Jurnalistlar bog'i barpo etildi

“QIZILQUMSEMENT” zavodining yig'ilishlar zalida Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida mazkur korxonada tashkil etilgan media-tur — matbuot anjumani o'tkazildi.

Tadbirda korxona bosh direktori o'rinbosari A.Salomov  aksiyadorlik ja­miyatining o'tgan bir yillik faoliyati, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hamda ekologiya bilan bog'liq loyihalar yuzasidan axborot berdi.

Hozirda korxona hududida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlaydigan 303 ta manba mavjud bo'lib, ularning 116 tasi chang ushlovchi vositalar bilan jihozlangan. Havoga asosan uglerod oksidi, shuningdek, azot, oltingugurt oksidlari, klinker va sement changlari  ko'tariladi. Barcha sexlarda ekologik xavfsizlik masalalariga yetarli darajada e'tibor qaratilgani tufayli mazkur tashlanmalarning 98 foizi ushlab qolinadi. Ayni paytda yurtimiz qonunchiligida belgilangan me'yor bo'yicha bir tonna sement mahsuloti ishlab chiqarish jarayonida 8 kilogrammgacha chang havoga ko'tarilishi mumkinligi me'yor sifatida belgilangan bo'lsa, “QIZILQUMSEMENT”da bu ko'rchsatkich har tonna mahsulot uchun 2,5 kilogrammni tashkil etyapti.

Ta'kidlash kerak, 3400 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qilayotgan gigant korxonada nafaqat sement, balki 10 dan ziyod boshqa qurilish materiallari ham ishlab chiqarilmoqda. Sement mahsuloti bir necha yillar ilgari Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilingan bo'lsa, keyingi yillarda yurtimizda qurilish ishlarining jadallashuvi evaziga ishlab chiqilgan mahsulotlar to'liq ichki bozorga yetkazilib berilmoqda. Faqatgina, ohakning 90 foizi hozirda Qozog'iston davlatiga eksport qilinyapti.

— Zavod hududida ikki mingdan ziyod daraxtlar ekilgan, — deydi aksiyadorlik jamiyatining Mehnatni muhofaza qilish va ekologiya boshqarmasi boshlig'i O.Rajabov. — Ayni paytda ko'kalamzorlashtirish ishlari kengaytirilib borilmoqda.

Media-tur davomida jurnalistlar korxona hududida archa ko'chatlarini o'tqazishdi. Ramziy ma'noda mazkur ko'kalamzorlashtirilgan hududga “Jurnalistlar bog'i”, deya nom berildi.

Ozod Mustafoyev,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi mutaxassisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 2 =