«Assalamu aleykum» yoxud Myanma fojiasi

Janubiy-sharqiy Osiyoda joylashgan Myanma soyuz Respublikasida shu o'tgan bir hafta davomida kamsonli rohingiya musulmonlari yashaydigan 2,600 dan ortiq uylarga diniy nizolar tufayli o't qo'yildi, minglab begunoh odamlar vahshiylarcha o'ldirildi.

Myanmadan 123 ming kishi qochib Bangladesh chegarasiga o'tib uysizlik va ochlikdan, eng muhimi, hali davom etib kelayotgan jaholat, irqchilik, diniy nizolar, milliy kamsitish kabi illatlardan aziyat chekishmoqda. Ular taqdiri hamon qil ustida!

Internet xabarlaridan.

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

Quyosh har tong Birma[1] tuprog'i uzra bosh ko'targanda Rakxayn shtatida yashovchi rohingiya musulmon bolalari uyquli ko'zlarini ishqalab mana shunday kalom-la uyg'onishadi. Ko'zlariga quyoshning zarrin nurlari tushishi bilan qonga singgan an'analarga ko'ra Yaratgan egamga, charaqlab turgan quyoshga va yuzlarini mayin silab turgan Bengal ko'rfazining shabadasiga salom yo'llashadi.

Qizchalar qamishdan to'qilgan savatchani boshlariga ko'tarib, loviya terishga ketishdan oldin, oppoq bulutlar ortida o'zining so'zini shaksiz tinglab turgan Yaratuvchiga, ko'zlariga berkinayotgan quyoshga va ro'molini uchirayotgan ko'rfaz shamoliga shirin til bilan salom beradi.

— Assalamu aleykum!

To'satdan boshlangan qonli hujumlar, azobli quvg'unlar-u alamli xo'rlashlar, bokira qizlarning yolvorib ingrashlari, jonajon uylarining kulga aylanishi, yaqinlarining jonsiz jasadlari, gulxanda kuyayotgan inson etining achimsiq hidi, sochilib ketgan tananing dahshatli manzarasi rohingiya musulmon bolalarining umid-la, salom berib uyg'onishdan qaytarolmaydi.

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

Rohingiya musulmonlarining Bengaliya chegarasiga yaqin hududida yashovchi 82 yoshli kampir yarim tunda boshlangan hujumdan omon qolib, to'rt yoshli nevarasini ko'targancha g'arb tomonga qarab qochib borardi. U yaxshi bilardiki u yaylovni to'g'ri kesib o'tsa (esi og'ib adashmayotgan bo'lsa) tong otar-otmas u Chittagong tumaniga[2] o'tib oladi. Kampirning qoqsuyak yelkasini ezib turgan, uzoqdan tarozining ikki pallasini eslatuvchi tayoqning bir uchida xaltaga solingan va pishillab uxlayotgan nevarasi, ikkinchi tomonida esa bir haftalik yemak-ichmaklari bor edi. U yalang oyoq loy yo'ldan olis-olislarga ko'zlarini qadagancha Bengaliya tomon odimlab borardi. U umrida bunday quv­g'inlardan ko'pini ko'rgan bo'lib, barchasidan taqdirning inoyati va o'zining chaqqon oyoqlari tufayli omon qolgandi. Ota-onasi o'tgan asrning boshlarida bu yerlarga yorug' umidlar bilan ko'chib kelishgan bo'lsa-da, umrlari ro'shnolik ko'rmay o'tib ketdi. Kampir na inglizlarning mustamlaka davrida, na ozod Myanma Respublikasi davrida tinch odamlarday yashay oldi. Umri tahlika-yu quvg'inlarda o'tdi. Ular vatan deb bilgan maskanlarida gado edilar, ortiqcha edilar. U shuning uchun kechasi-yu kunduzi sergak, ko'chishga shay turar, hech qachon xotirjamlikka berilmasdi va mana — shu tarzda qaridi ham!

Rohingiya musulmonlari — oddiy dehqonlar, cho'ponlar, quruvchilar boshqalar kabi sayohatlar-u qulay imoratlarni orzu qilishmas, har tong (ular har qanday mehnatga tayyor edi) turib tinch va xotirjam shukronalik salomini aytishni istardilar. Ular saylash va saylanishdan mahrum edilar. Bundan tashqari, shahar va jamoat transportlarida qisilib yurishga, kasalxonalaru ijtimoiy yor­damlar, ta'lim olish, chet elda o'qish, davlat ishlarida ishlash kabi XXI asrda milliardlab insonlar foydalanayotgan imkoniyatlardan mosuvo bo'lsalar-da, mana shu zaminda tinch va xotirjam yashashni barchasidan afzal ko'rardilar. Faqat bolalari omon bo'lsa bo'ldi. Buning uchun ular og'ir va zaharli ishlarda mehnat qilar, haqorat-u xo'rlashlarga ham chidar va shunda ham har tong umid va ishonch so'zlari bilan bolalarini uyg'otishga o'zlarida kuch topardi.

— Assalamu aleykum!

Kampir shilta loy bo'lgan yo'lda yolg'iz ketib borar ekan, boya ko'z oldida yuz bergan fojialarni eslamaslikka, faqat va faqat o'lib ketgan eri va farzandlarining hurmati uchun yolg'izgina yodgorini asrab qolishni o'zining oliy burchi deb bilardi. U chegaradan qanday o'tishdan ko'ra, bolaning uyg'onib qolishidan qo'rqardi. Agar u uyg'onsa askarlar uni payqab qolishi mumkin. Buning ustiga bola turib, onasini so'raganda nima, deb javob berishni ham bilmasdi. Unga otasini askarlar otib, onasini esa zo'rlashganini aytishdan ko'ra kampirga o'lim afzalroq. U kechagi voqeani ko'z oldidan quvmoqchi bo'lsa-da, har bir narsa kechagi dahshatlarni o'zida yasar, alamli xotiralarni qo'zg'ardi. Osmonda porlab turgan yulduzlar ham qonli nur sochayotganday o'g'li va kelinini eslatardi. Myanma harbiylari o'g'lini otib o'ldirishdi. Telbanamo, ko'zlari katta-katta ochilib, tishsiz og'zidan tilini g'alati o'ynatayotgan, qop-qora yuzlari tarashaday burishib, botib ketgan, egilib turgan gavdasi g'alati ko'ringan kampir yonidan esa ahmoqona boqib, indamay o'tib ketishdi. U omon qolish uchun emas, etagiga yashirib olgan nevarasini asrash, mabodo o'zini otib tashlashsa, bolaning ustiga qulab uni omon qoldirishni o'ylardi. Qurollangan harbiylar nozik kelinini xo'rlashayotganida kampir bolani xaltaga solib avvaldan qazib qo'yilgan yerto'la orqali boqqa o'tib ketgandi. U bog'dan chiqib ketar ekan go'zal kelinining ayanchli yolvorishini ham, sigareta chekib nozik qizlarday kulayotgan harbiylarning ovozini ham eshitmas, faqatgina bag'ridagi begunoh bolani asrash uchun ortga qaramay odimlashni o'ylardi, xolos.

Umri loviya va shakarqamish yetishtirib o'tgan kampir na ota-onasining, na ikkita qizining qabrini eslay olardi. Endi o'g'li va kelinining ham qabri yo'q. Qabrsiz, qadrsiz necha-necha avlodlar o'tmoqda… Asrlar almashmoqda… Ammo hammasi shu-shu… Ammo rohingiya musulmon bolalari umidlarini o'ldirmay har tong ishonch-la uyg'onishmoqda…

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

Kampir tajribali qochoq edi. U tuni bilan dam olmay, biror marta qoqilmay, bolaga chuldurab alla aytgancha ketib borardi. U ataylab kelinining harbiylar yirtib tashlagan ko'ylagidan bir burdasini olgan, bola o'zini onasining bag'rida uxlayotgandek his qilishi uchun bolakayning bo'yniga uni bog'lab ham qo'ygandi. U balchiqqa botib qolmaslik, zaharli hasharotlar-u ilonlarni bosib olmaslik uchun ko'zini yerdan uzmas, garchi sillasi qurib, ko'zi xira ko'rayotgan bo'lsa ham, hansiragancha qari toshbaqaday tanasiga birlashib ketgan tosh yukini ko'z-qorachig'iday saqlagancha odimlab borardi.

Tongga yaqin qo'shni mamlakat chegarasiga yetay deganda kampir qaerdandir kelayotgan mashina ovozini eshitdi. O'sha onda uning bor madori tugagan, ko'zlari hech nimani farqlay olmasdi. Ammo bolani manzilga yetkazish uchun bor kuchini ishga solib yanada tezroq odimlay boshladi. O'zidan quyilib kelayotgan qora terni artishga ham vaqt qizg'anib, yuragining to'xtab qolmasligini so'rab o'tinardi.

Mana, nihoyat, tikonli simlar ko'rindi. Badanini achchiq tirnab o'tuvchi bu sovuq simlar momoga cho't emas, ammo atrofda izg'ib yurgan harbiylar uni payqab qolsa, shundog' burnining tagidagi “omonlikka” erisholmay narigi dunyoga ravona bo'lishi aniq. Shunda avlodi ham butkul quriydi.

Chegara simlari ko'ringanda kampir tavakkal qilishni istamadi. Yelkasidagi tayoqni tashlab, yeguliklarini bir chetga qoldirdi. Xaltani ochib bolakayning bo'rsildoq yuziga yana bir bora qaradi. «O'g'lining o'zi, hali katta yigit bo'ladi, momosini duo qilib yuradi». Bolakay esa hech nimani eshitmas, dunyo­dagi milliardlab begunoh go'daklar kabi pishillab uxlab yotardi. Orqa tarafdan esa quyosh bosh ko'tarib kelar, Bengal ko'rfazi esa yengil shamol yo'llardi. Kampir shoshilishi kerak. Bola yotgan xaltani or­qasiga olib emaklay boshladi. Shu ketishda u to'siqqacha bir soniya ham dam olmay bordi. Orqa tarafdan mashina chiroqlari ko'zga tashlanar, chegara qorovullarining ovozi esa yaqin-yaqindan eshitilardi. Baland o'sgan qamishlar momoni o'z bag'riga bosib yashirardi. Kampir tikonli simlarga qo'l botirganda, Birma osmonida quyosh paydo bo'ldi.

Shunda! Shunda quyosh nurlari Bengal ko'rfazidan akslanib bola ko'zlariga tushganda, bolakay pishillab nafas olishdan to'xtadi va hali ko'zlarini ochar-ochmasdan rohingiya musulmonlarining minglab bolajonlari kabi bashar ahliga salom yo'lladi.

— Assalamu aleykum!

Kampir shundan qo'rqqandi. Uning salomini nafaqat askarlar, balki olis-olislardan nur sochuvchi quyosh ham eshitganday bo'ldi. Bengal ko'rfazi ko'pirib to'lg'onganday bo'ldi. Kampir yuz tuban yiqildi. Myanmaning johil va uyqusirab, zerikib o'tirgan chegarachilari ular yoniga chopib kelar ekan, bola shirin til bilan butun insoniyatga, dunyo tinchligiga davogar-u shu orqali rohat-farog'atda yashayotganlarga, dinu millatidan qat'i nazar barcha ongli insonlarga rohingiya musulmon bolalarining umid va ishonch, bokira va munis salomini yo'llardi:

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

— Assalamu aleykum!

[1] Myanma davlatining eski nomi. Buyuk Britaniyaga vassal bo'lgan davrda nomlangan (1824—1948).

[2] Bangladeshning Myanma soyuz respublikasiga

chegaradosh tumani.

 Javlon Jovliyev

Muallif haqida:  J.Jovliyev — Qamashi tumanida tug'ilgan. O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining san'atshunos-jurnalistika yo'nalishini bakalavr va magistratura bosqichini tamomlagan.

Hozirda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida ishlaydi. Hikoyalari respublika nashrlarida chop etilgan.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =