Yillarga tatigulik g'oyalar

Yaqinda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va uyushmaning Sirdaryo viloyat bo'limi tomonidan Guliston davlat universitetida “Yangi O'zbekiston — yangicha ijodiy yondashuvlar” mavzuida ilmiy-ma'rifiy anjuman o'tkazildi. Unda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda jurnalistlar oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

— Biz bugun katta islohotlar ruhi bilan yashayapmiz, — dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi  raisi Sa'dulla Hakim. —O'tgan oy yurtimiz uchun tarixiy vaqealarga boy bo'ldi. Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Oliy Majlis Senatida so'zlagan nutqlarida va Oliy Majlisga Murojaatnomasida uzoq yillarga tatigulik g'oyalarni o'rtaga tashladi.

Prezidentimizning 2020 yilni “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e'lon qilishida katta ma'no bor. Bunga Murojaatnomada keltirilganidek:  “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!”.

Anjumanda Prezidentimizning islohotlar muvaffaqiyatida  jurnalistlarning ayricha roli borligi haqidagi fikr­lari alohida ta'kidlandi. Xususan, “to'rtinchi hokimiyat” vakillariga doir iqtibos so'zma-so'z o'qib berildi: “O'tgan 3 yil mobaynida O'zbekistonda so'z erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratildi. Bundan keyin ham “to'rtinchi hokimiyat” vakillarining erkin va xolis faoliyat yuritishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni xalqimiz va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq-oydin yoritishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratamiz.

Joylardagi muammo va kamchiliklarni ro'y-rost ochib berish, ularni haqqoniy yoritishlarida men professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorman”.

Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining o'rinbosari Otabek Nosirov ham mamlakatimizda ro'y berayotgan tub islohotlar va unda jurnalistlarning roli haqida muxtasar so'z bildirdi va 70 yillik to'yini nishonlayotgan O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limining rahbari Boyjigit Abdullayevga viloyat hokimi G'ofurjon Mirzayevning “Tab­rik xati”ni o'qib eshittirdi.

Ushbu anjuman yana bir bayramga ulanib ketdi. Viloyatning bosh oliy o'quv yurti — Guliston davlat universitetining nashri “Universitet ovozi” gazetasi o'zining 20 yilligini nishonladi.

Muhammadali Ahmad.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =