Tushlaring tarqalar qorli izlarda

Manzara

Tumanli oqshomni qo'msaydi yo'llar,

Jiydalar shoxida qor uchqunlari.

Orqada qoladi qo'l yetmas yillar,

Yurakka cho'kadi umr tugunlari.

 

Qish ayozi esa toza, yoqimli,

Kunlar qisqaradi, yo'l esa uzoq.

Darchalarda qotib qolgan muz singan,

Tim-tim tomayotgan tomchida titroq.

 

Iliqqina mo''jaz uyning to'rida,

Xontaxtada  turgan choy sovib qolgan,

Tashqarida oppoq katta so'rida,

Shamol guvlab qalin qorni savalar.

 

Bug'doyi o'rilgan dalalar yaydoq,

G'aramlangan pichan sochilib yotar.

Oppoq buzoqchalar qorga qo'shilib,

Yangi iz qoldirib podaga chopar…

Yangi umr Mo'ynoqda

Orol ketma, umid keldi, Mo'ynoqqa,

Yangilangan umr keldi, Mo'ynoqqa.

Yangi yo'llar, yangi jannat ovullar,

Yangi orzu, mehr keldi, Mo'ynoqqa.

 

Saksovullar salom berar tonglarga,

Yangi qo'shiq tug'iladi tonglarda.

Qora marjon, oq marjonlar otilib,

Ustyurt baxti ochiladi tonglarda.

 

Suv bo'yida boshin egar oq qamish,

O'n barmoqqa o'n hunardir ko'k qamish.

Baxtin tiklab yangilangan Mo'ynoqning,

Tuzlar ketib, yarqiraydi oq qamish.

 

Osmonida uchar o'rdak g'ozlari,

Kengliklarga yoziladi yozlari.

Qo'biz, dutor, dostonlari yangrasa,

Qayta tug'iladi Ajiniyozlari.

 

Istiqlolning imkoniga el rozi,

Suv, havosi, yovshan, chechak gul rozi.

Bunday ulug' baxtni bergan Mo'ynoqqa,

Prezidentdan Orol, Ustyurt — El rozi.

Burch

Yo'qotishlar ko'pdir hayotimizda, 

Qadrlab bildikmi har onimizni.

Neni yo'qotsak ham topilar bir kun,

Topilmas, yo'qotsak vijdonimizni.

Nimani unutmoq bo'lsak unutdik,

Goh mas'uliyat, goho bor kuchimizni.

Ammo unutmoqlik og'ir gunohdir,

Vatan oldidagi o'z burchimizni.

So'zlar titrog'i

Hayotni sevasan,

U senga yonishni o'rgatdi.

Shu gulxan cho'g'idan kuch oldi umid.

Yolg'iz qolgan lahzada bezovtalik,

Fikr uyg'otdi…

Fikrlar uyg'ondi   ichda o't yoqib,

Qadamlar kuchlandi daryoday oqib.

Ba'zan ichda  to'fon qo'zg'oldi,

Chaqilgan gugurtni o'nta barmog'ing

Birikib shamoldan to'sgani kabi.

Yaxshi o'ylar bilan to'sa olding

Bu to'fonlarni…

Bu faqat bir lahza,

Shu lahzada seni hech kim

Ko'rishini istamas, ko'ngling —

Bu faqat senga tan,

Senga buyurilgan…

Sen o'tlarda yonayotgan mahal,

Seni izlamasin do'sting, o'rtog'ing, 

Bu sening ilhoming azobi,

Bu sening  so'zlaring titrog'i.

Qish

Yana qish keldi,

Qor mayin o'radi yo'llarni yana.

So'qmoqlarda qoldi oyoq izlari,

Yana sovuq, ayoz qilar tantana.

Sovuq lahzalarga  o'rnashar xayol,

Uyqusiz tunlarda umidlar  uyg'oq.

Qor bilan aylanib  chirpirak bo'lar,

Xazondan sirg'alib uchgan har yaproq.

Unga begonadir qish manzarasi,

U go'yo  yo'lovchi horg'in, darbadar.

Qorga chizib borar ko'ngil nomasin,

Nurlarga urilar yulduzlar qadar.

Derazadan chiroq nuri porlagan,

Kirsami uylarning ostonasiga.

Bog'larmi uzoqda uni chorlagan,

Qorlardan yasalgan koshonasiga.

Yaproq yana yuzin qorlarga bosar,

 Qorbo'ron raqsidan charchaydi xayol.

Va yana bog'larga   yuborar xabar:

“Mana ketayapman, meni kutib ol!”

Tilak

 Seni chorlaganda tun chiroqlari,

Sokin ko'chalarga izlaring tushsin.

Ko'zingda diydirab dil so'roqlari,

Suratin so'qmoqqa chizadi tushning.

 

Tushlaring tarqalar qorli izlarda,

Butoqlarga ko'char shoda marjonlar.

Qorxatlar yozishgan hurday qizlarning

Qonida jo'sh urar his-hayajonlar.

 

Hech qachon bu  qadar   bo'lmagan so'lim,

Qadrdon Nukusning xiyobonlari.

Qirmiz devorlarning naqshinkor guli,

Go'yo boshimizning soyabonlari.

Oltinlanar oyning oppoq ranggida,      

Ustida muz qotgan kumush archalar.

Soat millarining mayin bongi-la,

Yangi kun baxt tilab kelar barchaga.

 Mening orzularim ulg'aygan shahar,

Senga tong, menga yangi hayot muborak.

Hayoting o'chmasin mangulik qadar,

Har lahzang yaratsin ming yaxshi tilak…

Guliston Matyoqubova,

Qoraqalpog'iston xalq shoiri

Muallif haqida: Guliston Matyoqubova — taniqli shoira, siyosatshunos. Oliy Majlis Senati a'zosi. “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi Bosh muharriri.

“Baxt keltirgan bahor” (1979 y.), “Hayajonning yetti rangi” (1982 y.), “Oydin ostona” (1983 y.), “Sevib qolsin” (1985 y.), “Zemlya otsov” (1986 y.), “Yurak bilan yuzma-yuz” (1987 y.), “Nurli kunlar” (1988 y.), “Prekrasnoe chuvstvo” (1989 y.), “Aytgin menga To'rtko'l haqida” (1993 y.), “Men sen uchun yashayapman” (1993 y.),  “Intizorlik” (1995 y.), “Yo'llaringga chiqdim” (1997 y.), “Daryoga botayotgan quyosh” (1998 y.), “Izlaganlarim” (2000 y), “Oybaldoq” (2001 y.), “Muhabbat yurti” (2002 y.), “Qalb zuraati” (2004 y.), “Qaytmoq uchun ketmoqdaman” (2007 y.) “Vatan ruhi” (2011 y.), “Ota uyim” (2014 y.), “Izbrannoe” 2-tomlik (2015 y.), “Uyg'onish nashidasi”, (2016 y.) “Guloyim” kabi kitoblari hamda “Kelin”, “Ota”, “Qo'bizdagi yurak”, “Quyosh uchun yoki samo sadolari”, “Aytgin menga To'rtko'l haqida”, “Men nechun sevaman bog'larni kuzda” kabi o'ndan ziyod dostonlari nashr etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 5 =