Lavozimidan voz kechgan sayyoh yoki Amerikani Amerigo nomlaganmi?

Olam va odam

Kolumbda bor alamim manim,

O'zbekiston vatanim manim…

Abdulla Oripov

Amerikaning kashf etilishi deganda, albatta, ko'z oldimizga buyuk sayyoh Xristofor Kolumb keladi. Ammo taqdirning o'yinini qarangki, X.Kolumb o'zi kashf etgan yerlarni Hindiston deb o'ylab, hech bir asarida “Yangi dunyo” deb atamagan. Yangi qit'ani nomlash esa buyuk sayyohning zamondoshi, florensiyalik Amerigo Vespuchchining zamondoshlari chekiga tushgandi. U Kolumbdan keyin qadami yetgan bepoyon yerlarni xotira daftariga yozar ekan, bitiklarida butunlay yangi zaminni ta'riflagan edi…

Amerigo Vespuchchi 1454 yil 9 mart­da Italiyaning Florensiya shahrida tug'ilgan. Uning amakisi Gvido Antonio Vespuchchi 1478-1480 yillarda Florensiyaning Parijdagi elchisi edi. U amakisining taklifi bilan elchixonada faoliyat olib boradi. Ammo qismatni qarangki, Fransiyaga turli mamlakatlardan kelgan elchilar bilan muloqotlar chog'ida yosh Amerigoda uzoq o'lkalarga sayohat qilish orzusi uyg'onadi.

A.Vespuchchi o'z orzusini amalga oshirish uchun lavozimidan bo'shab, Ispaniyaning Sevilya shahrida joylashgan florensiyalik J.Berardining savdo uyiga xizmatga kiradi. J.Berardining vafotidan keyin, ya'ni 1495 yilda A.Vespuchchi savdo uyi rahbari vazifasini egallaydi. Ispan hukumati 1495 yilda X.Kolumb bilan aloqalarini to'xtatgach, A.Vespuchchi Hindistonga ekspeditsiyaga jo'naydigan kema ta'minoti huquqini qo'lga kiritadi.

Sayyohning ilk safari Ispaniya qiroli Ferdinand Argonskiyning ruxsati bilan 1497 yilning 10 ma­yida boshlangan.

Ammo birinchi urinish natija bermaydi. Yetarli isbot va dalillar bo'lmaganligi bois, yuqori doiradagi odamlar ekspeditsiyaning yangi qit'aga yetib borganiga shubha bilan qaraydi.

1499 yil 20 mayda Amerigo Vespuchchi, yangi zaminga borganligini isbotlash uchun, Ispaniyaning Kadis shahri yaqinidagi Puerto De-Santa-Mariya portidan yana sayohatga jo'nashga majbur bo'ladi. Ekspeditsiya X.Kolumb tomonidan 1498 yil oktyabrda tuzilgan yangi xarita asosida Surinam qirg'oqlariga yetib borib, shimoliy keng­likni o'rganib chiqadi. Ammo bu ham unga omad keltirmaydi.

A.Vespuchchi navbatdagi safarini 1500 yilning oxirida, Portugaliya qiroli Manuel taklifiga binoan, ushbu mamlakat bayrog'i ostidagi kemalarda, Lissabon qirg'oqlaridan yangi dunyoga uyushtirilgan sayohatda ishtirokidan boshlaydi.

U ekspeditsiyada kosmograf, kartograf va kema boshqaruvchisi sifatida qatnashadi. Faqatgina Braziliya qirg'oqlarining katta qismi o'rganilgan ikkinchi ekspeditsiyadagina, u kemaga qo'mondonlik qilgan.

Garchi u 1508 yil martda navbatdagi sayohatda bosh kema boshqaruvchisi etib tayinlangan bo'lsa-da, to'plagan ma'lumotlari yangi qit'a haqida yetarli tushuncha bermasdi. X.Kolumb Janubiy Amerikadan qidirgan oltinni ham topolmaydi. Eng muhimi, yangi zamin Hindiston emasligini, balki butunlay o'rganilmagan, Yer sharining yangi bo'lagi ekanligini sayyoh A.Vespuchchi do'stlariga yozgan xatlarida va o'z xotira daftarida bitgan edi. Lekin “Yangi yer”­ga baribir yangicha nom o'ylab topilmaydi. U 58 yoshida Sevilyada vafot etadi. Uning shuhrati shundan keyin dunyoga yoyiladi…

Amerigo Vespuchchining taniqli shaxs­larga yozgan xatlari, xotira daftari — buyuk sayyohdan qolgan yagona yozma esdaliklari haqida do'sti Lorensio Di-Perfranchesko Del-Medichi geografik kashfiyotlar ishqibozi bo'lgan Lotaringiya qiroli Renega aytadi. Shunday qilib, Rene ko'magi bilan  sayyohning bitiklari Florensiyada ilk bor kitob bo'lib nashr etiladi.

Shu tariqa, kitob savdosi bilan shug'ullanuvchi Iogann Ottmar savdoda mo'may daromad keltirayotgan nav­batdagi “Uchinchi sayohat” kitobini chop etishga qiziqib qoladi. Va ommani o'z nashriga yanada jalb etish uchun “Yangi dunyo”ni A.Vespuchchi nomi bilan “Amerigo yeri” deb ataydi…

Zamondoshlarining ta'rifiga ko'ra, A.Vespuchchi halol, juda zakovatli va kuzatuvchan kishi bo'lgan. Hatto X.Kolumb ham o'limidan oldin, sayyohlikka o'ta ishqiboz o'g'liga A.Vespuchchini halol va ishonchli shaxs sifatida ta'riflab, u bilan birga ishlashni tavsiya etgan ekan.

Shirin Madaminova,

Urganch tumanidagi 3-umumta'lim

maktabining geografiya fani o'qituvchisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =