Ona xotirjam, bola esa…

yoki go'daklar salomatligi va tarbiyasiga salbiy ta'sir qilayotgan “qulaylik”

Inson tani va qalbini pok tutmoqni ulug' Navoiy hazratlari qisqa va lo'nda ifoda etadilar:

Kamol et kasbkim, olam uyidin,

Senga farz o'lmag'ay g'amnok chiqmoq.

Jahondin notamom o'tmak — biaynih,

Erur hammomdin nopok chiqmoq.

Demak, inson hammomda tanini poklasa, ma'naviy yetuklik ila qalbini poklar ekan. Agar yetuklikka erisholmay jahondan notamom o'tsa, bu bayni hammomga kirib, nopok holda chiqmoq kabidir, deydi ulug' bobomiz.

Ma'lumotlarda keltirilishicha, birgina qo'lni yuvmasdan ovqatlanishning o'zidan dunyo bo'yicha necha minglab odamlar hayotdan turli kasalliklar orttirgani holda ko'z yumar ekan. Sog'lom inson — tabiatning bebaho ne'mati, uni ta'minlovchi jismoniy va ruhiy pok­likning ahamiyati esa bebaho, beqiyos. Naqlda aytilishicha, ota-ona o'z farzandiga yaxshi tarbiyadan afzalroq boylik qoldira olmaydilar. Demakki, yaxshi tarbiyadan afzal boylik yo'q va yaxshi tarbiyali farzand ota-ona saodatidir.

Bola tarbiyasi haqida gap ketar ekan, ko'pchilikka ma'lum va mash­hur bo'lgan qadimgi bir hikoyat yodga tushadi: bir yosh ota-ona farzandi tarbiyasini barvaqt boshlab, uni kelgusida komil inson etib voyaga yetkazish maqsadida donishmandning oldiga olib bordi. Donishmand ona qo'lidagi chaqaloqqa qarab, uning necha oylik bo'lganini so'radi. Ota go'dagi hali juda kichik, tug'ilganiga endigina yetti oy bo'lganini va uni tarbiya­lash haqidagi niyatini aytadi. Shunda keksa donishmand afsus bilan bosh chayqab, bolani tarbiyalashda yetti oy kech qolibsizlar degan ekan.

Zamonaviy ilm-fan va pedagogika ham bu hikmatni aslo rad etmaydi, aksincha, uni yanada rivojlantirib, chuqurlashtirgan holda, tarbiyani bola ona qornidayoq boshlash lozimligini ta'kidlaydi. Aytishlaricha, ona qornidagi go'dagiga yaxshi niyatlar, ezguliklarni sing­dirib borishi, mehr-oqibat, halollik, mardlik haqida ertaklar aytib berishi, mumtoz kuy-qo'shiqlarni eshittirishi lozim ekan. Ona homiladorlik davrida qattiq asabiylashishi, yomon odatlardan, o'zaro janjallardan ti­yilishi kerak bo'larkan.

Shu o'rinda bolalar tarbiyasidagi bir jihatni aytib o'tish zarur, bu chaqaloqlar va yosh bolalar tagliklari, ya'ni pamperslar reklamasi xususidagi gap. Kundan-kunga ko'payib ketayotgan bolalar tagliklari — pamperslar reklamasiga bir e'tibor bering-a: “LaLaku”, “Man­kens”, “Jonny”… va bosh­qalar. Avvalo, yosh onalarga yaratilayotgan qulaylik, orastalik juda yaxshi, albatta. Bu hayotiy zarurat ekanligi ham haqiqat. Bir qarashda bu — orastalik zamonaviy tarbiyadek ko'rinadi.

Chunki, hozirgi pamperslar bolaga ham, onaga ham katta qulaylik yaratadi, bola bir necha soatlab, hatto kun bo'yi va yana tun bo'yi bitta pampersda yurishi, uxlashi, o'ynashi mumkin. Bundan ham yaxshisi bo'lishi mumkinmi, deya o'ylab qolasan. Ammo aynan mana shu holat, aniqrog'i, bu qulaylikni sui­iste'mol qilish bolaning tabiiy ehtiyojini ifoda etish instinkti­ni yo'qqa chiqara boradi. Boshqacha aytganda, bolaning tarbiyasi shu orqali buziladi. “LaLaku”lar targ'iboti natijasida bolani “to'sib olish” tarbiyasini mutlaqo buzib yubormoqda. Axir reklamaga bir qarang: bola “LaLaku” bilan qadam tashlayapti. Bola o'zi tengi qizga “LaLaku” to'la qutichani katta zavq bilan sovg'a qilmoqda va qiz esa uni hayrat va mamnuniyat bilan qabul qilib olmoqda. “Mankens” tagliklarini kiyib olgan bolalar futbol o'ynayaptilar va… “Mankens”li qiz xuddi shu “forma”da darvozada turgan bolaga gol urmoqda. “Shunaqa bo'ladi!”, deya pisanda qilib  qo'yyapti ham. Mana pampers­lar kuchi, rag'bati!!!

Ammo allaqachon axlatga to'lib bo'lgan “to'rva-xalta”ni ko'tarib yurgan bola holatidan ona shod, baxtiyor. “LaLaku”: xotirjam bola — xotirjam ona! Bola ham odamcha, u ham faqat og'iz-burnidan emas, balki badani orqali ham nafas olishi kerak.

Aslida bu holat bolaning ham, onaning ham tarbiyasini buzishdan boshqa narsa emas-ku! Bu ahvolda bola ertaga uncha-muncha nopoklikdan hazar qilmaydigan kimsa bo'lib voya­ga yetmaydimi?

Masalaning yana boshqa jihati ham bor. Bu matohlar bola salomatligiga mutlaqo bezararmi? Unday emasdir-ov!.. Qolaversa, pamperslar ayniqsa, o'g'il bolalar uchun zararli ekanligi haqida eshitganim bor. Unday bo'lsa, onaning uzoq vaqt davom etadigan xotirjamligi (aslida, bu — tarbiya­sizlik va dangasalik) ostida nima yotibdi ekan?

Shu o'rinda fikrimizni mutaxassis fikri bilan asoslab o'tsak, yana ham o'rinliroq bo'lar edi.

— Men 27 yil bolalar bog'chasi (hozirgi maktabgacha ta'lim muassasasi)da enaga bo'lib ishladim, — deydi nurafshonlik Zoya opa Mirzaqulova. — Bilganim, doimiy ravishda pampersda yuradigan bolalar tuvakni aslo xushlamaydilar. Eng yomoni — bunday bolalarning tabiiy ehtiyojga reaksiyasi sustlashadi. Shu sababli ham oiladagi 5 nafar nabiramning hammasini tuvakka o'rgatganmiz. Lekin zarur holatlarda pamperslardan ham foydalanamiz, albatta. Ammo unga ruju qo'ymaslik kerak. Shubhasiz, bolalar tagliklari ona va bola uchun zamonaviy qulayliklardan biri hisoblanadi. Ammo hamma narsada ham me'yor bo'lmog'i kerak.

— Aytaylik, chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalar uchun bu vosita juda asqotadi, lekin undan kerakli payt­lardagina foydalanish zarur. Katta yoshdagi bolalar uchun undan foydalanish aslo to'g'ri emas. Qolaversa, pamperslardan vaqti-bemahal foydalanaverish inson tanasiga zarur bo'lgan tabiiy havo almashish jarayonini buzadi va har xil toshmalar toshishiga sabab bo'lishi mumkin. Bundan-da yomoni, tagliklar vujudga keltiradigan bo'g'iq sharoit o'g'il bolalarda moyaklar rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Bu esa keyinchalik salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas, — deydi urolog-shifokor, O'zbekiston sog'­liqni saqlash a'lochisi Abdukarim Ulug'xo'jayev.

Ajdodlarimiz nima uchun bola tarbiyasida beshikka alohida e'tibor berishgan? Chunki bola sog'lom va pokiza o'sishi, uning badaniga najosot tegmasligi uchun mana shunday oqilona yo'l tutilgan.

Yana bir gap: bu pamperslar chiqindisi o'tda yonmaydi, suvda cho'kmaydi. Endi ba'zi xonadonlardan haftasiga qoplab chiqadigan chiqindilar uyumini tasavvur qilavering. Mahallalarning pana-pastqam joylarida, ariq-zovur bo'ylari, oqar suvlar va hatto katta ko'cha yoqalariga tashlab ketilgan pampers chiqindilari bot-bot ko'zga tashlanadi. Shu havodan o'zimiz nafas olamiz, havo toza bo'lsa tanimiz sog'­lom, ruhimiz tetik bo'ladi.

Shunday ekan, tarbiyada mayda va arzimas narsalar bo'lmaydi.

Ma'murjon Bozoraliyev,

jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =