Inson nomi mag'rur jaranglaydi yoxud haqiqiy erkak qanday bo'ladi?

Bolalik. Sen tengilar ertadan kechgacha stadionda to'pning orqasidan yugurgani yugurgan. Darsdan qaytishingda xohlaysanmi-yo'qmi, so'qmoq yo'l ularning yonidan o'tadi. “Oshir”, “O'ngdan o't”, “Jarima to'pini ber”, “Gol!” kabi qiyqiriqlar ichida parishon xayollaring bilan andarmon bo'lib yurganingda, ko'zlari senga tushadi:

—   Kel, qo'shil.

— Yo'q, darsim ko'proq edi. Ertaga imtihonim. Ona tilidan olimpiadaga…

Gaping bo'linadi. So'zingni tugatmasdan kamsituvchi ovoz yangraydi:

—  E-e-e, erkakmisan o'zi?!

O'yin davom etadi…

Adabiyot darsi. Ijodga bo'lgan mehring tufaylimi, asarlarni qunt bilan o'qib, she'r-u dostonlarni soatlab yoddan aytarding. Tabiatan o'g'il bolalar erinchoq bo'ladi. Sinfingdagi 20 nafar yigit qilmagan vazifani bir sengina bajarsang, qolganlar yonida hurmating yo'qoladi. “Erkakmasakansan!” degan ta'nani eshitmaslik uchun “Kemaga tushganning joni bir”, muallimadan dakki eshitasan va tabiiyki, ertasiga maktabdan chaqiruv xati keladi. Dadang uyning erkagi bo'lgani uchun bunday “mayda masalalar”ga aralashmaydi, majlis-u yig'ilish­bozliklar doim onangning chekiga tushgan. Bosh­­qa ota-onalar singari volidang ham ta'na-yu dashnomlarga ko'miladi, yuzing shuvit bo'lib, ko'zingda yosh miltillaydi, bo'g'zingga nimadir tiqiladi. Lekin yig'lolmaysan. “Falonchi erkak bo'la turib, yig'lab yuribdi”, deb ustingdan kulish­larini o'ylaysan-da, o'zingni tiyasan…

Qishloqdagi barcha yoshlar singari bolaliging yaylovda o'tgan. Doim bir xil xayot: tong saharlab uyqung ochilmasdan, sariyog' surilgan nonni “kavshab”, mollarni haydaysan, kechga qarab tog'dan endirasan. Tushgacha ukang boqadi, peshindan keyin sen. Maktabda dars vaqti shunday taqsimlangan. Yaylovda qishloqning eng oldi to'daboshilari qartabozlik qiladi. Ajralib qolmaslik uchun o'yinga tushunmasang-da, tomosha qilasan. Gohida kimlarningdir qistovida tengdoshlaring bilan janjallashasan, kurash tushasan. Kunda bir yering momataloq! Bu “mashg'ulot”lar senga yoqmasa-da, yo'q deyolmaysan: Erkaksan-da! Shom qorong'isida uyga kelasan va ovqat yeb-emasdan, uxlab qolasan. Yarim tunda uyqung qochadi. Dars tayyorlab, ilhom kelsa, qog'oz qoralaysan. Hayot shu zayl davom etaveradi…

Talabalik — umrning “oltin muammo”larga boy zanglamas davri. Kursdosh­laring kunda bir mashmasha o'ylab topadi: tungi klub, qahvaxona, restoran, bouling, futbol… Senga esa tinchlik kerak. Ular hordiqni turli ko'ngil­ochar mas­kanlardan izlasa, senga “bir burda osoyishtalik” kifoya. Hech kim halal bermasa! Buni tushuntirolmaysan-da xohlab-xohlamay ularga ergashasan. Bazm avjida telefoning ona haqida kuy chalib, jiringlaydi. Ekranga “Jannatim” degan yozuv chiqadi. Javob bermaysan…

Universitet yotoqxonasidan joy tegmadi. Peshonada yozilganiga shukr qilib, ijara­ma-ijara ko'p sang'iding. Har oy suvi tez oqadigan soyga o'rnatilgan charxpalakday ijara pulini berish vaqti aylanib kelaveradi: uy egasining nomini eshitsang, ko'z oldingga quruq cho'ntakni qo'llaring bilan ko'rsatgancha so'ppayib turgan qiyofang keladi… Shunday “oltin kunlar”ning birida xususiy nashriyotdan yotoq va yeb-ichishi mavjud ishning daragini eshitasan. Yo'nalishingga mos sohadan ish topilganidan quvonasan va boshliq bilan maosh, qolaversa, yashash sharoiting, yeydigan ovqating haqida kelishmasdan, ortiqcha bahs-munozaraga bormasdan (“Axir, erkaksan”) nima de­yishsa xo'p deb, boshingni xam qilib turaverasan: yetkizganiga shukur!

“Biz hali oyoqqa turamiz”, “Elkamiz oftob ko'radi”, “Korxonamiz rivojlanib ketadi”, “Ish boshqaruvchim bo'lasan”… kabi oxiri yo'q va'dalarga uchib, zax va qog'oz, bo'yoq hidi burqsigan nashriyotda uch oy (q)ishlading. Cho'ntaklaring rahmatga, universitetda jurnaldagi isming to'g'risidagi bo'sh katakchalar esa “NB”ga to'ldi. Sen erkak bo'lganing va boshlig'ing erkakligi uchun chidading, tishni tishga qo'yib, sabr qilding… Tinmay ishlading, haqqing — “Biz rivojlanib ketamiz”, “Seni rahbar qilaman”, “Ish boshqaruvchim bo'lasan”…

Xo'sh, erkak so'zining ma'nosi nima o'zi? Bu jumlaning tub mohiyatida kim mujassam-u, odamlar uni niqob qilib, ortiga kimni yashiryapti? Bobong haqiqiy erkak oilasining chinakam qalqoni, farzand­larining “qahramon”i bo'ladi, derdi. Senga do'stining yordamga muhtojligini ko'zidan sezadigan, qo'lidan kelmaydigan ishga va'da bermasdan, gapining ustidan chiqib, jamiyatda bir qadam oldinda yuradigan mukammal inson erkak, deb uqtirishgan. Bolangning egnida ki­yimi yo'q, oilang qotgan nonni suvga ivitib yeyayotgan bir sharoitda qo'shningning o'g'li velosipedini minib, chokokrem surilgan shirmoy nonni ko'z-ko'z qilgancha uyingga kelganini ko'rganing — yigitning singani bo'ladi!

Qishlog'ingda “Erkak yozda ishlamasa, sigir qishda o'ladi” naqliga amal qilib, tengdoshlaring kabi og'ir-u yengil mehnat bilan birga ulg'aygansan. Shaharga o'qishga kelib, har xil joyda ijara turding, turli odamlar bilan qo'shni bo'lib, suhbatini olding. Ularni ko'rib, beixtiyor o'zingga g'uldiraysan: “Chopon kiygan har kishi erkak bo'lavermaydi!”

Inson nomi mag'rur jaranglaydi. Har gapning birida erkak so'zining siyqasini chiqarayotgan ayrim “erkak”larga “Erkakmisan?”, deging keladi. Haqiqiy erkakka qilich tig'idan so'z tig'i o'tkirroqdir.

Abdulaziz Ahmedov,

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti

talabasi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =