Mo''jizaga qiyos yurt

Yangi O'zbekiston — yangi islohotlar

Navoiy shahrini va viloyatini sahro bag'ridagi go'zal kelinchakka, betakror mo''jizaga qiyos­lashadi. Har ikkala o'xshatishda ham jon bor. Bir so'z bilan aytganda Navoiy — Xudo yarlaqagan yurt. Navoiyning cho'llaridagi shuvoqlardan go'yo oltin zarralari to'kiladi. Maysalar yer osti tabiiy elementlarining xabarchilari. Sahrolardan anglagan odamga ulug' ajdodlarning jasorat va mardlik nidolari hamon yangrab turadi.

Uchquduq va Tomdidan taralgan qozoq o'lanlari, Nur­ota va Qiziltepadan boshlangan yoronlarga, Karmana va Xatirchidan yangragan laparlar-u, Zarafshon va Navoiydan taralayotgan rus, qoraqalpoq qo'shiqlariga hamohang yang­raydi.

Mutaxassislarning aytish­laricha, Mendeleev jadvalidagi barcha ximiyaviy elementlar Navoiy zaminida topiladi. Alisher Navoiy asarlari umum­insoniy va o'lmas hikmatlarga boyligi, umrboqiyligi bilan dunyo adabiyotini bo­yitganidek, Navoiy viloyati ham noyob va bebaho zaxirasi bilan mamlakat xazinasini bo­yitib turadi. Viloyatdagi qudratli sanoat korxonalari, yangidan bunyod etilayotgan, ishga tushirilayotgan inshootlar mamlakatimiz iqtisodining asosiy qon-tomirlari hisoblanadi.

Yangi yil arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga navbatdagi tashrifini har galgidek viloyat ahli katta quvonch bilan kutib oldi. Prezidentning bu tashrifi navoiy­liklar uchun yangi yilda munosib va katta sovg'a bo'ldi.

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bun­yodkorlik ishlari, qurilib bitkazilgan yangi sanoat majmualari bilan tanishish maqsadida amalga oshirilgan ushbu tashrif juda samarali va mazmunli bo'ldi.

Mana, uch yildirki Navoiy viloyatida boshqa sohalar kabi, sanoat ham har tomonlama gurkirab o'smoqda. Prezidentimizning alohida ta'kidlab ayt­ganlaridek, bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlarining 10 foizi Navoiy viloyati hissasiga to'g'ri keladi. Viloyat aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi mahsulot, inves­titsiya, sanoat va qishloq xo'jaligi mahsulotlari bo'yicha mamlakatda birinchi o'rinni egallaydi. Xizmatlar va chakana savdo bo'yicha poytaxtimiz Toshkentdan so'ng ikkinchi o'rinda turadi.

Agar raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, viloyatda 2019 yilda umumiy qiymati salkam 1,4 milliard dollar bo'lgan 7 ta davlat ahamiyatiga molik va 360 ta hududiy investitsiya lo­yihalari amalga oshirildi. Ishga tushirilgan va amalga oshirilgan yirik loyihalar orasida “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining 1,7 milliard dollarlik 3 ta loyihasi nihoyatda dolzarb hisoblanadi. Ilgarilari million, deb yozsak, xursand bo'lardik. Mana endi milliardlarni qalamga olayotirmiz. Bu salobatli raqamlar mamlakatimizning jadal rivoj­lanayotganidan darak beradi.

“Navoiyazot”ning birinchi loyihalaridan — polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish maj­muasining ochilishi mamlakatimizda ushbu turdagi mahsulotlarga bo'lgan ehtiyojni ta'minlashda muhim qadam bo'ldi.

Alohida ta'kidlash kerakki, ushbu majmuani bun­yod etish va eng zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan jihozlashga 500 million dollar investitsiya sarflandi. Korxonada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlar asosan avtomobilsozlik, to'qimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi, qurilish materiallari korxonalari fao­liyatida muhim o'rin tutadi. Bu mahsulotlar shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinar edi. Korxona ishga tushgach, endi ana shu yirik mablag' o'zimizda qoladi. Eng muhimi, yangi maj­muada 900 dan ziyod yangi ish o'rinlari yaratildi. Ushbu lo­yiha Xitoyning “China CAMC Engineering Co.LTD”, “HQS Shanghai Company” kompaniyalari konsarsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Buni tashrif chog'ida so'zga chiqqan injiniring korporatsiyasi vitse-prezidenti Vang Yuxang ham mamnuniyat bilan ta'kidladi.

“Navoiyazot”da qisqa davrda qiymati 217 million dollar bo'lgan yangi zamonaviy azot kislotasi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo'yicha ikkinchi yirik loyiha ham yakunlandi.

— Sahro bag'rida Navoiy va Zarafshon kabi shaharlarni, sanoat mintaqasini barpo etgan viloyatning mehnatkash, mard va olijanob aholisi yangi O'zbekiston rivojiga katta hissa qo'shishiga ishonaman, — dedi davlatimiz rahbari. Va: — navoiyliklar tanlagan yo'llaridan ortga qaytmaydilar. Aksincha, olg'a intiladilar. Navoiyliklar hamisha namuna bo'ladilar, — deb alohida ishonch bildirdi.

Prezident marosim ishtirokchilari guvohligida ramziy tugmani bosib, korxonani ishga tushirdi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati ko'p tarmoqli sanoat korxonasi hisob­lanadi. U mamlakatimiz neft-gaz tarmog'i, qish­loq xo'jaligi, energetika va tog'-kon sanoati uchun 70 dan ortiq turdagi zarur mahsulotlarni yetkazib beradi.

“Navoiyazot” korxonasi faoliyatini yaqindan turib tomosha qilish ham ajoyib, ham hayratli. Turli xil bir-biriga payvandlangan, ulangan katta-kichik quvurlar o'ziga xos go'zallik bun­yod etgan. Turfa mahsulotlardan tayyorlangan ushbu quvurlar bir qarashda osib qo'yilgan labirintlarga o'xshaydi, bir qarashda esa kubiklarni eslatadi. Quvurlardan ularning hajmiga qarab mahsulot oqadi. Bu mahsulotlar qimmatbaho hisoblanadi, sanoat rivoji uchun ishlatiladi. Xalqimizning tabiiy boyligiga aylanadi. Boshqa bir noyob mahsulotni ishlab chiqarishga sabab bo'ladi. Bu mahsulotlar mamlakat taraqqiyotiga, rivojiga beminnat xizmat qiladi…

Yaponiyaning “Mitsubishi Yeavy Industres” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsarsiumi bilan hamkorlikda yangitdan bunyod etilayotgan korxonada zamonaviy texnologiyalar jalb etilishi tufayli yiliga 735 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi. Oqibatda atrof-muhitga chiqadigan zararli gazlar miqdori ham ancha kamayadi.

Shuningdek, “Navoiy­azot”ning ishlab chiqarish repertuaridan yangidan qurilayotgan ko'plab sanoat majmualari o'rin olgan. Ana shunday yana bir yirik korxona — azot kislotasi majmuasi hisoblanadi. Qiymati 217 million dollarga teng ushbu korxona Shveysariyaning “CASVLE SA” kompaniyasi bilan birgalikda bunyod etilmoqda. Korxona yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Shu kunlarda so'nggi jihozlash ishlari olib borilmoqda. Uni ishga tushirish shu yilning fevral oyiga mo'ljallangan.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bundan 55 yil oldin qurilgan har jihatdan eskirgan azot kislotasi sexlari foydalanishdan chiqariladi. Ularning o'rnini yuqorida tilga olingan yangi majmua egallaydi.

Prezidentimizning tashrif davomida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishuvi ham samarali bo'ldi. Prezidentimiz EIZ faoliyati bilan tanishar ekan, yutuqlarni yanada mus­tahkamlash, yangi innova­siyalarni joriy etish haqida aniq ko'rsatmalar berdi.

Shubhasiz, Prezidentimizning har bir tashrifi zamirida ulkan maqsadlar, sarhisob va katta-katta rejalar yotadi. Shuning­dek, ushbu tashriflar mazmun-mohiyatida ulug' hikmatlar bor.

Ashurali Jo'rayev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 4 =