda turuvchi tashkilot ekanini qayd etgan — IHTga aloqador mamlakatlarning umumiy aholisi soni 1,8 mlrd. kishidan ortiq.

Avval Falastin milliy ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos AQSh prezidenti Donald Tramp “asr kelishuvi”ni e'lon qilganidan so'ng AQSh va Isroil bilan aloqalar uzilishini ma'lum qilgandi.

Internet xabarlari asosida A.Sodiqov tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 13 =