Nozik adabiy zavq sohibi

Zahiriddin Muhammad Boburni Hindis­tonning Birinchi Bosh vaziri Javoharla'l Neru o'zining “Hindis­tonning kashf etilishi” asarida: “Uyg'onish davrining tipik hukmdori”,  dey­di. Ingliz tarixchisi Eduard Xolden esa: “Yuliy Sezarga qaraganda yuksak­roq fazilatlarga ega inson” desa, atoqli tarjimon Uilyam Erskin: “Ilm-ma'rifatga ixlos borasida Osiyoda tengi yo'q podshoh”, fransuz olimi Len Pul: “Nozik adabiy zavq sohibi, turmushni tanqidiy idrok eta olgan olijanob inson”, deya yuksak baho beradi.

Tarix solnomalarida qayd etilganidek, 1483 yilning 14 fevralida Andijonda dunyo­­ga kelgan Bobur mirzo 1494 yilda Farg'ona, 1497 yilda Movarounnahr, 1504 yilda Kobul, 1507 yilda Kandahor, 1511 yilda Samarqand,  1526 yilning 30 aprelidan esa Hindistondagi boburiylar sulolasi hukmdori edi. Bobur tuzgan buyuk boburiylar imperiyasi qariyb uch yarim asr mobaynida hukm surdi.

Buyuk siymo shaxsiyati va ijodiyotining fidoyi tadqiqotchilaridan biri Annet Beverijning ta'rifiga ko'ra: “Bobur mirzo barlos turklariga mansub bo'lib”, Farg'ona podshohi Umarshayx mirzoning o'g'li, Sulton Abu Said mirzoning nabirasi, Sulton Muhammad mirzoning chevarasi, Mironshoh mirzoning evarasi va buyuk Sohibqiron Amir Temur hazratlarining abirasi, onasi Qutlug'nigorxonim esa Chingizxonning avlodlaridan bo'lgan.

Bobur o'zining “Boburnoma” asarida: “Men Samarqandni olganimda o'n to'qqiz yoshda edim. Na ko'p ish ko'rib edim, na taj­ribam bor edi. Ikkinchisi shuki, mening g'animim Shayboniyxondek tajribali, ko'p ish ko'rgan va ulug' yoshli kishi edi. Uchinchisi shuki, bizga Samarqanddan hech kishi kelmasdi. Agarchi shahar xalqi menga nisbatan ko'ngillik bo'lsalar-da, biroq Shayboniyxonning qo'rqinchidan hech kishi bu xayolni qila olmas edi”, deb yozgan edi. (“Boburnoma”. Toshkent. “O'qituvchi”, 2018 yil, 148-bet).

Bobur “Boburnoma” asarini “Tang­­ri taoloning inoyati va koinot sarvari bo'lgan hazrat Rasuli akramning shafoati, pokko'ngil chahoryorlarning himmati bilan seshanba kuni, ramazon oyining beshinchisida, sakkiz yuz to'qson to'qqizinchi yili Farg'ona viloyatiga o'n ikki yoshimda podshoh bo'ldim”, deb boshlagan. Jahon tarixidagi eng buyuk saltanatlardan biri bo'lgan, bir necha asrlar davomida dunyo xaritasidagi salmoqli hududni birlashtirgan sulolaning yulduzli onlari ham, judolik dog'lari ham ko'p edi.

Bobur nomidagi xalqaro ilmiy-ekspeditsiya raisi Zokirjon Mashrabov boshchiligida mustaqillik yillarida jahonning o'ttizga yaqin mamlakatlariga safarlar uyush­­tirilib, shoh va shoir hayoti, ijodi, adabiy merosi bilan bog'liq keng ko'lamli ishlarni uddaladi. Safarlar chog'ida nafaqat Bobur mirzo, balki ona zaminimizning faxr-iftixoriga aylangan bosh­­qa ko'plab buyuk zotlarning ilmiy, adabiy merosi ham izlandi, so'nggi manzillari ziyorat qilindi va kerakli o'rinlarda qayta ta'mirlandi.

Ilmiy ekspeditsiya xorij safarlaridan yuzlab noyob qo'lyozmalar, nodir kitoblar, betakror osori-atiqalarni yurtimizga olib keldi. Xalqaro jamoat fondi Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylarga oid noshirlik ishlarini ham bajarmoqda. Akademik A.A'zam bosh muharrirligida 2014 yilda chop etilgan “Bobur ensiklopediyasi” 2018 yili to'ldirilgan nusxada qayta nashr etildi. Fond Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, “Mubayyan”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, “Bobur abadiyati” (jamoa to'plami), Xondamirning  “Habib us-siyar”, taniqli ingliz adibi Rumer Godenning “Gulbadan”, amerikalik sharqshunos adib Harold Lambning “Bobur — yo'lbars”, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma”, Vilyam Rashbrukning “O'n oltinchi asr bunyodkori”, Samyuel Borkning “Akbar — boburiylarning eng buyugi” va yana bosh­­qa o'nlab noyob kitoblarni hamda o'z adiblarimiz va xorijlik mualliflarning o'ttizdan ortiq yangi asarlari, romanlari, monografiyalarining chop etilishiga erishdi.

Bobur siymosi keyingi yillarda yuksak qadr-qimmatini topmoqda. Andijondagi Bobur nomidagi milliy bog'da “Bobur va jahon madaniyati” ekspozitsiyasi, shoirning ramziy maqbarasi bunyod etildi. Ulug' vatandoshimizga muhtasham haykallar o'rnatildi.

— Buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomini ulug'lashga, uning nomi bilan bog'liq qadamjolarni obod qilishga, bebaho asarlarini o'rganish, boshqa tillarga tarjima etishga, yosh avlod qalbida shu zot hamda boshqa ulug'larimiz shaxsiga ehtirom uyg'otishga zig'ircha hissa qo'shadigan har bir odamni boshimga ko'tarishga tayyorman, — deydi Bobur nomidagi xalqaro ilmiy-ekspeditsiya rahbari Z.Mashrabov. — Biz Bobur ilmiy-adabiy merosini puxta biladigan professional kishilarning qimmatli tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga, muhim yangilikka daxldor asarlarning dunyo yuzini ko'rishida yaqindan yordam berishga bel bog'laganmiz.

Yangiboy Qo'chqorov,

Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining Qoraqalpog'iston

mintaqaviy bo'limi rahbari, O'zbekistonda xizmat 

ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 5 =